“Krokus” terakti: Rossiyadan migrantlar quviladimi?
Tahlil
−
26 mart
14612Xabaringiz bor, joriy yilning 22 mart kuni Moskva yaqinida joylashgan Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida noma’lum shaxslar tomonidan terakt uyushtirildi. Ushbu voqeadan so‘ng Rossiya teraktga aloqador bir necha shaxslarni ushlab, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘lladi. Hujum uyushtirishda gumonlanayotgan shaxslar orasida Tojikiston fuqarolari ham bo‘lib, ular Dalerjon Mirzoyev, Shamsidin Fariduni, Muhammadsobir Fayzov va Rajabalizod Saidakrami ismli shaxslar ekani aniqlangan.
Aynan shu voqeadan so‘ng Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarga, ayniqsa, Tojikiston fuqarolariga nisbatan nafrat va tajovuz ko‘rsatish kuchaydi. Jumladan, mamlakatda xavfsizlik kuchlari tomonidan “sharqona ko‘rinishdagi” odamlarni tekshirish avj olib ketdi. Shuningdek, Rossiya shaharlarida odamlar Tojikistondan kelgan haydovchilar boshqaruvidagi taksida yurishdan bosh tortmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda ularning yozishmalari aks etgan rasmlar tarqaldi.
“Salom, agar siz tojik bo‘lsangiz, buyurtmani bekor qiling, men siz bilan bormayman”, deb yozadi foydalanuvchilardan biri.
Bundan tashqari, tarmoqlarda Rossiya maktablarida mahalliy aholining bolalari Tojikiston fuqarolarining farzandlarini qiynayotgani, kamsitayotgani aks etgan videolarni ham ko‘rmoqdamiz.
Terakt uyushtirishda ayblanayotgan 19 yoshli Muhammadsobir Fayzov bir necha oy davomida Ivanovo viloyati Teykovo shahridagi sartaroshxonalardan birida ishlab kelgan. Bu voqeadan so‘ng ushbu sartaroshxona xodimlariga ommaviy tahdidlar kela boshlagan. Hatto xodimlarning uylarini yoqib yuborishmoqchi bo‘lishgan.
It’s My City nashrining yozishicha, Yekaterinburgda patrullar “sharqona ko‘rinishdagi” erkaklarni to‘xtata boshlagan va savdo markazlaridan birining ma’muriyati ijarachilardan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistondan kelgan xodimlar haqida ma’lumot so‘ragan.
Ba’zi ish beruvchilar esa tojikistonlik xodimlaridan hozirgi shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishlarini so‘ragan. Tojik diasporasi rahbarlari esa o‘z vatandoshlariga kechki payt uylarini tark etmaslikni tavsiya qilmoqda.
24 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘ldi. Qayd etish joiz, ushbu suhbat chog‘ida Rahmon terrorchilarning millati, vatani, dini yo‘qligini ta’kidlagan.
25 mart kuni esa Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Navro‘z karnavalida rafiqasi, qizi va o‘g‘li bilan ishtirok etgan Tojikiston Prezidenti “Krokus Siti Holl”da yuz bergan fojiani eslab o‘tdi. U bunday voqealar sodir bo‘lmasligiga yechim qilib ota-onalarning farzandlariga yaxshi tarbiya berishi kerakligini ko‘rsatgan.
“Ushbu sharmandali va dahshatli voqea har birimizni, ayniqsa, ota-onalarni farzand tarbiyasiga yanada jiddiyroq e’tibor qaratishimiz haqida yana bir bor ogohlantirmoqda. Biz o‘smirlar va yoshlarni ana shunday buzg‘unchi va vahimali guruh va harakatlar ta’siridan asrashimiz, farzandlarimiz tojik millati, suveren tojik davlati va o‘z ota-onasi nomiga putur yetkazishining oldini olishimiz kerak”, deydi Tojikiston Prezidenti.
Moskvada yuz bergan terakt nafaqat Tojikiston, balki boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Masalan, terakt ortidan Qozog‘iston va Qirg‘izistonda xavfsizlik yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘z navbatida, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolariga zarurat bo‘lmasa, Rossiyaga bormaslikni tavsiya etdi.
“Ayni paytda Rossiyada terrorizmga qarshi kurash olib borilmoqda. Mamlakatdan chiqish va kirishda tekshiruvlar kuchaytirildi. Shu sababli elchixona Rossiyaga kirishni oldindan rejalashtirishni va zarurat bo‘lmasa, barcha diasporalar ogohlantirganiday bormaslikni tavsiya qiladi. Antiterror choralari qancha davom etishi haqida ma’lumotga ega emasmiz. Ba’zi fuqarolar “qora ro‘yxat”da yoki ular huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lsa, mamlakatga kiritilmaydi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, vazirlik Rossiya tomoni chegarani kesib o‘tishda tekshiruvlarni kuchaytirgani, hozirda Moskvadagi teraktdan keyin migrantlar yashaydigan yotoqxonalarda reyd boshlanganini ma’lum qilgan. Ularning yashash joylari tintuv qilinib, qurol-yarog‘ bor-yo‘qligi tekshirilmoqda.
Ha aytgancha, Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarga nisbatan nafrat shunchalik kuchayib ketdiki, Rossiya fuqarolari terakt davomida asli qirg‘izistonlik bo‘lgan 15 yoshli Islom Xalilovning 100 dan ortiq shaxslarni qutqarganini, terakt sodir etish millatga qaramasligi uni ruslar ham amalga oshirishi mumkinligini o‘ylashmayapti.
Ushbu terakt fonida Rossiya Davlat Dumasining deputati Mixail Sheremet urush davomida Rossiyaga migrantlarning kirishini cheklashni taklif qildi.
Uning fikricha, chegarani kesib o‘tgan chet elliklar, birinchi navbatda, o‘zlari uchun xavf tug‘diradi, chunki ular avtomatik ravishda G‘arb razvedka xizmatlarining Rossiyada terrorchilik harakatlari uchun sharoit yaratish, shuningdek, vaziyatni beqarorlashtirish vositalarini yaratish uchun qiziqish ob’ektiga aylanadi.
Deputat Rossiyaga yaxshi niyat bilan sayohat qilayotgan boshqa davlatlar aholisini hurmat qilishini, ammo ularning ba’zilari ko‘r-ko‘rona rus xalqiga zarar yetkazish uchun foydalanilayotganini da’vo qilgan.
“Afsuski, bugungi kunda odamlarning kirib kelishida qanday niyatlar borligini aniqlashga vaqtimiz yo‘q, chunki barcha kuch va vositalar mamlakatimiz sarhadlarini himoya qilishga qaratilgan. Shu bois, urush vaqtida migrantlar Rossiyaga borishlarini istisno qilishlari kerak, deb hisoblayman”, deydi deputat.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi har doim ko‘p millatli bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi – bu mamlakatning kuchi va qudrati. Rossiyaning dushmanlari aynan mamlakatning mana shu fazilatiga zarba berishga intilyapti.
Qodirov har qanday holatda ham milliy va diniy sabablarga ko‘ra, fuqaroviy ta’qibga yo‘l qo‘yilmasligini, huquq-tartibot idoralari esa bu tamoyilga hushyorlik bilan amal qilishini aytgan.
“Ammo davlat milliy siyosati va milliy xavfsizlikdan uzoqda bo‘lgan soxta vatanparvarlar odamlarning his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashib, fashistik usullarni qo‘llashga da’vat qilyapti”, deya qo‘shimcha qilgan Ramzan Qodirov.
Bir narsani unutmasligimiz zarur, tahdid va tajovuzga uchrayotgan tojikistonliklar o‘rnida o‘zbekistonliklar, umuman olganda, barcha qo‘shnilarimiz bo‘lishi mumkin. Markaziy Osiyo mamlakatlarining asosiy muammosi bo‘lgan migrantlar masalasi hal etilmasa, mana shunday tahdidlar ko‘paysa ko‘payadi, ammo kamaymaydi. O‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling. QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting.
LiveBarchasi