Kusherboyev qarshi chiqqan byudjet qanday qabul qilindi?

Jamiyat

Joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlangan edi.

Biroq 23 dekabrdan 24 dekabrga o‘tar kechasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda uning ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qaror imzolangani haqida Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Farmonga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan, vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish bo‘yicha taklif ma’qullangan.

Shuningdek, jami 12 ta davlat boshqaruvi organi butunlay tugatilishi nazarda tutilgan bo‘lib, ularning 9 tasi agentliklardir.
Deputatlar tomonidan tasdiqlangan “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunda esa har bir vazirlikka, boshqa davlat idoralariga ajratiladigan mablag‘lar belgilangan edi.

Natijada endi “vazirliklarga va tugatilayotgan agentliklarga ajratilgan milliardlar, trillionlar nima bo‘ladi?”, degan savol jamoatchilikda paydo bo‘ldi. 

Bu savolga esa javobni 26 dekabr kuni Xalqaro press-klubda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani davomida Moliya vaziri o‘rinbosari berib o‘tdi.

“Davlat byudjetini rostdan ham Parlamentga kiritilganda, muhokamalardan o‘tganda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi avvalgi struktura bo‘yicha qabul qildi. Albatta, 2023 yilning byudjeti bo‘yicha qonunga o‘zgartirishlar kiritiladi. Chunki har bir vazirlikka ajratilayotgan mablag‘lar davlat byudjeti qonuniga ilova sifatida deputatlar tomonidan tasdiqlandi. Bu yana o‘sha deputatlar tomonidan yangi tahrirda ko‘rib chiqiladi”, deydi vazir o‘rinbosari.

Lekin oradan bir kungina o‘tib byudjet to‘g‘risidagi qonun Senatda muhokama qilindi va xuddi deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlangani kabi senatorlarimiz tomonidan ham bir ovozdan ma’qullanib yuborildi.

Qonun tahrir qilinmay turib, deputatlar muhokamasiga qayta qo‘yilmasdan Senatga taqdim etilgan.

Xullas, Moliya vaziri Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, 2023 yilda davlat daromadlari 232 trln so‘m bo‘lsa, xarajatlari 257 trln so‘mni tashkil qiladi.

"Ijtimoiy sohalar tarkibida asosan, ta’lim sohasiga 58,4 trln so‘m ajratilib, shundan 37 trnl so‘mi xalq ta’limiga, 11 trln so‘mi Maktabgacha ta’limga, 10,4 trln so‘m Oliy va o‘rta maxsus ta’limiga yo‘naltiriladi.
Jumladan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga davlat byudjetidan 2 trln 259 mlrd so‘m subsidiya ajratish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash uchun 920 mlrd so‘m, OTMga davlat granti asosida kvotalarni oshirish maqsadida 984 mlrd so‘m, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi talabalarga bilim olish va teng sharoit yaratish maqsadida ta’lim krediti uchun byudjet resurslari 1700 mlrd so‘m, talabalar turar joylarini barpo etish va unda yashayotgan har bir talabaga subsidiyalar ajratishga 284 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilgan”, degan Ishmetov.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasiga 28,4 trln so‘m ajratilishi nazarda tutilgan.

“Bunda 2785 mlrd dori-darmon harajatlariga, 200 mlrd so‘m bolalarni vaksinatsiya qilish uchun, 138 mlrd so‘m onkologiya yordamini takomillashtirish uchun, 20,4 trln so‘m ish haqlari va ijtimoiy soliqlarga, 2,6 trln so‘m boshqa joriy xarajatlarga ajratiladi”, deya ma’lumotlar bilan bo‘lishdi vazir.

Qolaversa, ijtimoiy nafaqalar va ijtimoiy ta’minot uchun 33,1 trln so‘m ajratiladi.

Hududlarni va tarmoqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish xarajatlariga esa 3 trln so‘m ajratiladi.

Xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga davlat byudjetidan 6 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Masalan, magistraturada o‘quvchi xotin-qizlarning kontrakt pulini qoplab berish davlatga 200 mlrdga tushishi mumkin.

Bundan tashqari, qonun bo‘yicha kelgusi yilda O‘zbekistonning 19,179 trln so‘m miqdoridagi davlat tashqi qarzining asosiy qismini qaytarish nazarda tutilganini aytdi.

Lekin, Timur Ishmetov mamlakatning daromadlari uning xarajatlaridan kamligi uchun yetmayotgan 56,4 trln so‘mning katta qismini tashqi qarz olish evaziga qoplashni taklif qilmoqda.

Ya’ni 2023 yilda davlat tashqi qarzining 19 trln so‘m qismini to‘laymizu, 23,8 trln so‘m miqdorida yana tashqi qarz olamiz.

Shuningdek, yetmayotgan pulni qoplash uchun 17 trln miqdorida ichki qarz olishimiz ham mumkin.

“Hurmatli senatorlar, xabaringiz bor Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini imzoladi. Mazkur farmon bilan 2023 yil 1 yanvardan mustaqil faoliyat yurituvchi ijro etuvchi organlarining sonini amaldagi 61 tadan 28 taga, 25 ta vazirlikni esa 21 tagacha qisqartirilishi nazarda tutilgan.
Tabiiyki muhokama qilinayotgan davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida mazkur ma’muriy islohatlar nazarda tutilganmi, degan savol paydo bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu farmon ijrosini ta’minlash uchun qayta tashkil etilayotgan respublika ijro etuvchi organlarining faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari asosida ularning tuzilmalari, vazifa va funksiyalarini aniq belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanmoqda. Ular tasdiqlangandan so‘nggina respublika ijro etuvchi organlarining saqlash xarajatlariga aniqlik kiritilib, qo‘shimchalar kiritiladi”, deya ta’kidladi Ishmetov.

Bunda shu islohotlar natijasida bo‘shaydigan byudjet mablag‘lari Prezident topshiriqlariga asosan ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi. 

“Bundan tashqari vazirlik va idoralarning o‘rta muddatli rivojlantirish dasturlarida belgilangan maqsadlariga erishish ko‘rsatkichlari va indikatorlari ushbu vazirlik va idoralar to‘liq tashkil etilganidan so‘ng tasdiqlanishi kutilmoqda”, deb qo‘shimcha qildi u.

Keyin esa Oliy Majlis senati raisi Tanzila Norboyeva bu qonunning muhokama qilinishini hozirgi mavjud vaziyat bilan izohlab, yangi hukumat tarkibi to‘liq o‘zgarishlar jarayonidan o‘tganidan so‘ng bu mavzuga yana qaytilishini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

226

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made