Kusherboyev “zapravka”ga qarshi yoxud naqd pul taqiqini sud qanday baholaydi?
Tahlil
−
27 may 8066 2 daqiqa
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi maslahatchisi Rasul Kusherboyev yonilg‘i quyish shahobchasida naqd pulda to‘lov qabul qilinmagani ortidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga murojaat qildi. Bugun, 26 may kuni mazkur ish bo‘yicha ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. QALAMPIR.UZ muhbiri mazkur sud jarayoniga qatnashdi.
Kusherboyevning da’vosi AYOQSHlarda va boshqa tadbirkorlik ob’ektlarida faqat karta yoki elektron to‘lov emas, balki naqd pul orqali ham hisob-kitob qilish imkoni bo‘lishi kerakligiga qaratilgan.
Sud majlisida da’vogar tomon qo‘shimcha da’vo arizasi kiritdi. Unga ko‘ra, ma’naviy zarar sifatida 1 so‘m undirish so‘raldi. Raislik qiluvchi sudya Shaxnoza Ibragimova ushbu iltimosnomani qanoatlantirdi.
Javobgar tomon “Las and Group” MCHJ vakili sudda onlayn to‘lov tizimini o‘z tashabbusi bilan joriy etmaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan naqd pulda savdo qilmaslik qat’iy talab qilingan va bu bo‘yicha rozilik xatlari ham olingan.
Shuningdek, MCHJ vakili naqd pul qabul qilish uchun mo‘ljallangan kassa tizimi Soliq qo‘mitasi tomonidan bloklanganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, tadbirkor xohlagan taqdirda ham naqd pul orqali savdo qilish imkoniga ega emas.
Kusherboyev vaziyatga oydinlik kiritish va masalaga xolis baho berish maqsadida bir qator davlat idoralari vakillarini sudga chaqirishni so‘radi. Xususan, O‘zenergoinspeksiya, Soliq qo‘mitasi, Biznes-ombudsman hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan ushbu holat yuzasidan izoh berish uchun vakil chaqirtirish so‘raldi.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 10 dekabrdagi PF-246-son qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan boshlab AYOQSHlar orqali neft-gaz mahsulotlari sotish va elektromobillarni quvvatlash xizmatlari faqat bank kartasi yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Sudya Shaxnoza Ibragimova mazkur iltimosnomani qanoatlantirib, sud majlisida tanaffus e’lon qildi. Navbatdagi jarayon 3 iyun kuniga belgilandi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi