Kseniya Sobchak Rossiyaga qaytdi(mi?)

Madaniyat-san’at

image
0:00
0:00
download

Rossiyalik jurnalist Kseniya Sobchak Rossiyaga qaytdi. U kecha, 7 noyabr kuni Latviya orqali Rossiyaning Pskov viloyatiga kirib kelgan. Bu haqda bir nechta rus nashrlari xabar bermoqda.

Xabarlarda qayt etilishicha, Sobchakni chegara o‘tkazish punkti oldida uning turmush o‘rtog‘i Konstantin Bogomolov kutib olgan. Bu ma’lumotlarni uning yaqinlari va Sobchakni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan guvohlar tasdiqlagan.

Rasmiy nashrlar har qancha bong urmasin Kseniya Sobchakning o‘zi Rossiyaga qaytgani haqida e’lon qilganicha yo‘q. Ammo, bu kutilmagan holat emas. Sababi Sobchak o‘tgan kunlar ichidagi shov-shuvlarga ham tayinli munosabat bildirmagan edi.

Eslatib o‘tamiz, Avvalroq  Kseniya Sobchak Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 163-moddasi 3-qismi “b” bandi (yirik miqdordagi mol-mulkni qo‘lga kiritish maqsadida tovlamachilik) bo‘yicha gumon qilingan edi. Ushbu ish bo‘yicha Sobchakning tijorat direktori Kirill Suxanov va “Tatler” gazetasining sobiq bosh muharriri Arian Romanovskiy (Kuzmin) qo‘lga olingan va bevosita Sobchakning o‘ziga 15 yilgacha qamoq jazosi xavf solishi ortidan u Rossiyadan qochib ketgan edi. Sobchak Belarus Respublikasi orqali Litvaga, Isroil pasporti bilan kirib borgan.

Keyinroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi tovlamachilik ishida Sobchakni gumonlanuvchi sifatida jalb qilish haqidagi qarorni bekor qildi. 4 noyabr kuni u Isroilda o‘zi tayyorlagan video reportajni internetga yuklagan.

Uning onasi senator Lyudmila Narusova esa qizini tez orada ortga qaytishini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Kseniya Sobchak Sankt-Peterburgning sobiq meri Anatoliy Sobchakning qizi bo‘lib, uning 1990 yillarda hamkori Vladimir Putin bo‘lgan. U Rossiya televideniyesida ko‘p ishlagan, mashhur shoularning boshlovchisi edi. 2011 yilgi Davlat Dumasiga saylovlardan so‘ng u norozilik aksiyalarida qatnashdi va Muxolifatni muvofiqlashtirish kengashiga qo‘shildi. 

Shundan so‘ng u bir necha yil “Dojd” telekanalida ishladi, telekanal muxbiri sifatida u Vladimir Putinning matbuot anjumanlarida qatnashdi. 

2018 yilda Sobchak prezidentlik saylovlarida qatnashdi, ommaviy axborot vositalari saylovlarga e’tiborni qaratish va mamlakatda muxolifat borligini ko‘rsatish uchun uning nomzodi Kreml bilan kelishilganini yozdi. Uning o‘zi bu ayblovlarni rad etdi. 

Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, rossiyalik jurnalistlarga bosim sezilarli darajada oshdi, ma’muriy va jinoiy kodekslarga armiyani obro‘sizlantirish va harbiy feyklarga oid moddalar kiritilgani sababli yuzlab ommaviy axborot vositalari xodimlari mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.

Ulug‘bek Xudoyberganov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

93

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing