Ko‘chaboshi va uyboshilarga kommunal xizmatlar uchun kompensatsiya to‘lab beriladi
Jamiyat
−
07 Oktabr 2020
7267Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish hamda ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar uchun imtiyoz berish tizimini joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol qatnashayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan quyidagi tushunchalarni o‘z ichiga oluvchi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yangi tahrirda ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan:
ko‘chaboshi – fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘chalarning geografik joylashuviga qarab, aholining umumiy yig‘ilishida saylangan va ular nomidan fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boradigan, ularning qonuniy manfaatlarini ifoda etadigan fuqaro;
uyboshi – fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p kvartirali uylarning geografik joylashuviga qarab, aholining umumiy yig‘ilishida saylangan va ular nomidan fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boradigan, ularning qonuniy manfaatlarini ifoda etadigan fuqaro.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyat hokimliklarining 2021 yilning 1 yanvardan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol qatnashayotgan ko‘chaboshi va uyboshilarni rag‘batlantirish tariqasida ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida har oyda kompensatsiya pul to‘lovlari to‘lab berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanishi mumkin.
Belgilanishicha, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol qatnashayotgan ko‘chaboshi va uyboshilarni rag‘batlantirish tariqasida ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha har oylik kompensatsiya pul to‘lovlari mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
LiveBarchasi