Koronavirus sportga qanday zarba beryapti?
Sport
−
29 fevral 2020
4440Xitoyda paydo bo‘lgan COVID-19 virusining jo‘g‘rofiyasi tobora kengayib bormoqda. Yevropa mamlakatlari orasida Italiya koronavirusning o‘chog‘i, deya ta’riflanmoqda.
Viruc Italiyada qayd etilganidan buyon, qit’aning 10 ga yaqin davlatiga tarqaldi. Bu ham yetmagandek, Jazoir, Braziliya va Gruziya kabi boshqa kontinentdagi mamlakatlarga ham yetib bordi. Virus epidemiyasi alaloqibat sportga ham ta’sir ko‘rsata boshladi.
Xo‘sh, koronavirus epidemiyasi sportga qanday qilib o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda? Epidemiyadan asosan futbol ixlosmandlari aziyat chekyapti. Quyida koronavirus sabab qoldirilgan futbol uchrashuvlari, ushbu virusdan kasallangan ilk sportchi, shuningdek, koronavirus sabab vafot etgan futbolchi haqida batafsil bayon etilgan.
Koronavirusni yuqtirib olgan futbolchi kim?
Avvaliga A seriya tur uchrashuvlari noma’lum muddatga qoldirildi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, A seriya tur uchrashuvlari muxlislarsiz o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Italiya S seriyasida ishtirok etuvchi “Pyaneze” jamoasi futbolchisi koronavirusga chalindi va davolanish uchun shifokorlar nazoratiga olindi.
“Pyaneze” klubi futbolchisi sport olamida koronavirusni yuqtirib olgan dastlabki sportchi bo‘ldi. Futbolchining shaxsi ma’lum emas, qolaversa, u qanday qilib ushbu virusni yuqtirib olgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Koronavirus sababli Italiya A seriyasi navbatdagi turidan o‘rin olgan “Yuventus”-“Inter” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv muxlislarsiz o‘tkaziladigan bo‘ldi.
“Liverpul”ga mavsum og‘ir keladiyov...
Koronavirus sabab “Liverpul” chempionlik unvonidan quruq qolishi mumkin. Agar virusning tarqalishi tufayli mavsum qisqartiriladigan bo‘lsa, “Liverpul” ushbu mavsumda APL bosh sovrinini qo‘lga kiritolmaydi.
Kasallikning tarqalishi Buyuk Britaniyada ikki oy davomida barcha sport turlarini bekor qilish ehtimolini oshirdi. Bu chempionatlar o‘yinlarining bir qismi o‘tkazilmasligiga olib keladi.
Agar Angliya Premer-ligasi mavsumi to‘xtatilsa, klublarning hozirgi natijalari saqlanib qolinishi yoki bekor bo‘lishi borasida muzokara olib boriladi.
Ilham Sheyxi vafot etdi
Koronavirus Osiyoda Xitoydan keyin Eronda katta tezlik bilan tarqalmoqda. Hozirgi kunga kelib ushbu davlatda 338 nafar eronlik koronavirusga chalingan. Virus qurbonlari soni esa 34 nafarga yetdi.
Koronavirus Eronda tezlik bilan tarqalmoqda. Ayollar futzali bo‘yicha Eron milliy terma jamoasi a’zosi Ilham Sheyxi koronavirus yuqtirib, shifoxonaga yotqizilgandi. 10 kunlik tibbiy muolajalardan so‘ng, futzalchi qiz vafot etdi.
Osiyo Chempionlar ligasi
Xabaringiz bor, Toshkentning “Paxtakor” jamoasi joriy yilning 3 mart kuni Osiyo Chempionlar ligasi 3-tur doirasida, safarda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga qarshi bahs olib borishi kerak edi. Lekin, koronavirus Saudiya Arabistoniga ham kirib borgani sababli, o‘yin noma’lum muddatga qoldirildi.
Bundan tashqari, kelasi haftada bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionlar ligasi uchrashuvlari koronavirus tufayli Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan noma’lum muddatga qoldirildi.
Saudiya Arabistonida Hindistondan kelgan va shifoxonada ishlovchi hamshirada koronavirus aniqlangan. Hozirda uning ahvoli yaxshilanayotgani aytilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtga qadar koronavirus bilan xastalanganlar dunyo bo‘ylab 85212 nafarni tashkil etmoqda. Virusni yuqtirib olish natijasida 2924 kishi vafot etdi. Yana 39503 kishi esa koronavirus xastaligidan to‘liq tuzalgan.
Jahongir Sotvoldiyev
LiveBarchasi