Komiljon Allamjonov yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
08 fevral 2019
18145Komil Allamjonov rasman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ning Hukumatdagi manbasi xabar bermoqda.
2019 yil 4 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev "Komil Ismailovich Allamjonovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida"gi farmoyishni imzolagan.
Bir necha kun ilgari qabul qilingan agentlik faoliyatini tashkillashtirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga binoan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘z maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosariga tenglashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Komiljon Allamjonov mamlakat siyosiy diorasidagi eng yosh amaldorlardan biri sanaladi. U 1984 yilning 18 sentyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Ilk faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi – “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informatsion ko‘rsatuvida boshlagan.
Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davri bilan bog‘liq. Allamjonov 2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan edi.
2018 yilning 29 noyabr kuni u O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi direktori lavozimiga tayinlangandi.
LiveBarchasi