Komilov Dushanbeda Yevropa diplomatiyasi rahbari bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 22 noyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Josep Borrel hamda Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yutta Urpilaynen bilan uchrashuv o‘tkazdi.

TIV Matbuot xizmatining xabar berishicha, tomonlar O‘zbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari, ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi va turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvalini muhokama qilgan. Xalqaro va mintaqaviy siyosatga doir mavzular, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan.

Ma’lumot o‘rnida, bugun Dushanbe shahrida “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili ishtirok etdi. Unda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning dolzarb masalalari, xavfsizlikning umumiy muammolari, savdo, investitsiya, ekologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘z nutqida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning innovatsion modelini shakllantirish, uzoq muddatli istiqbolda yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash bo‘yicha qat’iy choralarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. 

Tariflarni uyg‘unlashtirish, bojxona tartiblarini soddalashtirish, barcha biznes sub’ektlari uchun teng sharoitlar yaratish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali hududlararo va mintaqalararo savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Afg‘onistonda gumanitar falokatning oldini olish, mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, afg‘on tomoni bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tezkor va o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekiston tomonidan yashil iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi. O‘zbekiston tomoni Yevropa Ittifoqi bilan ushbu yo‘nalishdagi aloqalarni, jumladan, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondi doirasida hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi bildirildi. Uchrashuv yakunida Qo‘shma kommyunike qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

15

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing