Kosmosda sirli qora tuynuk topildi
Bu qiziq
−
29 may 8378 3 daqiqa
“Jeyms Uebb” (JWST) teleskopi o‘ta ulkan qora tuynukni aniqladi. Ushbu kashfiyot Koinotning paydo bo‘lishi haqidagi nazariyalarni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bu haqda Kembrij universitetining “Universe Today” jurnali xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kembrij universiteti rahbarligidagi xalqaro olimlar guruhi massasi taxminan 50 million Quyoshga teng bo‘lgan o‘ta ulkan qora tuynukni kashf etgan. U katta ehtimol bilan o‘zi joylashgan galaktikadagi yulduzlardan ham oldinroq paydo bo‘lgan. Ushbu ob’ektga QSO1 yoki Abell2744-QSO1 nomi berilgan. U “Jeyms Uebb” kosmik teleskopi yordamida topilgan.
Tadqiqotchilarning fikricha, bu topilma qora tuynuklarning shakllanishi haqidagi odatiy tasavvurlarni shubha ostiga qo‘ymoqda. Ilgari olimlar dastlab ulkan yulduzlar paydo bo‘ladi, ular portlab (kollapsga uchrab) qora tuynuklarga aylanadi va keyinchalik atrofidagi moddalarni yutish hamda boshqa ob’ektlar bilan birlashish orqali asta-sekin kattalashib boradi, deb hisoblashardi.
Biroq olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, QSO1 o‘z galaktikasida hali yulduzlar deyarli bo‘lmagan davrdayoq ulkan massaga ega bo‘lgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ushbu ob’ektni qurshab turgan gaz qariyb butunlay vodorod va geliydan iborat bo‘lib, unda yulduzlar hayotidagi jarayonlardan so‘ng hosil bo‘ladigan og‘ir elementlar umuman yo‘q.
“Biz o‘ziga tegishli sezilarli darajadagi galaktikasi bo‘lmagan va yulduzlar paydo bo‘lish jarayoni boshlanishidan oldin ham mavjud bo‘lgan qora tuynukni topganga o‘xshaymiz. Bu juda hayajonli voqea, chunki u ibtidoiy qora tuynuklar yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri kollaps natijasida hosil bo‘lgan qora tuynuklar mavjudligiga isbot bo‘la oladi. Bunday tuynuklarning mavjudligi ilgari faqat nazariy jihatdan aytilardi, ammo amalda tasdiqlanmagan edi”, deydi tadqiqot mualliflaridan biri Ignas Yuojbalis.
Olimlar “Pandora to‘dasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan Abell 2744 galaktikalar to‘dasining gravitatsion linzalash effekti tufayli ushbu ob’ektning massasini o‘lchashga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu to‘da uzoqdagi ob’ektdan taralayotgan yorug‘likni kuchaytirib va shaklini o‘zgartirib ko‘rsatgan, bu esa aniqroq kuzatuvlar olib borishga imkon bergan.
Qo‘shimcha o‘lchovlar shuni ko‘rsatdiki, tizimning asosiy massasi yulduzlar orasida taqsimlanmagan, balki aynan markaziy qora tuynukda jamlangan. Tadqiqotchilarning baholashicha, qora tuynuk butun tizim massasining qariyb uchdan ikki qismini tashkil etadi.
Ish mualliflarining taxmin qilishicha, ushbu ob’ekt Katta portlashdan so‘ng darhol “og‘ir urug‘lar”dan hosil bo‘lgan bo‘lishi yoki yulduz shakllanishi bosqichini chetlab o‘tib, ulkan gaz bulutlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri kollapsi (siqilishi) natijasida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, JWST teleskopi allaqachon “kichik qizil nuqtalar” deb ataluvchi yuzlab shunga o‘xshash ob’ektlarni aniqlagan. Bu esa bunday tizimlar ilk Koinot davrida keng tarqalgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maks Plank jamiyatining Quyosh tizimini tadqiq qilish instituti olimlari Yupiter orbitasidan keyingi hudud sayyoralar va asteroidlarning qurilish bloklari bo‘lmish planetezimallar shakllanishidagi asosiy “fabrika”lardan biri bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aniqlagandi.
Live
Barchasi