Kseniya Sobchak va Margarita Simonyanni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi

Olam

image

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan va jurnalist Kseniya Sobchakka nisbatan qilingan suiqasdning oldini oldi. Bu haqda FXXning Jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lumotlariga tayanib, TASS xabar berdi.

FXX suiqasdni amalga oshirishga uringan shaxslar Ukraina xavfsizlik xizmati ko‘rsatmasi bo‘yicha harakat qilgan “Paragraf-88” guruhi tomonidan tayyorlanganini aniqlagan.

“Federal xavfsizlik xizmati Tergov qo‘mitasi va Rossiya Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Ukraina maxsus xizmatlariga RT telekanali va “Rossiya segodnya” xalqaro axborot agentligi bosh muharriri Margarita Simonyanning o‘ldirilishiga urinishning oldini oldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kseniya Sobchakning o‘ldirilishiga ham tayyorgarlik ko‘rilayotgan edi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, kecha, 14 iyul kuni Moskva va Ryazan viloyatlarida “Paragraf-88” guruhining a’zolari qo‘lga olingan. Ular Sobchak va Simonyanning ish va yashash joylari bo‘yicha ayg‘oqchilik harakatlarini olib borganlikda ayblanmoqda.

"Tergov harakatlari davomida ular har bir qotillik uchun 1,5 million rubl miqdorida haq evaziga Ukraina xavfsizlik xizmatining topshirig‘i bo‘yicha suiqasdlar tayyorlaganlarini tasdiqladilar", deyiladi FXX bayonotida.

Tergov harakatlari davomida hibsga olinganlardan “Kalashnikov” avtomati, uning uchun 90 ta patron, pichoqlar kastetlar, rezina tayoqlar, kishanlar, shevronlar va natsistik ramzlar tushirilgan bayroqlar, natsist adabiyotlari, aloqa vositalari va kompyuterlar olib qo‘yilgani ma’lum qilingan.

Qo‘lga olinganlarga nisbatan ekstremizm va terrorizm ayblovlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilishi aytilgan.

Ma’lumot uchun, Kseniya Sobchak 1991-1996 yillarda Sankt-Peterburg meri vazifasini bajargan Anatoliy Sobchakning qizi hisoblanadi. Kseniya Sobchakning otasi o‘z vaqtida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevlarning Leningrad universitetidagi huquq professori bo‘lgan. Sobchak, shuningdek, Putinning siyosiy faoliyatini boshlashiga ham katta yordam bergan. Keyinchalik korrupsiyada ayblanib, qidiruvga berilganida Putin uni chet elga qochirib yuborgan. Uning qizi Kseniya Sobchak ham otasining Putin bilan yaqin aloqalari sababli alohida mavqega ega hisoblanadi. Putinning “tutungan qizi” sifatida ko‘riluvchi Kseniya Sobchak 2010 yillar boshida unga qarshi bir qator namoyishlarda qatnashgan. 2018 yilda Rossiya prezidentlik saylovida nomzodini qo‘yganidan so‘ng muxolifatning qo‘llovini boy bergan. Aleksey Navalniy uni soxtalikda ayblab, “Kremlning loyihasi” deb atagan.

Margarita Simonyan esa Kremlning asosiy tashviqotchisi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dog‘istonda jurnalist Yelena Milashina va uning advokati kaltaklab ketilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing