Kosa tagidagi nim kosalar. Prezident nima demoqchi bo‘lgandi?

Tahlil

image

21 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev an’anaviy murojaatnomasini e’lon qildi. Unda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatiga doir bir qator masalalar o‘rin olgan edi. Unda belgilangan yo‘nalishlar haqida batafsil Murojaatnomaning o‘zida ham tanishib chiqish mumkin. Bugun biz murojaatnomada tilga olingan eng muhim nuqtalar, unda tilga olingan keskin fikrlar haqida hikoya qilamiz. 

Yangi Qoraqalpog‘iston

Murojaatnomada mening diqqatimni tortgan eng birinchi holat Qoraqalpog‘iston edi. Bu e’tibor qaratilishi kutilgan nuqta edi, nazarimda. Chunki, O‘zbekistonda oxirgi 15 yilda bunday hodisa kuzatilmagan edi va bu yangi ma’muriyat uchun jiddiy sinov bo‘ldi, deyish mumkin. Murojaatnomada Qoraqalpog‘istondan boshqa biror hududni ajratib gapirilmaganidan ham sezish mumkinki, yangi yilda hukumat respublikaga alohida e’tibor qaratadi. Zotan, 2017 yildan Qoraqalpog‘istonda ko‘pgina loyihalar amalga oshirildi. Mirziyoyev shu tariqa hududdagi ayirmachilik harakatlarining oldini olishga harakat qilishi tabiiy. 

Shu o‘rinda, yana bir e’tiborni tortgan holat Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston voqealarida xorijdagi kuchlar borligiga yana bir bor sha’ma qilgani bo‘ldi. Xususan, xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch kamayib ketayotganiga urg‘u berar ekan, bu holatni Qoraqalpog‘istondagi voqealar misolida O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayotganiga e’tibor qaratdi. Ammo bu yerda qaysi tarafdan ishonchsizlik borligi, qaysi tarafdan xavf-xatar borligi haqida aniq gap aytilmadi. 

Endi tugayotgan yilni ko‘zdan o‘tkazib, mintaqada nimalar yuz berganini eslasak, balki “ishonchsizlik” qayerdan kelayotganini fahmlashimiz ham mumkin. Yanvar oyida yuz bergan Qozog‘istondagi voqealar, fevral oyida Rossiyaning bir necha bor Ukrainaga urush qilish niyati yo‘qligini aytaturib, to‘satdan bostirib kirishi, Belarus hukmdorining O‘zbekiston haqidagi gaplari, bularning barchasi “ishonchsizlik” qayerdan ekaniga ishora berayotgandek. 

Ixchamlashtirilgan boshqaruv

Murojaatnomaning eng ko‘p muhokama qilingan nuqtasi, shubhasiz, bir qator vazirlik va idoralarning qisqartirilishi bo‘ldi. Mavjud 61ta vazirlik va idora ikki kun ichida qayta tuzilib, 28 taga tushirildi.

Haqiqatdan, o‘tgan yillar mobaynida juda ko‘p vazirlik va qo‘mitalar tuzilgan edi. Hatto xalq, jamoatchilik orasida bu o‘ziga xos kulguga ham sabab bo‘lgan. Buning sababi sifatida Prezident ko‘payib ketgan sohalardagi muammolarni hal qilish uchun shunga majbur bo‘linganini ko‘rsatib o‘tdi. Lekin qisqargan tashkilotlarning xodimlarining kelajagi haqida hozircha aniq bir narsa deyish qiyin. Hatto ayrim tashkilotlar ushbu qarordan bir oz esankirab qolganini ham ko‘rish mumkin. 

Aslida, ixcham boshqaruvga o‘tish, keraksiz shtatlarning ko‘pligi doim gapirib kelingan. Lekin oxirgi yilda yuz bergan ba’zi o‘zgarishlar bu borada boshqacharoq xulosalar qilishga undamoqda. Ulardan eng kattasi Prezident Administratsiyasi tizimida yuz bergan o‘zgarishlardir. Bu yil Administratsiya deyarli barcha sohani nazorat qilmoqda va shu fonda Vazirlar Mahkamasi vakolatlari qisqarmoqda. Administratsiyada yangi yo‘nalishlar ochildi, Adliya vazirligi tarkibida bo‘lgan Huquqiy siyosat tadqiqot instituti PAga o‘tkazildi. Bu bilan O‘zbekistonda kuchli prezidentlik boshqaruviga qarab borilayotgandek tasavvur paydo bo‘ladi. 

Lekin shunga qaramay, bu ixcham boshqaruv shakli qancha davom etishini oldindan aytish qiyin. Yana hammasi avvalgi holiga qaytishi ham mumkin. 

Ekologiya doim dolzabr

Murojaatnomadan o‘rin olgan yana bir muhim nuqta shuki, u barchamizni birdek xavotirga solishi, harakatga undashi kerak. Bu ekologik muammolar va suvsizlik. Markaziy Osiyo suv muammosi bilan bugun to‘qnash kelayotgani yo‘q. Qariyb 50-60 yildan buyon qishloq xo‘jaligi tizimidagi suvdan foydalanish mexanizmlari eskirib ketgani, suvdan oqilona foydalanish yo‘lga qo‘yilmagani bizning falokatimiz bo‘lishi mumkin. 

Bir paytlar, suv masalasida qo‘shni davlatlar bilan jiqqamush bo‘lingan davrlar ham bo‘lgan. Bundan tashqari, Afg‘oniston tomonidan Amudaryoda qurilayotgan kanal loyihasi ham Mirziyoyevni bu masalaga alohida to‘xtalishga undagan bo‘lishi mumkin. Shu jihatga alohida e’tibor qilish kerak. Chunki O‘zbekiston hukumat o‘zgargan Afg‘oniston bilan yaxshi aloqalarni olib borishga harakat qilmoqda. Shu sababli ham murojaatnomada bu holat bo‘yicha keskin fikr bildirilmadi. Aksincha, bu masala xalqaro huquq normalari asosida hal etilishini ta’kidlagan Prezident, qo‘shnilarning ham buni qo‘llab-quvvatlashiga ishoninishi bildirdi. 

Qish – o‘zbekning qorong‘u tuni

Qish boshlanishi bilan energetika tizimi qay ahvolda ekanini barcha his qiladi. Bu yil avvalgilardanda muammoning kattaligi sezildi. Hatto Energetika vaziri muammo aynan tizimda ekanini tan oldi. Hatto Prezident ham o‘z murojaatnomasida muammoning bugun paydo bo‘lmaganini yana bir bor qayd etdi. U avvalgi yillardagi chiqishlarida ham bu haqida bir necha marta gapirgan. Bu borada diqqat qilish kerak bo‘lgan nuqta shuki, energetika sohasida erkin bozor mexanizmlariga o‘tish oxirgi kunlarda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi. Mirziyoyev ham buning zarurligini yaxshi anglashini aytib o‘tdi. Biroq aholi daromadlaridan kelib chiqib bu ishga shoshmasdan, bosqichma-bosqich o‘tish zarurligini ta’kidladi. Demak, energetika tizimi bo‘yicha erkin bozorgacha hali bor. 

OAVda muhokamalarga sabab bo‘lgan yana bir messej shu ediki, bu gaz qazib chiqarishga oldin berilgan barcha litsenziyalarning qayta ko‘rib chiqilishi va samarasiz ishlayotgan korxonalarning yopilishi. Ammo hozircha nechta kompaniyaga litsenziya berilgani, kimlar bu ish bilan shug‘ullanayotgani borasida aniq ma’lumot yo‘q. Hatto ba’zi bir korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlar borasida vazirlik xodimlari buning yashirin ma’lumotlar ekanini ham ta’kidlagan edi. 

Prezident tomonidan aynan enegetika borasida bunday chiqish qilinishiga xalqaro vaziyat ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki, Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi sabab dunyo energetik inqirozga yoqasiga kelib qoldi. Bundan tashqari, gaz bo‘yicha Rossiya bilan noteng shartnomalar fonida, mahalliy iste’mol uchun gazning yetishmasligi muammosi kelib chiqqani vaziyat haqida gapirib, xalqni tinchlantirish ham kerak edi. 

Umuman yuqorida ko‘rib chiqilgan nuqtalar doim ham dolzarb bo‘lib kelgan. Ularning yuqori minbarda turib yangrashi boshqalarga o‘ziga xos xabarnoma sifatida ko‘rilishi ham mumkin. Hozircha aniq xulosalar berish bir oz qiyin. Aniq kartina hosil bo‘lishi uchun chuqurroq tahlillarga ehtiyoj bor.

Jahongir Ostonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

420

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing