Komil Allamjonov “Ozodlik” nashri ishlari bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov keyingi paytlarda “Ozodlik” nashri o‘zbek xizmati jurnalistik etikaning umum qabul qilingan me’yorlariga zid ravishda faoliyat yuritayotgani yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.

“O‘zbekistonda so‘z erkinligi va matbuot mustaqilligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar doirasida xorijiy OAV faoliyati uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. 

So‘nggi paytda bir qator xorijiy axborot agentliklari, jumladan, “Voice of America”ning o‘zbek xizmati, “Fergana”, “Eurasianet”, “China News Service” va boshqa tashkilotlarning muxbirlari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xorijiy axborot agentliklari va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari veb-resurslaridan to‘laqonli foydalanishni ta’minlash bo‘yicha ish olib bormoqda. Xususan, yaqinda “Ozod Yevropa radiosi / Ozodlik radiosi”ning ingliz tilidagi asosiy saytiga kirish imkoniyati tiklandi. Ushbu harakatlar yurtimizdagi keng jamoatchilik va xalqaro tuzilmalar, jumladan, YeXHT ning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir tomonidan e’tirof etildi.

Ayni paytda, Agentlik “Ozod Yevropa radiosi / Ozodlik radiosi”ning o‘zbek xizmati jurnalistik etikaning umum qabul qilingan me’yorlariga zid ravishda faoliyat yuritayotganidan taassufda ekanini bildiradi. 

“Ozodlik” tahririyatining noxolis va asosan ishonchsiz materiallarni nashr etishga qaratilgan bir yoqlama va yanglish siyosati jamoatchilik, umuman global auditoriyaning chalg‘ishiga sabab bo‘lib, bu vaziyat ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy va maishiy masalalarga qasddan siyosiy tus berish, aldov yo‘li bilan ma’lumot to‘plash hamda audioyozuvlarni soxtalashtirish holatlari hayratlanarlidir.

Ta’kidlash joizki, 2018 yil sentyabr oyida Toshkentda “Ozod Yevropa radiosi / Ozodlik radiosi” rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davomida O‘zbekiston ikki taraflama o‘zaro manfaatli munosabatlarga tayyor ekani bildirilgan edi. "Ozodlik" jurnalistlariga o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni olishlarida va hukumat idoralari bilan aloqa o‘rnatishlarida ko‘maklashishni ko‘zda tutuvchi hamkorlik taklif etilgan edi. Afsuski, bugunga qadar ular tomonidan hech qanday javob bo‘lmadi.

Fursatdan foydalanib, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi respublika hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarini jurnalistikaning "vijdon kodeksi"ga rioya etishga va asoslanmagan fikrlar, mish-mishlar tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslikka takroran chaqiradi.

Agentlik axborot sohasida, jumladan, OAV xodimlarining huquqlarini himoya qilish, ularning professional saviyasini ko‘tarish, fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirish, hukumat idoralari faoliyati shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatda raqobatbardosh mediabozorni yaratish borasida olib borilayotgan islohotlar doirasida hamkorlikka tayyorligi va ochiqligini yana bir bor ma’lum qiladi”, deyiladi bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

Ozodlik radiosi

Baholaganlar

45

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar