KXDR Putinga yoqadigan bayonot bilan chiqdi
Olam
−
04 Oktabr 2022
35628Dunyoning eng yopiq va totalitar diktatura hukm suradigan davlati Koreya Xalq Demokratik Respublikasi hukumati Ukrainaning Donbass mintaqasida ayirmachilar tomonidan tuzilgan, tan olinmagan DXR va LXR, Zaporoje va Xerson viloyatlarida Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha o‘tkazilgan bir tomonlama “referendum” natijalarini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda bugun, 4 oktyabr kuni Koreya Markaziy axborot agentligi xabar berdi.
“Biz Rossiya bilan qayta birlashish istagida bo‘lgan rezidentlarning xohish-irodasini hurmat qilamiz va Rossiya hukumatining ushbu hududlarni mamlakat tarkibiga kiritish bo‘yicha pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi KXDRning xalqaro tashkilotlar departamenti rahbari Cho Chxol-su.
Uning fikricha, bir qutbli dunyoni saqlab qolish maqsadida Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik kengashini suiiste’mol qilyapti, mustaqil davlatlarning ichki ishlariga aralashyapti va ularning huquqlarini poymol qilyapti.
“Referendumlar BMT Nizomiga muvofiq, odamlarning teng huquqliligi va ularning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi prinsiplarini mustahkamlagan qonuniy tartiblarga muvofiq, ikki respublika va ikki davlat aholisining xohish-irodasini aks ettirishga imkon yaratgan holda o‘tkazildi”, deya qo‘shimcha qilgan KXDR diplomati.
Uning ta’kidlashicha, AQSH o‘z hukmronligini saqlab qolish uchun BMT Xavfsizlik Kengashidan qalqon va tajovuz vositasi sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan kunlar o‘tib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.
Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
LiveBarchasi