Samarqand qog‘ozi qanday tayyorlanadi?

Intervyu

QALAMPIR.UZ jamoasining Samarqandga bo‘lgan safari Konigil qishlog‘ining “Meros” ustaxonasida davom etdi. Fabrikada qadimiy Samarqand qog‘ozi yaratiladi. Manbalarda yozilishicha, hali Yevropada papirus hamda pergament asosiy yozuv ashyosi sifatida foydalanilayotgan bir paytda Sharq mamlakatlarida allaqachon qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandi. Bu esa, ayniqsa, hozirgi Markaziy Osiyo hududlarida qo‘lyozma kitoblarning yoyilishiga keng imkoniyat yaratdi.

Fabrika darvozasidan qadam bosishning o‘zida qadimiylik isi ufuradi. Yog‘och charxpalak, qadimiy ustunlar, suvlarning sharillab oqishi, baland past ko‘chalar, yog‘och eshiklarning ochilishidagi qadrdon ovoz, bularning bari Samarqand.

Ustaxonaga kirar ekansiz, birinchi bo‘lib qadimiy Konigil qishlog‘i xaritasiga ko‘zingiz tushadi.

Muxbir Charos Shodmonqulova ustaxona asoschisi Zarif Muxtorov suhbatini oldi.

Ch.Sh.: — Hormang, samarqand qog‘ozi tayyorlashda birinchi nima qilinadi?

Z.M.: — Ishni birinchi bo‘lib bir yil ichida quritilgan novdalarni 2 kun davomida suvga solib po‘stlog‘ini ajratishdan boshlaymiz. So‘ng ularni po‘stini olib o‘t yoqib, qaynatamiz.

Ch.Sh.: — Qaynatishda nimalar muhim?

Z.M: — Biz qaynatadigan suv Siyob kanalining suvi shuning uchun ham Samarqand qog‘ozining boshqa qog‘ozlardan sifat jihatidan ancha farqi bor. Po‘stloq tegirmonda oson va tez ezilishi  uchun 4-5 soat qaynatilishi kerak.

Ch.Sh.: — Bir marta qaynatilgan suv keyingi jarayonda ham ishlatiladimi?

Z.M.: — Yo‘q bu suv faqat bir marta ishlatiladi. Endi keyingi jarayon tegirmon. Bu yerda qaynatilgan po‘stloq tegirmonda eziladi. Boya “yumshoq” holatda edi. Endi biz uni “bo‘tqa” holatiga keltiramiz. Tegirmondagi jarayon 4 soat davom etadi.

Ch.Sh.: — Bir kunda nechta qog‘oz ishlab chiqariladi?

Z.M.: — Bir kunda 100-150 dona qog‘oz ishlab chiqariladi.

X asrning oxirlariga kelib, Samarqand qog‘ozi papirus va pergament o‘rnini tamoman egalladi.

O‘rta asrlarda Samarqandda qog‘ozsozlik keng ravnaq topdi. Tadbirkor ajdodlarimiz o‘z mahsulotlarini nafaqat qo‘shni davlatlar, balki Buyuk Ipak yo‘li orqali Yevropa bozorlariga olib chiqishdi. Tabiiyki, ushbu jarayon natijasida jahon olimlari, yozuvchi hamda shoirlar, kotibu naqqoshlar yurtimizda tayyorlangan yuqori sifatli qog‘ozlardan foydalana boshlashdi.

Samarqand qog‘ozi kashfiyoti natijasida dunyo nashriyotchiligi shakllandi hamda ravnaq topdi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda qog‘oz ishlab chiqarish sanoati yanada rivojlandi. Ushbu qog‘oz bugungi kunda ham jahonning eng sifatli qog‘ozlari sirasiga kiradi.

Meros ustaxonasida aka-uka Muxtorovlar 10 yildan buyon mehnat qilishmoqda. Fabrikada ish vaqti 12 soat. Mehnat va vaqtni taqqoslaydigan bo‘lsak, hunarmandlarimizga va ular ishlab chiqarayotgan mahsulot sifatiga qoyil qolishimiz kerak. Sababi bir kunda atigi 100-150 dona qog‘oz tayyorlanadi.

1


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand qog'ozi

Baholaganlar

40

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar