Kobul faollashdi: “Tolibon”ning 160 nafar a’zosi yo‘q qilindi
Olam
−
15 iyun 2021
9206So‘nggi vaqtlarda OAVda “Tolibon” harakati Afg‘onistonning qator tumanlarida o‘z nazoratini o‘rnatgani haqida xabarlar tarqalgandi. Harakat AQSH qo‘shinlari mamlakatni tark etishni boshlashi bilan faollashib qolgandi. Ammo bugungacha Afg‘oniston hukumati toliblarga u yoki bu shaklda javob qaytargani haqida hech qanday xabar berilmagandi. Aftidan, rasmiy Kobulning harakatsizligi nihoyasiga yetgan ko‘rinadi.
Negaki kecha, 14 iyun kuni Afg‘oniston mudofaa va xavfsizlik kuchlari “Tolibon” harakatining 160 jangarisini yo‘q qildi. O‘tgan kun davomida 9 ta viloyatda olib borilgan operatsiyalarda harakat a’zolarining 100 dan ortig‘i jarohatlangan, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiyalar natijasida so‘nggi 24 soat ichida Qunduz, G‘azni, Badg‘is, Hirot, Hilmand, Go‘r, Nangarhar, Vardak va Badaxshon viloyatlarida 160 nafar tolib o‘ldirildi va 108 nafari yaralandi.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” iyun oyining boshidan beri Afg‘onistonning Davlat Obod, Faryob provinsiyasining Qaysar hamda Ghor provinsiyasining Shahrek va Uruzgan provinsiyasining Gizob tumanlarini o‘z nazoratiga oldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
Islomjon Omonjonov
LiveBarchasi