Komilov O‘zbekiston geosiyosiy joylashuvining “minus” tomonlarini aytdi 

Jamiyat

image

Dengizlarga chiqish hamda transport kommunikatsiyalari masalalari O‘zbekiston geosiyosiy joylashuvining muammoli tomonlari hisoblanadi. Markaziy Osiyo mintaqasining markazida joylashganligi esa uning ustunligidir. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rossiyalik jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi.

“Shuni tushunish kerakki, O‘zbekiston muayyan pozitsiyani egallab turibdi. Bir tomondan, bu afzallik – Markaziy Osiyoning markazida joylashganligi. Boshqa tomondan, bunday noyob pozitsiya bilan bog‘liq muammolar ham mavjud – dengizlarga chiqish, transport kommunikatsiyalari va qo‘shni davlatlar bilan ikki tomonlama xarakterdagi ba’zi hal etilmagan muammolar”, deydi Komilov. 

TIV rahbari so‘zida davom etar ekan, mintaqaning O‘zbekiston uchun ahamiyati hamda so‘nggi yillarda o‘rnatilgan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

“Bu yo‘nalishda ko‘p ishlar qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarlik qilgan yillar davomida ko‘plab masalalar o‘z yechimini topdi. Bugun mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit – o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik muhiti yaratildi. Bularning barchasi umumiy mintaqamizda tinchlik va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida yanada jadal sur’atlar bilan olg‘a borish imkonini beradi. Mening fikrimcha, bu har doim o‘zgarmas qoladi. Chunki biz shu yerda yashaymiz, yonma-yon yashashda, hamkorlik qilishda davom etamiz”, deydi vazir.

Vazir Markaziy Osiyodagi xavfsizlik O‘zbekiston Tashqi siyosatining ustuvor masalasi ekanini ta’kidladi. 

“Ikkinchi masala – mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik. O‘zbekiston atrofida farovonlik kamarini yaratmasdan turib, iqtisodiy, siyosiy, sotsial-demokratik islohotlarimizni muvaffaqiyatli amalga oshira olmaymiz. Bu borada mintaqaviy xavfsizlik siyosatimizning barqaror va uzoq muddatli muhim yo‘nalishi hisoblanadi”, deydi u. 

Bundan tashqari, vazir O‘zbekistonning tashqi siyosatida yaqin kelajakda tebranishlar kutilmasligini qo‘shimcha qildi. 

“Tabiiyki, boshqa omil ham bor: bizning buyuk davlatlar – Rossiya, AQSH, Xitoy, mintaqaning yirik o‘yinchilari – Hindiston, Pokiston, Eron va boshqalar bilan munosabatlarimiz. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi kabi boshqa mintaqalar ham mavjud. Tashqi siyosatimizning ko‘rsatilgan yo‘nalishlari va ustuvorligi, hech bo‘lmaganda, yaqin kelajakda o‘zgarmasligidir va keskin tebranishlar ham kutilmaydi”, deydi Komilov. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

214

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing