“Kishanlangan bolalik”. O‘zbekistonda bolalar ishonchli qo‘llardami?

Tahlil

Ammasining qurboniga aylangan qizaloq

“Onamga ayting, men uni yaxshi ko‘raman, bizni tashlab Rossiyaga ketmasinlar”. Bu so‘zlar Toshkent viloyatida ammasi tomonidan o‘ldirilgan 7 yashar qizaloqning oxirgi so‘zlari edi.

Kuni kecha tahririyatimizga Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Cho‘lobod qishlog‘ida yashovchi ayol 7 yashar jiyanini urib o‘ldirgani haqida xabar kelib tushdi. Aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot kotibi bilan bog‘landik va bu holat, afsuski, tasdiqlandi.

Gap shundaki, Bekobod tumani Zafar shaharchasida yashovchi er-xotin ikki nafar qizini Bo‘ka tumanida yashovchi singlisi qaramog‘iga ishonib topshirgan va Rossiyaga ishlagani ketgan. Ota-onasi xorijda ishlab yurganda, bolalar har kuni kaltak yeb, ammasi tarafidan zulm ko‘rgan. 

Joriy yilning 12 mart kuni soat 01:00 da vasiylikka ishonib berilgan ayol qarindoshlarining kichik qizi, 2017 yilda tug‘ilgan qizning dars tayyorlamagani va yolg‘on gapirganini vaj qilib, o‘zini qizning mazkur xatti-harakatlari uchun go‘yoki jazolayotgandek ko‘rsatib, o‘ta shafqatsizlik bilan uning tanasining turli joylariga qo‘llari va yog‘och bo‘lagi bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Ha, adashmadingiz, hali endi maktabga chiqqan qizaloqqa nisbatan bu vahshiylikni unga umuman begona inson emas, o‘z qarindoshi qilgan.

Mazkur holat yuzasidan 12 mart kuni Bo‘ka tumani Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 13 mart kuni qizning ammasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Oradan ikki kun o‘tib, 15 mart kuni tuman markaziy tibbiyot birlashmasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, qizaloq jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Bolaning ota-onasi janozaga ham yetib kelolmagan.

Shifokorlarning bildirishicha, qiz “onamga ayting, men uni yaxshi ko‘raman, bizni tashlab Rossiyaga ketmasinlar”, deya jon taslim qilgan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu bizga ma’lum bo‘lgan birgina holat, xolos. Ammo jamiyatda bir bora bo‘lsa ham qaysidir qarindoshingiz, qo‘shningiz yoki tanishingizni, farzandini boshqalarga tashlab Rossiyaga yoki boshqa davlatlarga pul topish vaji bilan ketgan ota-onalarni eshitgansiz, ko‘rgansiz. Afsuski, buning badalini begunoh bolalar to‘lamoqda. Ular ota-onasiz o‘smoqda, zulm ko‘rmoqda yoki yuqoridagi holat kabi qurbonga aylanmoqda.

Kishanlangan bola

Samarqandda 13 yashar bola oyog‘idan kishanlangan holda topilgani aks etgan videoni ko‘rgandirsiz. Eng dahshatlisi, bolaga nisbatan bunday tarzdagi zo‘ravonlik holatini maktab o‘qituvchisi sodir etganidir.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2011 yilda tug‘ilgan Paxtachi tumani “Qalqon-jasorat harbiy sport maktabi”da tahsil oluvchi 6-sinf o‘quvchisining vasiylari mazkur maktab o‘qituvchisini chaqirgan. Qizig‘i, ular o‘qituvchidan bolani xulqi og‘irligi tufayli Samarqand viloyati “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazi”ga olib borishni so‘ragan. “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bildirgan ma’lumotga ko‘ra, ayni damda o‘qituvchi ekani aytilgan shaxs huquqni muhofaza qilish organining sobiq xodimi bo‘lgan.

2024 yil 15 mart kuni maktab o‘qituvchisi go‘yoki avtomashinadan tushib qochib ketmasin, degan vaj bilan bolani avtomobilning orqa o‘rindig‘ida g‘ayriqonuniy tarzda oyoqlarini temir zanjir bilan bog‘lab qo‘ygani aniqlangan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, biz o‘zi XXI asrda yashayapmizmi? Boshqa davlatlarda hayvonlarga nisbatan zo‘ravonliklar uchun odamlar ko‘chaga chiqib norozilik bildirayotgan bir paytda bizda qo‘shtirnoq ichidagi ayrim shaxslar bolalarga hayvonlarga ham qilinmaydigan munosabatda bo‘lishmoqda.

Ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilib, Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

“Bola qanday xulqda bo‘lishidan qat’i nazar unga nisbatan bunday g‘ayriinsoniy, noqonuniy chora ko‘rilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu bolaning erkinligi va shaxsiy daxlsizligi huquqiga ziddir”, deydi Bolalar ombudsmani.

Hozirda bolaga tibbiy, psixologik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilishi choralari ko‘rilmoqda.

Darvoqe, bu holatga Bolalar ombudsmanidan tashqari,O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi – Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ham munosabat bildirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilikni larzaga keltirgan bu hodisa ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga barham berish uchun hali yetarli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. 

“Bu qonunbuzarlik barchamiz uchun muborak Ramazon oyida sodir etilgani kishini battar qayg‘uga soladi”, deydi Mirziyoyeva.

U mamlakatda birorta ham voyaga yetmagan shaxs bunday holatga tushib qolmasligi uchun jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishi yo‘lidagi sa’y-harakatlarni davom ettirishini ta’kidlagan. Shuningdek, Mirziyoyeva mazkur jinoyat fosh bo‘lishiga hissa qo‘shgan, o‘z vaqtida ichki ishlar organlariga xabar bergan jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirgan.

“Samarqandda ro‘y bergan voqea Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nazoratga olingan. Biroq biz quruq bayonot bilan cheklanib qolmay, jabrlanuvchining sog‘lomlashtirilishi, ta’lim olishi va normal sharoitda yashashi, barcha zarur sharoitlar yaratilishi uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatamiz. Kim bo‘lishidan qat’i nazar qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanishiga ishontirib qolaman”, deydi Mirziyoyeva. 

O‘quvchilarning boshini urishtirgan direktor

Samarqanddagi holatga o‘xshash voqea Qashqadaryoda ham sodir bo‘ldi. Faqat sal boshqacharoq, ya’ni maktab direktori o‘quvchilarning boshini urishtirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidagi maktablardan birining direktori o‘g‘il bolalarning boshini bir-biriga urishtirib, kaltaklayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Videoda direktor bolalarni maktab partasiga shikast yetkazmoqchi bo‘lgani uchun ayovsiz urganini ko‘rish mumkin.  Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ma’lum qilishicha, voqea bundan bir yil avval, 2023 yilning yanvar oyida viloyatning Yakkabog‘ tumanidagi 80-maktabda sodir bo‘lgan. 

Qayd etilishicha, maktab rahbari 2018 yildan buyon 80-maktab direktori lavozimida ishlab kelmoqda. 2023 yil 13 yanvar kuni maktabning 6-sinf (hozirda 7-sinf) o‘quvchilari sinfxona partalarini sindirishga uringan. Bu muhokamada direktor xonasida kadrlar menejeri va  boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ham bo‘lgan va ular bu holatga shunchaki tomoshabin bo‘lib qarab o‘tirgan.

Albatta, hozirda maktab direktorining faoliyati yuzasidan tekshiruv ishlari tayinlangan.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, videoda direktor parta bolaniki emas, davlatniki ekanini bot-bot takrorlagan. Shu bir buyum bolalarni ayovsiz kaltaklashga arziydimi? Partani topish mumkin, ammo bolalarning sog‘lig‘iga nimadir bo‘lganda-chi?

Darvoqe, yuqoridagi holatlarni sodir etgan shaxslar bolalarni tarbiyalash uchun ularni urish yo‘lini tanlagan va bu yo‘lni o‘z ish uslubiga aylantirib olgan odamlar ham bor.

Soxta logoped

Ijtimoiy tarmoqlarda logoped Dilorom Jabborovaning duduqlanishdan aziyat chekayotgan bolani so‘kinish orqali hamda qo‘rqitish usulida qo‘shtirnoq ichida “davolayotgani” aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Holat yuzasidan Yunusobod tumani Ichki ishlar organi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangandi.

Bolalar ombudsmaniga ko‘ra mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bildirilishicha, Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari tergov boshqarmasi olib borgan tergovga qadar tekshiruv materiallari Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan nazorat doirasida o‘rganilib, ekspertlar ishchi guruhi xulosasi va aniqlangan boshqa holatlar asosida, Jabborovaning harakatlarida aldash va odamlarning ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini va uning mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan. Shunday qilib, joriy yilning 27 fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Bolalar ombudsmani logoped Dilorom Jabborovaning ish uslubiga ilmiy va kasbiy baho berish uchun so‘rov kiritgan. Shu asosda malakali defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh o‘tkazgan o‘rganish natijasida Jabborovaning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekani, uning duduqlanishni bartaraf etishda qo‘llayotgan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik usullari bolalarning sog‘lig‘i va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zidligi to‘g‘risida xulosa berilgan.

Qayd etish joiz, shu va shunga o‘xshash holatlarning fosh etilishiga asosiy sababchi bu jim turmagan jamoatchilikdir. Agar bugun siz va biz indamasak, befarq bo‘lsak bolalar jamiyatning qurboniga aylanaveradi. O‘zingizni va farzandlaringizni ehtiyot qiling. QALAMPIR.UZ'da qoling.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing