Kumush narxi rekord darajada ko‘tarildi
Bu qiziq
−
20 dekabr 3025 2 daqiqa
Jahon bozorlarida qimmatbaho metallar ketma-ket haftalik o‘sishni namoyish etmoqda. Ayniqsa, kumush narxi rekord darajaga ko‘tarilib, investorlar e’tiborini yana bir bor ushbu metallga qaratdi. Bu haqda “Market Screener” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hafta oxiriga kelib kumush narxi unsiyasi uchun 67,45 dollarga yetib, tarixiy rekordni yangiladi. Spot kumush 2,6 foizga qimmatlab, 67,14 dollar darajasida baholandi. Natijada haftalik o‘sish 8,4 foizni tashkil etdi. Mutaxassislar buni kuchli investitsiya talabi va bozor taklifining cheklangani bilan izohlamoqda.
Shu bilan birga, oltin narxi ham o‘sish sur’atini saqlab qoldi. Spot oltin 0,4 foizga ko‘tarilib, unsiyasi uchun 4 347,07 dollarni tashkil etdi. Haftalik hisobda esa oltinning daromadi 1,1 foizga yetdi. AQSH oltin fyucherslari ham 0,5 foizga o‘sib, 4 387,3 dollarga baholandi.
“US Global Investors” kompaniyasining bosh treyderi Maykl Matousekning so‘zlariga ko‘ra, odatda oltin va kumush o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lsa-da, so‘nggi ikki oy ichida bozorda yetakchilikni aynan kumush qo‘lga olgan. Bunday holatda investorlar qisqa muddatli istiqbolda oltinni yana diqqat markaziga olib chiqishi mumkin.
Yil boshidan buyon kumush narxi 132 foizga oshdi, bu esa oltinning 65 foizlik o‘sishidan deyarli ikki barobar yuqori. “Blue Line Futures” kompaniyasi bosh bozor strategi Filipp Stribl buni ETF oqimlarining faolligi va chakana investorlarning spekulyativ harakatlari bilan bog‘lamoqda.
Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ham qimmatbaho metallar uchun qulay muhit yaratmoqda. Xususan, AQSHda noyabr oyida iste’mol narxlari indeksi yillik hisobda 2,7 foizga oshdi, bu esa iqtisodchilarning 3,1 foizlik prognozidan past bo‘ldi. Bundan tashqari, ishsizlik darajasi 4,6 foizga ko‘tarilib, 2021 yil sentyabridan buyon eng yuqori darajaga chiqdi.
Mutaxassislarning fikricha, inflyatsiyaning sekinlashuvi va mehnat bozoridagi zaiflashuv Federal Rezervni pul-kredit siyosatini yumshatishga undovchi asosiy omillar bo‘lib qolmoqda. LSEG ma’lumotlariga ko‘ra, treyderlar kelasi yilda kamida ikki marta 25 bazaviy punktlik foiz stavkasi pasaytirilishini kutmoqda.
Boshqa qimmatbaho metallar ham ijobiy dinamikani ko‘rsatdi. Platina narxi 18 dekabr kuni 17 yillik eng yuqori darajaga yaqinlashib, 19 dekabr kuni 3,1 foizga o‘sdi va 1 975,51 dollarga yetdi. Palladiy esa qariyb uch yillik eng yuqori ko‘rsatkichga yaqinlashib, 0,8 foizga ko‘tarildi va 1 709,75 dollar darajasida savdolandi. Har ikkala metall ham haftani o‘sish bilan yakunladi.
Umuman olganda, global iqtisodiy noaniqlik, Markaziy banklar siyosatiga oid kutilayotgan qarorlar va investitsiya talabi qimmatbaho metallarni 2025 yil yakunida moliyaviy bozorlardagi eng qimmat aktivlardan biriga aylantirmoqda.
Live
Barchasi