Koronavirus pandemiyasi 10 yil davom etishi taxmin qilinmoqda — Mirziyoyev

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektorda O‘zbekistondagi epidemiologik holat murakkablashganiga to‘xtalib, vaksinatsiyani jadallashtirish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

“Men jahonning yetakchi olimlari tadqiqotlari bilan qiziqdim: koronavirus pandemiyasi 10 yil davom etishi taxmin qilinmoqda. Biz endi bu virus bilan yashashni o‘rganishimiz zarur”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, koronavirus tarqalishi yana kuchayib ketgan.

“Afsuski, kasallik tarqalishi yana kuchayib ketdi. Vaziyat murakkab, bunday vaziyatda esa asosiy chora — vaksinatsiyani kuchaytirish. 3 mln doza Moderna vaksinasini 4 avgustda emas, ertaroq olib kelyapmiz. O‘zimizda “Sputnik” vaksinasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz.

Endi faol emlanish zarur. Meni hayron qoldirayotgani ziyoli odamlar ham vaksina olishdan qaytarishyapti. Xalqimiz salomatligini saqlash uchun barcha choralarni ko‘ramiz”, deydi Prezident.

Davlat rahbari hukumat har bir fuqaro hayoti uchun kurashishda va buning uchun zarur vositalarni yo‘naltirishda davom etishini ta’kidlab, fuqarolar o‘z hayotlari va salomatliklari uchun mas’ul ekanliklarini yana bir bor eslatib o‘tgan.

“Vaksina olganlar shifoxonadan to‘rt kunda chiqyapti, emlanmaganlarga esa juda og‘ir bo‘lyapti. Ha, vaksina olgandan keyin kasallanish mumkin, lekin kasallik yengil formada kechyapti”, deya qayd etgan davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi orqali ajratilgan Moderna vaksinasining 3 million dozasi 29 iyul kuni maxsus reys bilan O‘zbekistonga yetkazilishi kutilmoqda.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi bo‘yicha antirekord deyarli har kuni yangilanmoqda. Joriy yil 27 iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 126627 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi sutkada 843 kishida koronavirus aniqlangan. O‘tgan bir sutkada 8 nafar bemor ushbu kasallikdan vafot etgan.


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

206

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing