Kremlning Abxaziya “loyihasi” to‘siqqa urildi
Tahlil
−
22 noyabr
6995Bundan 16 yil muqaddam bir to‘da separatistlar Rossiya qo‘llovi ostida postsovet hududida o‘ziga xos furor ko‘targan va katta tezlikda modernizatsiyalashgan Gruziyaning hududiy yaxlitligini parchalab, Abxaziyani undan ajratib oldi. Bu holat Gruziyaga juda og‘ir oqibatlarni olib keldi. Mamlakat siyosiy beqarorlik ichida qolib, hokimiyat tepasidagi yosh islohotchi elita katta qiyinchiliklarga duch keldi. Abxaziya esa o‘zini mustaqil deb e’lon qildi. Uning “davlatchiligini” esa zudlik bilan eng avvalo Rossiyaning o‘zi tan oldi. Keyinchalik Abxaziyaga nisbatan bunday yondashuv BMT rezolyutsiyalarida doim Rossiya tanlovini o‘zining tanlovi sifatida ko‘radigan ba’zi sanoqli davlatlar tomonidan ham sodir bo‘ldi. Ya’ni ular mazkur bo‘lginchi hududni mustaqil davlat sifatida tan oldi. Gruziyaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Abxaziya, mana 16 yildirki dunyo miqyosida tan olinmagan, hali ham Gruziyaga tegishli joy sifatida ko‘riladigan va xalqaro maydonda kvazi hudud degan salbiy maqomga ega bo‘lib kelmoqda. O‘z hukumati, parlamenti va boshqa shu kabi boshqaruv tuzilmalariga ega bo‘lgan Abxaziyada so‘nggi kunlarda juda keskin namoyishlar bo‘lib, buning ortidan ushbu tan olinmagan sub’ektning “prezidenti” iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Rus tadbirkorlariga ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan imtiyoz berish orqali Abxaziya kelajagi va boyligini bus-butunligicha Rossiyaga tuhfa qilish deya talqin qilingan shartnoma sabab hududda namoyishlar alangalab ketdi. Quyida Kreml loyihasi bo‘lgan Abxaziya atrofidagi qizg‘in bahs-munozaralar tarixi va bugun bu jarayon qanday tus olgani haqida batafsil to‘xtalamiz.
Abxazlar kimlar? Ular nega separatistga aylandi?
Maydoni 8640 kvadrat km, 2023 yil hisobiga ko‘ra 243,600 dan ko‘proq aholiga ega Abxaziyaning tub aholisi abxazlar hisoblanib, ular etnik kelib chiqishiga ko‘ra, Shimoliy Kavkazdagi cherkeslarga yaqin millat ekanligi aytiladi. 1864 yilda Rossiya imperiyasi bosqini ostida bo‘lgan Abxaziya 1930 yilda SSSR tarkibida Gruziya Respublikasidagi avtonomiyaga aylantirildi. 1991 yilda Sovet Ittifoqi qulagach, Abxaziya undan mustaqillikka erishgan Gruziyaning bir qismi bo‘lib qoldi. Aslida xalqaro huquq va dunyo hamjamiyati uchun hali ham shunday. Faqat ba’zi separatist kuchlar va ularning ortida turgan asosiy “o‘yinchilar”ning o‘tmishdagi buzg‘unchi harakatlari tufayli bu borada bugun fundamental muammolar saqlanib qolmoqda. Bugungi nizolar tarixi esa 1992 yilgi qurolli qo‘zg‘olonga borib taqaladi. Shu yili Abxaziyadagi bo‘lginchi kuchlar Gruziyaning qonuniy hukumatiga qarshi qo‘zg‘olon uyushtirdi. Isyonchilar Gruziya kuchlarini mag‘lub etdi va 1993 yilga kelib, Abxaziya ustidan nazorat o‘rnatdi. 1994 yilda esa ikki o‘rtada sulh tuzildi. Hududga Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirildi, biroq jangovar harakatlar sodir bo‘lishi uzluksiz davom etdi. Bu vaqtgacha Abxaziya aholisining deyarli yarmini gruzinlar, beshdan bir qismini esa etnik abxazlar tashkil qilardi. Bundan tashqari, hududda ruslar, armanlar va belaruslar ham istiqomat qilgan. Mazkur voqealar fonida abxazlar va Gruziyadagi qonuniy hukumat o‘rtasida mojaro keskin tus olgandan so‘ng ko‘plab gruzinlar va armanlar Abxaziyani tark etib, mamlakatning boshqa yerlariga ko‘chib ketadi. 1999 yilga kelib esa Abxaziya Gruziyani yana beqarorlik girdobida qoldirgan holda o‘z mustaqilligini e’lon qildi.
Ammo uning bu harakati xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin e’tirozlarga sabab bo‘lib, hududning bunday statusi tan olinmadi. Abxaziya bilan birga Rossiyaga chegaradosh bo‘lgan Gruziyaning yana bir hududi – Janubiy Osetiya ham rasmiy Tbilisi tomog‘iga tiqilgan suyak edi. Abxaziyada qachon ayirmachilik kayfiyati va o‘zini mustaqil deb e’lon qilish harakatlari sodir bo‘lsa, bu bilan deyarli bir vaqtda Janubiy Osetiyada ham shu kabi holat kuzatilardi. Mazkur ikki bo‘lginchi hududda har qanday ayirmachilik harakatlari parallel tarzda amalga oshirilar edi. Masalan, Abxaziya 1999 yilda o‘zining hech kim tomonidan tan olinmagan “mustaqilligini” e’lon qilganda, shu vaqtda Janubiy Osetiya ham o‘ziga o‘zi shunday status sovg‘a qilgandi. Keyingi voqealar ham shu taxlit davom etdi. Ayirmachi kuchlarga nisbatan qattiqroq chora qo‘llash esa “atirgullar inqilobi”dan keyin hokimiyatga kelgan Saakashvili davrida yuz berdi. U 2004 yilda Gruziya hududiy birligini va mamlakatning bo‘lginchi mintaqalari – Abxaziya va Janubiy Osetiyani nazorat qilishni ustuvor vazifaga aylantirdi. Dastlab bu urinishlar muvaffaqiyatsiz kechdi. Ammo 2006 yilda Gruziya Abxaziyada joylashgan Kodori darasining bir qismini o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday bo‘lishiga qaramay, bu paytda Abxaziyaning katta qismi hali ham Gruziya nazoratidan tashqarida edi. Rossiya esa bu paytda Abxaziya borasida jiddiy yondashuvga o‘tgan va undan qurol sifatida foydalangan holda, tobora rivojlanib borayotgan Saakashvili boshchiligidagi Gruziyaga zarba berish yo‘llarini axtarayotgandi. 2008 yilda esa bu uchun juda qulay fursat tug‘ildi. Har 4 yillikning eng ommaviy sport musobaqasi – Olimpiada o‘yinlari boshlanish arafasida Rossiya harbiy harakatlarga start berdi. Rossiya qo‘shinlari mazkur ikki bo‘lginchi hududdagi o‘z fuqarolarini himoya qilish niqobi ostida 6 avgust kuni Gruziya chegarasida qo‘shinlarini to‘plab bo‘lgandi. Dastlab Janubiy Osetiyada boshlangan mojaro Pekin Olimpiadasi ochilish marosimidan ikki kun o‘tib, Abxaziyada alangaladi. Bu XXI asrda Yevropa qit’asida sodir bo‘lgan birinchi urush edi. 10 avgust kuni Rossiya va Gruziya kemalari o‘rtasida dengizda o‘zaro qarama-qarshilik sodir bo‘ldi. Abxaziya kuchlari Gruziya tomonidan egallab turilgan Kodori darasiga hujum qilib, qurolli to‘qnashuvdagi ikkinchi frontni ochdi. Abxaziya artilleriyasi va samolyotlari 9 avgust kuni yuqori Kodori darasida Gruziya qo‘shinlariga qarshi kuchli hujumni boshladi. Rossiya kuchlari 11 avgustda Abxaziyadan G‘arbiy Gruziyaga kirib kelishdi. Qator shaharlar va harbiylashtirilgan ob’ektlar rus harbiy kuchlari tomonidan birin-ketin egallab olindi. Janglar avjiga chiqqan paytda Rossiya havo kuchlari Tbilisi va uning atrofidagi hududlarga ham bir necha bor hujum qildi. Vaziyat borgan sari jiddiy tus olgandan so‘ng, Saakashvili ma’muriyatida sulh tuzishdan o‘zga chora qolmadi. O‘sha paytda Rossiyani nomigagina boshqarib turgan Dmitriy Medvedev 12 avgust kuni operatsiya to‘xtatilganini e’lon qildi. Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi vositachiligida ikki o‘rtada Saakashvili va Gruziya manfaatlariga zid bo‘lgan sulh tuzildi. Shunday qilib, Rossiyaning 6 kun davom etgan noqonuniy qurolli hujumi to‘xtatildi. 16 avgust kuni Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev shartnomani imzoladi. Bir kun o‘tib Medvedev Rossiya qo‘shinlarini Gruziyadan olib chiqishini e’lon qildi va 19 avgustda ikki mamlakat o‘rtasida asirlar almashinuvi amalga oshirildi. Ammo mojaro bu bilan to‘xtab qolmadi. Rossiyaning Gruziya hududiy yaxlitligiga hujumi endi boshlangandi. Chunki oradan ko‘p o‘tmay Rossiya Dumasi taklifiga binoan 26 avgust kuni mamlakatning o‘sha paytdagi prezidenti Medvedev Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqilligini tan olib, Gruziyaning hududiy yaxlitligiga jiddiy putur yetkazdi. Shunday qilib, separatistik harakat uchun juda qulay payt va sharoit poylagan Rossiya o‘z maqsadiga yetdi. Butun dunyo e’tibori har 4 yillikning eng nufuzli musobaqasiga qaratilgan mahal Kreml XXI asrda ro‘y bergan Yevropadagi birinchi urushni juda qisqa vaqt ichida o‘z foydasiga hal qildi. Pekin yozgi olimpiadasi boshlanishidan ikki kun oldin boshlangan hujum, mazkur musobaqa tugashidan roppa-rosa ikki kun oldin to‘laligicha Rossiya manfaatlariga mos ravishda hal qilindi. Rossiyaning bu harakati xalqaro tashkilotlar, dunyo davlatlarining aksar qismi, xullas deyarli barcha tomonidan qoralandi. Gruziya hukumati Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzdi va ularning bu qarori hozirgacha saqlanib qolmoqda.
Keyingi voqealar rivoji
“Mustaqilligi” Rossiya tomonidan tan olingandan so‘ng xalqaro maydonda Kremldan boshqa yaqin do‘sti yo‘q bo‘lgan ba’zi davlatlar, xususan, Suriya, Nikaragua, Nauru va Venesuela kabilar ham Abxaziyani tan oldi. Bu voqealardan so‘ng bo‘lginchi mintaqa hukumat va boshqa boshqaruv organlarini takomillashtirib bordi. Tan olinmagan mamlakat poytaxti sifatida esa Qora dengiz bo‘yidagi Suxumi shahri tanlandi. Aholining qariyb yarmi gruzin bo‘lsa-da, ular Abxaziya hukmron hukumatida deyarli yo‘q bo‘lib qolishdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, gruzinlar bu yerda hatto huquqsiz holatga tushib qolishadi. O‘zlarining nazdida Gruziyadan “mustaqil” bo‘lgan Abxaziyadagi tan olinmagan hukumat va “davlatchilik” bir tekisda ketmadi va bu hali ham davom etmoqda. Hududdagi “prezident” lavozimiga kelish va ketish doimo mojaro va keskinliklar fonida o‘tadi, xuddi bugungidek. Jumladan, 2014 yil iyun oyida, hududda namoyishlar yuz berib, ular “prezident” saroyiga bostirib kiradi. Namoyishchilar “prezident”ni Rossiya harbiy bazasidan boshpana izlashga majbur qiladi va bir necha kun o‘tgach, u iste’foga chiqib, o‘rniga muxolifatni boshqargan sobiq “vitse-prezident” Raul Xajimba prezident etib saylanadi. Ammo keyinchalik u ham iste’fosini majburlashga qaratilgan uyushgan harakatlarga duch keldi. Shunday bo‘lishiga qaramay, 2019 yildagi saylovda ikkinchi muddatga intildi. Ushbu saylov muxolifatning asosiy nomzodi Aslan Bjaniyaning to‘satdan zaharlanishi oqibatida ortga suriladi.
8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi saylovdan so‘ng Xajimba ko‘plab ovozlarni qo‘lga kiritdi va g‘olib deb e’lon qilindi, ammo ikkala nomzod ham 50 foizdan ko‘p ovoz ololmagandi. 2020 yil yanvar oyida saylovlar bekor qilindi va Xajimba ikki kundan keyin iste’foga chiqdi. Mart oyida yangi saylov o‘tkazilganda, Bjaniya ko‘pchilik ovozlarni qo‘lga kiritdi va tan olinmagan sub’ektning rahbariga aylandi. Bugun esa Bjaniyaning o‘zi xuddi oldingi rahbarlar singari iste’foga chiqdi. Namoyishchilar ko‘plab muassasalarni egallab olib, qarshiliklar jiddiy tus olgach, uni ham Rossiya harbiy bazasiga yashiringanligi haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik uning matbuot xizmati bu xabarlarni rad qilgan bo‘lsa-da, doim tan olinmagan Abxaziya rahbarlari namoyishlar paytida hududda joylashgan Rossiya harbiy bazasiga qochgani haqida xabarlar yoyilishi shubhali, albatta. Shuning o‘zi ham bu yerlarning boshqaruv ipi qayerga bog‘langani va Abxaziya aslida davlat emas, aksincha kimningdir loyihasi ekanini ko‘p ehtimol yaqqol ochiqlab beradi.
Loyiha barbod bo‘ldimi?
Tan olinmagan Abxaziya respublikasida joriy yil noyabr oyining birinchi yarmida juda keskin norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Muxolifat rossiyalik investorlar uchun katta imtiyozlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga qarshilik bildirdi. Moskva va Suxumi o‘rtasida investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan mazkur noteng shartnoma quyidagicha. Unga ko‘ra, rossiyalik investorlar Abxaziyaga 2 milliard rubl, ya’ni 20 million dollardan yuqori sarmoya kiritadi va u 25 yil davomida soliqlardan ozod bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. 25 yil. 10 yilgacha bo‘lgan bir necha yillik soliq to‘lamaslik imtiyozlari normal holat. Ammo xorijlik, bo‘lib ham rossiyalik investor uchun Abxaziyada 25 yillik imtiyoz bu shunchaki – protektorat shartnomasidek ko‘rinishi tayin edi. Shuning uchun muxolifat 25 yil davomida byudjetga bir tiyin ham keltirmaydigan bunday investitsiya loyihalari umuman kerak emasligini ta’kidladi. Rossiya kompaniyalariga yirik soliq imtiyozlari taqdim qilish ko‘zlangan mazkur mazmundagi investitsiya shartnomasi Abxaziyadagi ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Abxaziyadagi muxolifat Moskva bilan kelishuvni “manfaatlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri taslim bo‘lishi” deb e’lon qildi va uni ratifikatsiya qilishdan voz kechishni talab qildi. Aholi g‘azab otiga mindi. Abxaziyani Rossiyaga tekinga tuhfa qilishni anglatadigan bunday shartnoma ularni keskin choralar qo‘llashga majbur qildi. 15 noyabr kuni yuzlab namoyishchilar mamlakat parlamenti oldidagi to‘siqni buzib, hududga bostirib kirdi va oqibatda kuchishlatar tuzilmalar bilan to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi va kamida to‘qqiz kishini jarohatladi. Ammo bu qarshiliklarni to‘xtata olmadi. Shu kuni muxolifat vakillari hukumat binolari majmuasining barcha qismlarini, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasini to‘liq nazoratga oldi. Tartibni ta’minlash uchun ichkarida bo‘lgan kuch tuzilmalari xodimlari esa binolarni tark etishga majbur bo‘ldi. Qayd etilishicha, namoyishchilar Suxumidagi “prezident” ma’muriyati binosi eshigini buzib kirib, u yerni ham egallab olgandi. Muxolifat va namoyishchilar bu paytda nafaqat shartnomani bekor qilish, balki “prezident” iste’fosini ham talab qilishga o‘tdi. Ammo tan olinmagan Abxaziya respublikasi rahbari Aslan Bjaniya muxolifat talablariga zid ravishda iste’foga chiqmasligini aytdi. Bjaniya matbuot xizmati uning murojaatidan keyin u Rossiya harbiy bazasi hududiga ko‘chirilgani haqidagi da’volarni rad etdi va u o‘zi tug‘ilib o‘sgan Tamish qishlog‘ida ekanligi aytildi. Biroq norozilik kayfiyati chuqurlashib borar ekan, Bjaniya iste’foga chiqmasligi aytilganidan bir kun o‘tib, muxolifatning mazkur talabiga bo‘ysunishga rozi bo‘ldi. U Tamish qishlog‘idagi maktabda o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida muddatidan oldin lavozimni tark etishga tayyorligini ham ma’lum qildi. Shu bilan birga, u muddatdan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish, buning sharti sifatida esa norozilik aksiyalarining tugatilishi va muxolifat vakillarining egallab olgan hukumat binolaridan chiqib ketishini talab qilgan. Bjaniyaga ko‘ra, agar muddatdan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazilsa, u yangi muddat uchun yana o‘z nomzodini qo‘yishni ham rejalashtirgan. Shunday qilib, 19 noyabrda tan olinmagan Abxaziya respublikasi “prezidenti” Aslan Bjaniya iste’foga chiqish haqida ariza berdi. Shu kuni davlat binolari hududi va majmuasi ichiga yig‘ilgan fuqarolar tarqalib ketdi.
“Gruziya orzusi” bo‘lginchilarni Gruziyaga qaytara oladimi?
Ayni damda “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun tufayli Gruziya Yevropa Ittifoqiga kirish imkoniyatlari 0 gacha pastlaganiga qaramay, joriy yil may oyida mamlakat Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Gruziyaning 2030 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi va bu paytga qadar Abxaziya va Janubiy Osetiyani o‘z tarkibiga qaytarmoqchi ekanini ochiqladi. Bundan tashqari, joriy yilda Gruziya hukumati va Rossiya o‘rtasida diplomatik muzokaralar ehtimoli haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Keyinchalik bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topdi ham. Ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan bu yangilik fonida joriy yil oktyabr oyida Bosh vazir Kobaxidze Abxaziya va Janubiy Osetiya Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingani tufayli Gruziya Moskva bilan uzilgan diplomatik aloqalarini tiklashni rejalashtirmayotgani, ayni damda faqatgina muzokaralar bo‘lishi mumkinligini aytdi. Ammo Gruziya va Rossiyaning ehtimoliy muzokaralari va Abxaziya separatistlari bilan kelishishi qanchalik realligi noma’lum. Chunki Gruziya prezidenti Salome Zurabashvili avvalroq Rossiya Abxaziyada yangi va doimiy harbiy dengiz kuchlari bazasini qurishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgandi. Shu bois Rossiya Abxaziyaning Gruziyaga reintegratsiyalashuviga rozi bo‘lishi dargumon. Albatta, Qora dengiz bilan 210 km lik chegarasi bor bo‘lgan va tadbirkorlari uchun 25 yillik soliq imtiyozlarini qo‘shqo‘llab berib yuborishi mumkin bo‘lgan qulay hududni kim ham qo‘ldan chiqarishni istaydi.
LiveBarchasi