Kiyev aholisi yana “svet” yo‘qligidan aziyat chekmoqda
Olam
−
28 dekabr 2022
9282Ukraina poytaxti Kiyevning 300 mingdan ortiq aholisi elektr ta’minotisiz qoldi, ayrim uylarda issiqlik va suv ta’minoti yo‘q. Bu haqda, bugun 28 dekabr kuni shahar ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Nikolay Povoroznik ma’lum qildi, deb yozmoqda TASS.
“Biz yaqinda Kiyev shahrida elektr energiyasi bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldik. Biroq bugundan boshlab poytaxtning turli tumanlarida elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar kuzatilmoqda. Xususan, 28 dekabr kuni ertalab 300 mingdan ortiq iste’molchi Kiyev shahrida elektr ta’minotisiz qolmoqda”, deya izoh berdi Povoroznik.
Bundan tashqari, Povoroznikning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi uzilib qolgan hududlarda issiqlik va suv ta’minoti ham yo‘q.
“Bu birinchi navbatda ko‘p qavatli uylarga tegishli bo‘lib, ularda suv nasoslar orqali chiqarilishi kerak. Bu shahardagi ba’zi qozonxonalarga ham tegishli, biz hali generatorlar bilan jihozlashga ulgurmaganmiz”, deb tushuntirdi u.
Ukraina rasmiylari avvalroq mamlakat energetika infratuzilmasining 50 foizi yo‘q qilinganini e’lon qilgan edi. 9 dekabr kuni Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal mamlakatda elektr energiyasini iste’mol qilish bo‘yicha cheklovlar butun qish davomida saqlanib qolishini tan oldi, chunki barcha issiqlik va gidroelektr stansiyalari, shuningdek, yuqori voltli tarmoq ob’ektlarining 40 foizi turli darajada shikastlangan.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi