Kiyev metrosi odatdagi rejimiga qaytdi
Olam
−
07 may 2022
5269Urushning dastlabki oyida Ukraina poytaxti aholisi boshpana sifatida foydalangan Kiyev metrosi liniyalari odatdagi rejimiga qaytdi.
Ukraina armiyasi Kiyev viloyatidagi barcha aholi punktlari ustidan nazoratni qayta tiklaganidan so‘ng poytaxtda hayot normallashmoqda. Kiyevliklar har kuni shaharning turli qismiga borish uchun metro liniyalaridan foydalanmoqda.
Mamlakatda yoqilg‘i yetishmasligi shaxsiy avtomashinalar harakatida muammo tug‘dirmoqda. Hafta davomida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzun navbatlar yuzaga kelib, oxirgi ikki kunda yoqilg‘i savdosi butunlay to‘xtatilgan.
Rasmiylar muammoni bartaraf etish bir necha hafta davom etishini istisno qilishmayapti.
Kiyev politsiyasi zobiti Natalya Sichning ma’lum qilishicha, poytaxtdagi metro bekatlari katta chuqurlikda joylashgani uchun raketa hujumlariga chidamli. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushning birinchi kunidanoq metropoliten xodimlari ham poytaxtda tartibni saqlashga safarbar qilingan.
“Taxminan 45 kun davomida minglab odamlar metroda hujumlardan yashirindi. Kiyev aholisining bir qismi shaharni tark etishga majbur bo‘ldi. Men odamlarning qo‘rquvini va nimaga duch kelganini tushunmaganini ko‘rdim. Buni hech kim kutmagandi. Kimdir vahimaga tushdi, kimdir yig‘ladi. Ayniqsa, bolalarga achindim”, deb eslaydi u.
Familiyasini aytishni istamagan poytaxtlik Irina ham otishma paytida metroda panoh topganini aytdi.
“Biz qiyin kunlarni boshdan kechirishda davom etmoqdamiz. Men armiyamizni, yig‘layotgan onalarimizni o‘ylayman. Mamlakatimiz kurashishi kerak degan fikrga ko‘nika olmayapman. Men chin dildan hech bir davlat bunday voqeani boshdan kechirishini xohlamayman”, deydi u.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi