KXDR ikkita raketa uchirdi
Olam
−
13 Oktabr 2022 7142 2 daqiqa
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi kecha, 12 oktyabr kuni seriyali raketa sinovlarini davom ettirdi. Koreya markaziy axborot agentligi (KCNA) xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ikkita uzoq masofaga uchuvchi qanotli raketalarning uchirilishiga boshchilik qildi va ularning natijalaridan mamnun bo‘ldi.
Pxenyanning ta’kidlashicha, sinovlardan maqsad “yadroviy jangovar kuchlarning sezgirligini oshirish” bo‘lgan.
Janubiy Pyongan provinsiyasidan Sariq dengiz tomon uchirilgan raketalar 2000 kilometr masofani 10234 soniyada (3 soatdan sal kamroq – tahr.) bosib o‘tgan va nishonga aniq teggan, deya qayd etadi KCNA. Ayni paytda G‘arb ekspertlari bu raketalar yadro kallaklarini olib yurishga qodirligiga shubha qilmoqda.
Pxenyan tomonidan o‘tkazilayotgan bunday sinovlarni diqqat bilan kuzatib borayotgan Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSH tomonidan yangi sinovlar ro‘yxatga olinganmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Shimoliy Koreyaning qanotli raketalari, odatda, ballistik raketalarga qaraganda kamroq qiziqish uyg‘otadi, chunki ular BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarida aniq taqiqlanmagan, deb ta’kidlaydi “Reuters”.
Shimoliy Koreya sentyabr oyi oxiridan beri raketa sinovlarini tez-tez o‘tkazib kelmoqda. Oktyabr oyi boshida KXDR tomonidan uchirilgan ballistik raketa besh yil ichida birinchi marta Yaponiya arxipelagi ustidan uchib o‘tdi, bu Tokio, Seul va jahon hamjamiyatining boshqa vakillarining noroziligiga sabab bo‘ldi.
Bunga javoban AQSH va Janubiy Koreya “yer-yer” tipidagi ikkita raketani uchirdi. “Yonhap” agentligining Janubiy Koreya Bosh shtabiga tayanib xabar berishicha, Amerika va Janubiy Koreyaning ATACMS raketalari Yapon dengizi tomon yo‘naltirilgan. Seul tomonidan otilgan raketalardan biri harbiy baza hududiga tushgan.
Live
Barchasi