...ko‘ngil aynimoqda! – Xurshid Davron
Tahlil
−
09 iyul 2019
79722012 yilda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibida Prezident farmoniga ko‘ra tashkil etilgan “Madaniyat va ma`rifat” telekanalining faoliyatidan ko‘zlangan maqsadlar yuksak edi. Men ayni o‘sha kunlar telekanal faoliyatini tashkil etishda bevosita ishtirok etganimdan faxrlanaman.
Ish boshlaganidan ko‘p o‘tmay kanal xalqimizning nazariga tushdi. Kanal ko‘rsatuvlari teleradiokompaniya tarkibidagi boshqa kanallar ko‘rsatuvlaridan alohida ajralib turgani yaqqol ko‘rinib turardi. Bu kanalda faoliyat yuritgan ijodiy jamoa tarkibida telekanal maqsadi va vazifalarini teran anglagan jurnalistlarning faoliyati ko‘pchilikning diqqatiga sazovor bo‘lgani ham sir emas.
Hammasi yaxshi edi… Ammo, keyingi yillar “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining faqat nomigigina qoldimikan, degan xavotirdaman.
Bu xavotir sabablarini anglatish uchun 2019 yil mobaynida “Madaniyat va ma`rifat” telekanali efirlarida ko‘rganlarimni tahlil qilishga qaror qildim. Chunki, mulohazalarim mana shu ochiq faktlar bilan ko‘proq bog‘liq.
Yozib o‘tganimdek, o‘tgan qisqa vaqt davomida “Madaniyat va ma`rifat” telekanali o‘z o‘rni va auditoriyasiga ega telekanalga aylandi. muayyan yutuqlarga erishdi. Ammo ko‘rsatuvlarni kamida menchalik kuzatib boradigan tomoshabinlarning barchasiga yaxshi ma’lumki, telekanal hech qachon bugungi darajaga tushib ketmagan.
Yaqindan boshlab “Tundaliklar” ko‘rsatuvi efirga uzatila boshlandi. Haqiqatdan chiroyli nom, chiroyli yo‘nalish tanlangan. Ustoz Asqad Muxtorning “Tundaliklar”iga mos ravishda yaxshi suhbatlar bo‘ldi. Ko‘p davralarda bu ko‘rsatuv haqida e’tiroflar ham bo‘ldi. Katta-katta yozuvchilarimiz, olimlarimizning maqtovlari quloqqa chalindi. Ammo ko‘rsatuv shu qadar ko‘p efirga uzatildiki (adashmasam har kuni efirga uzatilgan vaqtlar ham bo‘ldi), suhbatdoshlarning ham saragi va puchagi bilinib qoldi. Bir o‘rta yosh xonanda yo o‘rtamiyona aktyor bilan bir soat davomida nimani gaplashish mumkin, axir? Ko‘rsatuv “Tundaliklar”mi, shunga mos ravishda suhbatdoshni taklif qilish, tomoshabinlarni sog‘intirib, haftada bir yo ikki marta efirga uzatishsa bo‘lmasmikan, deb o‘yladim.
Yaqinda noma’lum bo‘lgan sababga ko‘ra – ruscha olib boriladigan ko‘rsatuvlar paydo bo‘ldi. Ularning birining nomi: “O‘zbekona o‘zlik”. Ko‘rsatuvning ruscha olib borilishi va unga atay qilganday “O‘zbekona o‘zlik” deb nom qo‘yishning o‘ziyoq telekanalning ayni paytdagi achinarli ahvolidan dalolat berib turibdi. Ruscha olib boriladigan ko‘rsatuvni bunday nomlash borib turgan nodonlik bo‘lsa, aslida buning ma’naviy fojea ekanligini anglamaslik, aksincha, shunga ochiq-oydin yo‘l qo‘yish, tomoshabin ko‘z o‘ngida shu ishning egasi, qahramoni sifatida namoyon bo‘lish – telekanal uchun sharmandalikning o‘zginasidir. “Madaniyat va ma`rifat”ning “tanlagan” ko‘rsatuvini, tanlagan nomini qarang? Har qanday milliy til millat madaniyatining, ma’naviyatining, san’atining, qadriyatlarining onasi sanaladi. Milliy qadriyatlarimiz, san’atimiz va madaniyatimiz nomidan ish ko‘radigan telekanalda Ona tiliga munosabat shumi?! Ushbu ko‘rsatuv davlat tili haqidagi qonunimizning o‘ttiz yilligiga qilingan tuhfami?! Bu savolni telekanalning chuchmal nomdagi yangi ko‘rsatuvlaridan biri bo‘lmish “Saralangan sanalar”ida ko‘ndalang qo‘yishga to‘g‘ri keladi! Bunday jimjimador nomlar nega kerak bo‘lib qoldi? “Saralangan sanalar”, “Tafakkurdan tomgan tomchilar” “Madaniy termin”. Darvoqe, “termin” so‘zi o‘zbekchaga “atama” deb tarjima qilinishini ham eslatib qo‘yish kerak. “Madaniy” degan so‘zning yonida o‘zbekcha muqobili mavjud bo‘lgan ruscha so‘z tursa yaxshimas-da. Telekanalda ona tilimizga bag‘ishlangan birorta ham loyiha yo‘q. MTRKda mana shu ochiq faktni oddiy bir ziyoli sifatida tahlil qilib ko‘radigan tayinli rahbar ham yo‘q, shekilli… Axir, har qanday mafkuraning asosi eng avvalo, Ona tili hisoblanadi-ku?!
MTRKdagi beboshdoqlik shu darajaga yetdiki, shu yildan boshlab kompaniya kanallarining deyarli barchasida rus tilida olib boriladigan ko‘rsatuvlar paydo bo‘ldi. Bu “bo‘tqa”ning paydo bo‘lishini aslo tushunmayman, buni kim “o‘ylab topgan bo‘lsa”, u o‘ta farosatsiz odam deb bilaman.
Haqiqatan ham rus tilida ko‘rsatuvlar zarurati mavjud bo‘lganida teleradiokompaniya rahbariyati xalq bilan muloqot qilib, surishtiruv o‘tkazib buning nechog‘lik zaruratini aniq bilib olishi, bu zaruratning sabablarini ochiq-oydin jamoatchilikka ma’lum qilishi kerak edi. Kuni-kechagina bir necha ona tilimizga bepisandlik qilib, rus tilini davlat tili darajasiga ko‘tarishga bo‘lgan kimsalar urinishiga jamoatchilik qanday javob berganini yaqqol ko‘rdik-ku, axir! MTRKda yuzaga chiqqan bu holat aslida Ona tilimizga, Davlat tiliga qaratilgan o‘sha bepisandlikni paydo bo‘lishiga xizmat qilmadimikin?
Mening bu mulohazamni rus tiliga qarshilik deb emas, Ona tilimiz himoyasiga qaratilganini anglashlarini istayman. Bu ishni mutlaq boshqacha tashkil etish lozim edi, ya’ni haqiqatan ham rus tilida ko‘rsatuvlar zarurati mavjudligi aniqlangan taqdirda, hech ikkilanmay to‘liq rus tilida faoliyat olib boradigan kanal tashkil qilish ma’qul bo‘lardi. Boshqa barcha kanallar (Men bu o‘rinda nafaqat MTRK tarkibidagi, qolgan barcha xususiy va nodavlat telekanallarini ham nazarda tutmoqdaman) faqat davlat tilida ishlashi shart deb belgilanishi lozim. Faqat shundagina Qonun bilan himoya qilingan Davlat tiliga bo‘lgan munosabat ijtimoiy ma’no topardi, faqat shundagina Ona tilimizning nurab yotgan mavqe’ining tiklanishiga xizmat qiladigan bosh omil himoyasi ta’minlangan bo‘lardi.
“Madaniyat va ma`rifat” konsepsion nuqtai nazardan juda ko‘p narsani qamrab olgan. Telekanalda ona tiliga bag‘ishlangan ko‘rsatuv yo‘q, “zato” (ya’nkim, MTRK rahbariyatining suyukli tili bilan aytganda), tibbiyotga bag‘ishlangani bor. “Bebaho boylik” nomli arzongarov ko‘rsatuvni tibbiy madaniyat haqidadir-da, deb o‘ylashingiz mumkin, lekin unda tibbiy madaniyat targ‘ibotidan asar ham topolmaysiz. Shunchaki, tibbiyotga bag‘ishlangan, xolos. Tibbiy madaniyatga bag‘ishlangan ko‘rsatuv bilan shunchaki tibbiyotga bag‘ishlanganini farqlab olish qiyin emas. Sohaning istalgan yo‘nalishida gapirilaveradi, bu intervyu beruvchilar uchungina juda qiziq va ahamiyatli bo‘lsa kerak. Bunaqa shaklsiz, yo‘rig‘i noma’lum ko‘rsatuvlarga nima uchun ehtiyoj tug‘ilganini shaxsan men anglolmadim. Nihoyat, buyam saviyaga borib taqaladi.
Yaqinda mana shunaqa chuchmal nom ostida yana bir ko‘rsatuv tashkil etildi: “Dilga tashrif”. Sal oldinroq ertalablari “Nonushta vaqti” ko‘rsatuvi ketardi, keyin u “Xush kayfiyat” deb o‘zgartirildi. (Adashmasam shunday. Ko‘rsatuvni ko‘rmaganim uchun nomini ham eslab qolmaganman) Ana shu “Xush kayfiyat” nomli tongi ko‘rsatuvda lablarini beautix qildirib (shishirib), “harir ko‘ylaklar”da chiquvchi uzunkiprik qizchalar endi boshqa ko‘rsatuvlarda paydo bo‘lmoqdalar. Bu tajribasiz, no‘noq boshlovchilarning dilimizga qilayotgan tashriflaridan ko‘ngil aynimoqda! Ularni qayerdan topib kelishgan? Telekanalning rasmiy badiiy kengashi yo‘qmi? Yo‘q bo‘lsa nega tuzilmaydi? Bor bo‘lsa, u qayerga qarayapti? – tushunish qiyin.
Biror bir shoir, rassom yoki haykaltaroshni oyiga besh marta ham efirga ketishi mumkinligini bir amallab hazm qilsa bo‘lar (Shoiralarimizdan birini oy davomida ana shunday ketma-ket berishdi), lekin aynan bitta boshlovchining bir kunda uch-to‘rtta ko‘rsatuvda ketma-ket chiqishini qanday “yutib” bo‘ladi. Darvoqe, bu telekanalmi yoki Youtube`mi?! Mana bu holga nima deysiz: bir kuni “Madaniyat yangiliklari”da chiqqan boshlovchi oradan bir soat o‘tar-o‘tmas, “Yaxshilik” ko‘rsatuvini olib boradi, yana bir soat o‘tmasdan, xuddi o‘sha boshlovchi “Dilga tashrif”da xonadonimizga uchinchi marta “tashrif buyuradi”. Uch soatning ichida-ya! Ajab, ushbu “Dilga tashrif” ko‘rsatuvida ketmaydigan mavzuning o‘zi yo‘q. Ammo, hammasi pala-partish.
Bugunga kelib “Madaniyat va ma`rifat” telekanali didsizlik, savodsizlik va farosatsizlik uyasiga aylangan, pul ilinjida millat bolalariga bakalajkaning qopqog‘ini yig‘dirib “maymun o‘ynatayotgan” telekanallar darajasiga tushib bormoqda.
Umrining 20 yildan ziyodini televideniyeda o‘tkazgan odam, telekanal tamal toshini qo‘yganlarning biri, qolaversa, millat ziyolilarining bir vakili sifatida telekanal uchun jon kuydiraman, uning tobora pastga qarab og‘ayotganidan qayg‘uraman.
“Madaniyat va ma`rifat” telekanalining maqsad va vazifalari uning tashkil etish davomida aniq belgilab berilgan. Gap bu vazifani amalga oshirishga qodir, layoqatli jamoani qayta tiklash, bu jamoa boshiga siyosatbozlikdan uzoq, jo‘rachilik, mahalliychilikdan yiroq, ona tilimiz ravnaqi uchun jon kuydiradigan, ma’rifatli va ma’naviyati yuksak rahbarlar turishi kerak.
P.S. Yana takrorlayman, umrimning yigirma yilidan ziyodi O‘zbekiston teleradio kompaniyasi kanallarida o‘tdi. Shu sababdan bu dargohda bo‘layotgan voqealarga, aniqrog‘i telekanallar faoliyatida ko‘zga tashlanayotgan ayrim kamchiliklarga beparvo bo‘lolmayman. Bu gaplarni yozayapmanu boshqa bir gap ongu shuurimda aylanadi. Bir paytlar bir donishmand kutilayotgan ijtimoiy o‘zgarishlar haqida gapirayotib, lo‘nda qilib aytgan edi: “Hamma gapni aytadigan kunlar keladi. Ammo, unutma, bo‘tam, o‘shandayam, bu gaplarni eshitadigan quloq topilmaydi…”
Xurshid Davron, jurnalist.
LiveBarchasi