“Kundalik” platformasi bilan bog‘liq bir qator talablar bekor qilindi – XTV

Jamiyat

image

Onlayn ta’lim davri yakuniga qadar “Kundalik” platformasi bilan bog‘liq bir qator cheklov va talablar bekor qilinadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot kotibi Laylo Rustamova ma’lum qildi.

XTV rasmiysi ota-onalarning Kundalik.com tizimiga farzandining uyga vazifasini joylashda qiyinchilikka uchrayotgani haqidagi savolga javoban Xalq ta’limi vazirligi ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda o‘qituvchi va ota-onalarga qulaylik tug‘dirish maqsadida masofaviy ta’lim davri yakuniga qadar elektron Kundalik platformasi bilan bog‘liq bir qator cheklov va talablarni bekor qilayotganini bildirdi.

Unga ko‘ra, endilikda o‘qituvchilar uyga vazifalarni o‘quvchi va ota-onalar bilan kelishgan holda Kundalik.com tizimi yoki istalgan boshqa ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yordamida qabul qilishlari mumkin. Bunda televideniye orqali efirga uzatilayotgan fanlar doirasida o‘qituvchilar tomonidan berilayotgan uyga vazifalar “Onlayn-maktab” televizion dasturi orqali efirga uzatilayotgan darslariga mos bo‘lishi lozim.

Uyga vazifa topshirilgandan keyin o‘qituvchilar tomonidan ularni baholash va qo‘yilgan baholarni Kundalik.com tizimiga yoki Kundalik.com joriy qilinmagan maktablarda bosma shakldagi sinf jurnallariga qo‘yish uchun 5 (besh) kun muddat beriladi.

Rustamovning qayd etishicha, Markaziy Osiyo bo‘ylab 25 yanvar kuni yuzaga kelgan blekaut sababli ko‘plab IT-kompaniyalar va uyali aloqa operatorlari ish faoliyatida uzilishlar yuzaga keldi. Bu jarayon Kundalik platformasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 yanvaridan boshlab Koronavirus infeksiyasining yangi shtammi bolalar va yoshlar o‘rtasida tarqalish xavfini oldini olish maqsadida respublikamizning barcha maktablarida ta’lim jarayoni bir oy muddatga onlayn shaklga o‘tkazildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

488

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing