Konstitutsiya o‘zgarmasa, Erdo‘g‘an yana Prezident bo‘lolmaydimi?

Olam

image

Turkiyada ham mamlakatning oxirgi 40 yilda amalda bo‘lib kelayotgan Konstitutsiyasini o‘zgartirish masalasi kun tartibiga chiqqan. Ushbu mavzu haqida kecha, 1 sentyabr kuni mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya Oliy sudidagi nutqida gapirdi

Erdo‘g‘anning qayd etishicha, Turkiyadagi deyarli barcha Konstitutsiyalar – favqulodda davrlar mahsuli. Bu uzoq vaqtdan beri tilga olinayotgan muammo ekanlini ifoda etgan Prezident, joriy Konstitutsiyaning ham 1980 yildagi davlat to‘ntarishidan keyin tayyorlanib, kuchga kirganini eslatdi.

“1982 yilgi Konstitutsiyada bizdan oldingi hukumatlar ham, biz ham juda ko‘p tub o‘zgarishlar qilgan bo‘lsak-da, bizda mavjud bo‘lgan materiallar to‘ntarish davri mahsuli ekanini rad etolmaymiz. Shu sababdan biz bir necha bor siyosiy partiyalarni yangi Konstitutsiya tayyorlashga chaqirdik. Ba’zan kuchsiz bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda Assambleya doirasida qandaydir qadamlar tashlandi. Boshqa siyosiy partiyalar bilan kelisha olmaganimiz uchun Assambleyadagi harakatlarimiz hech qanday natija bermadi. Shunga qaramay, biz harakatimizni davom ettirdik. Prezidentlik boshqaruv tizimiga o‘tganimizdan so‘ng biz yangi qadam tashladik”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, o‘tgan yili uning rahbarligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi siyosiy partiyalarni mamlakatning yangi Konstitutsiyasini qabul qilishga chaqirgan va muzokaralar uchun asos bo‘lgan loyihani tayyorlagan. Biroq, bu harakat va chaqiruvlar javobsiz qolgan, boshqa partiyalardan Konstitutsiyaning aniq loyihasi olinmagan. 

“Biz haligacha mamlakatimizga inson huquqlari va qonun ustuvorligiga asoslangan yangi fuqarolik, demokratik va erkin Konstitutsiyani olib kela olmadik. Lekin biz umidimizni yo‘qotmadik, yo‘qotmayapmiz. Umid qilamizki, yangi Konstitutsiya ishini siyosat muhiti bunday qadam uchun mos bo‘lganda yana boshlashimiz mumkin”, deydi Prezident.

Turkiyada mamlakat Konstitutsiyasini o‘zgartirish bir necha yillardan buyon katta muhokamalar va tortishuvlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Yangi Konstitutsiya tashabbuskori, loyiha muallifi Erdo‘g‘an va uning iqtidordagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi. Boshqa tomondan mamlakat Konstitutsiyasini o‘zgartirish Erdo‘g‘an aytganchalik davlat to‘ntarishi asoratlaridan voz kechish emas, mamlakatning amaldagi rahbariga yana bir bor saylanish imkoniyatini yaratish sifatida baholanmoqda. 

Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakat boshqaruviga 2003 yilda yilda keldi. U “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan mamlakat Bosh vazirligiga saylandi. O‘sha vaqtda davlatni Bosh vazir boshqarar edi. 2014 yilga kelib, Erdo‘g‘an Prezident lavozimini egalladi. 2018 yilda Bosh vazir lavozimi tugatildi va respublika boshqaruvi to‘liq Prezident qo‘liga o‘tdi. 

Turkiyaning amaldagi Konstitutsiyasiga ko‘ra, Prezident 5 yil muddatga eng ko‘pi bilan ikki marta saylanishi mumkin. Erdo‘g‘an esa 2014 yilda va 2018 yilda (muddatidan avval) o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida nomzod bo‘lib, g‘alaba qozongan. Amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra, uning takroran saylanish huquqi yo‘q. Turkiya navbatdagi prezidentlik saylovi esa 2023 yil 18 iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. 

Muxolifat bo‘lmagan siyosatchilarga ko‘ra, Turkiyada boshqaruv shakli “prezidentlik boshqaruvi”ga o‘tkazilgani uchun ham Erdo‘g‘anning yana saylovda qatnashish huquqi bor va ushbu muddat uning ikkinchi muddati sifatida baholanishi lozim.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

113

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing