Komilov Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi “C5+1” uchrashuvida qatnashdi

Jamiyat

image

Bugun, 23 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov videokonferensiya orqali Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tashqi siyosat idoralari rahbarlarining “C5+1” shaklidagi navbatdagi uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibi qatnashdi.

Ma’lum qilinishicha, tashqi siyosat idoralari rahbarlari iqtisodiyot, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda Afg‘onistonda mustahkam tinchlikka erishishga ko‘maklashish yo‘nalishlaridagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashgan.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini chuqurlashtirish, mintaqada barqarorlikni ta’minlash va uning iqtisodiy taraqqiyotiga erishish O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanishi qayd etilgan.

O‘zbekiston TIV rahbari iqlim o‘zgarishi tahdidlarini samarali hal qilish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish masalalariga to‘xtalgan. Vazir tadbir ishtirokchilari diqqatini Orol dengizi falokatining Markaziy Osiyodagi ekotizim va bioxilma-xillikka ko‘rsatayotgan salbiy ta’siriga qaratgan. Shu nuqtayi nazardan Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha BMT shafeligidagi ko‘psheriklik Trast fondi doirasidagi hamkorlikni faollashtirishning muhimligi e’tirof etilgan.

Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalari va ekologik barqaror innovatsiyalarni joriy etish, suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirsh va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tashqi siyosat idoralari rahbarlarini joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaga taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

35

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing