Konstitutsiyaviy islohotlar va yangilanayotgan Konstitutsiya xorijiy ekspertlar tomonidan baholandi

Biznes

image

2023 yilning 18 aprel kunlari Toshkent shahri Kongress-holida “Konstitutsiyaviy islohotning mazmuni va mohiyati: Yangi O‘zbekiston – yangilanayotgan Konstitutsiya” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan tashkil etildi.

Ushbu muhim xalqaro forumda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Avstriya, Belgiya, Vengriya, Sloveniya, Polsha, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi mamlakatlardan yetakchi siyosatchilar, davlat arboblari, ekspertlar va olimlar ishtirok etdi. Bundan tashqari BMT, BMT TD, YeI va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning bir qator vakillari ham tadbirda hozir bo‘lishdi.

Xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning ahamiyatini aholi va xalqaro jamoatchilikka yetkazish, mahalliy va xorijiy ekspert-tahliliy doiralar vakillari, taniqli xuquqshunoslar va olimlarning konstitutsiyaviy islohotlar haqidagi fikr-mulohazalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Xalqaro konferensiya ishida yangilangan Konstitutsiyada o‘z ifodasini topayotgan muhim o‘zgarishlar, ijtimoiy, huquqiy va dunyoviy davlat tamoyillarini rivojlantirishning, demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning konstitutsiyaviy asoslari kabi masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda inson huquqlari himoyasi, xususiy mulk dahlsizligini ta’minlashning konstitutsiyaviy kafolatlari bilan bog‘liq normalar ishtirokchilarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi. Konstitutsiyaviy islohotlarning xususiy mulk daxlsizligi, erkin rivojlanish, sog‘lom raqobat, tadbirkorlik, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi kabi ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan uchinchi sessiyada ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti rivojlanishining konstitutsiyaviy mexanizmlarini kuchaytirish – tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi, mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va makroiqtisodiy barqarorligining eng muhim kafolati to‘g‘risidagi ma’ruzalar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari sessiyada yagona iqtisodiy makonni shakllantirish, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish bilan bog‘liq konstitutsiyaviy yangiliklar muhokama qilindi. Konferensiya ishtirokchilari qulay va ishbilarmonlik muhiti, yerga bo‘lgan xususiy mulk huquqining konstitutsiyaviy kafolatlari masalalariga e’tibor qaratishdi.

Davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, davlat va jamiyat qurilishi tizimida fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, fuqarolik jamiyatining bazaviy asosi – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va mahalliy ahamiyatga ega masalalarni mustaqil ravishda hal qilishga bo‘lgan huquqlarini kengaytirish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy yangiliklarga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyada asosiy ma’ruzachi hamda munozaralarda so‘zga chiqqan notiqlar, shuningdek, Konstitutsiyaning yangilanishi so‘ngi olti yil ichida erishilgan yutuqlarni mustahkamlashi hamda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish, milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish, mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish bo‘yicha yangi marralatni zabt etishga umid bildirildi.

Polshalik davlat va siyosat arbobi, mazkur mamlakatning sobiq prezidenti Aleksandr Kvasnevskiy yangilanayotgan Konstitutsiyada qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, mustaqil sud hokimiyati va OAV erkinligini ta’minlash masalasiga alohida urg‘u berilayotganligini ta’kidladi. 

Vengriyalik olim Aleksandra Doboyi, Fransiyaning Sciences Po siyosiy tadqiqotlar instituti professori Helena Alviar, Buyuk Britaniya parlamenti Jamoalar palatasi a’zosi Alan Xyu Kerns, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik milliy markazi direktori Saidzoda Izzatullo Xabibullo, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Sharqiy Yevropa, Rossiya va Markaziy Osiyo instituti yetakchi ilmiy xodimi Syuye Futsi singari xalqaro ekspertlar ham O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan muhim normalarning turli jihatlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.


Maqola muallifi

Teglar

yangilanayotgan Konstitutsiya xorijiy ekspertlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar