Kollej direktorining kirdikorlari 2 yildan keyin fosh bo‘ldi
Jamiyat
−
21 avgust 2020
12403Ohangaron pedagogika va ijtimoiy iqtisodiyot kolleji direktori mazkur kollejda umuman o‘qimagan qizga diplomni rasmiylashtirib bergan. Mazkur diplom bilan fuqaro ishga ham joylashib, 2 yil davomida ishlagan.
Ohangaron tuman prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari jarayonida aniqlanishicha, Ohangaron pedagogika va ijtimoiy iqtisodiyot kolleji direktori lavozimida ishlovchi fuqaro B.D. tanishi M.N. bilan oldindan til biriktirib, jinoiy ishga qo‘l urgan.
N.M. garchand mazkur kollejda tahsil olmagan bo‘lsa-da, kollejning ixtisoslashtirilgan (maxsus) va boshlang‘ich ta’lim muassasalari tarbiyachisi yo‘nalishi bitiruvchi talabasi A.S. nomiga berilishi lozim bo‘lgan diplomni qayd etish daftariga soxtalashtirib, diplomni N.M.ning nomiga qalbakilashtirilgan.
Qalbaki diplom bilan fuqaro N.M. 2018 yil sentyabr oyida Ohangaron shahridagi 4-sonli maktabga boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi vazifasiga ishga kirgan.
Kollej direktori B.D. Jinoyat kodeksining 209-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor, deb topilib, 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huququqidan mahrum etilgan. Unga 1 yil 2 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Fuqaro N.M.ga esa uch nafar farzandlarini yolg‘iz o‘zi tarbiya qilayotganligi, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini, aybini og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 70 moddasiga asosan jazodan ozod etilgan.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi