KXDRda koronavirus aniqlandi
Olam
−
12 may 2022
7434Shimoliy Koreya hukumati mamlakatda koronavirus infeksiyasining birinchi holatini aniqladi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA) bugun, 12 may kuni xabar berdi.
“Mamlakatda yirik favqulodda holat yuz berdi, 2020 yilning fevral oyidan boshlab ikki yilu uch oy davomida ishonchli himoyalangan epidemiyaga qarshi front buzildi. 8 may kuni poytaxtda to‘plangan namunalar tahlillari natijalari sinchiklab o‘rganilgandan so‘ng, ular so‘nggi paytlarda butun dunyo bo‘ylab tez tarqalayotgan “omicron” BA.2 shtammining kichik turiga to‘g‘ri kelishi aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosining yig‘ilishi chaqirilib, unda KXDR yetakchisi Kim Chen In ishtirok etgan.
“Xavfsizlik bo‘shliqlarining oldini olish uchun hamma narsani qilishimiz kerak, biz chegaralarda va frontda [koronavirusga qarshi kurash] ishni faollashtirishimiz kerak”, degan u.
Bungacha mamlakat rasmiylari koronavirus bilan kasallanish holatlari aniqlangani haqida xabar bermagan edi.
Koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan keyin Kim Chen In mamlakatning barcha shahar va tumanlarida karantin joriy etishni buyurgan. Uning ta’kidlashicha, “mamlakatning barcha shahar va tumanlarida ehtiyotkorlik bilan blokirovka qilish orqali virus tarqalishini to‘liq to‘xtatish” zarur. Bundan tashqari, u “xo‘jalik va ishlab chiqarish faoliyatini har bir korxona va turar-joy binosi izolyatsiya qilinadigan tarzda tashkil etishga” ko‘rsatma bergan.
Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylarning vazifasi virusni imkon qadar tezroq “yo‘q qilish”, tezkor davolashni tashkil etish va tarqalishining oldini olishdan iborat. KMP Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi yig‘ilishida milliy sog‘liqni saqlash tizimini “maksimal favqulodda karantin” rejimiga o‘tkazish zarurati bildirilgan.
Pandemiya sharoitida KXDR hukumati 2020 yil boshida mamlakatni infeksiyadan himoya qilish, jumladan, davlat chegaralarini yopish uchun favqulodda choralar ko‘rgandi. “Yonhap” axborot agentligining xabar berishicha, Pxenyan xalqaro COVAX mexanizmi mamlakatga koronavirusga qarshi vaksinalarni yetkazib berishga rozi bo‘lmagan. Shundan so‘ng KXDRga dori vositalarini yetkazib berish kvotasi bekor qilingan, ular boshqa mamlakatlarga yo‘naltirilgan.
LiveBarchasi