Kirakashlar uchun yana bir majburiy sug‘urta tayyorlanmoqda

Jamiyat

image

Endi taksi haydovchilari yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Agar avtomobil yo‘l transport hodisasiga uchrasa, yo‘lovchilarga yetkazilgan zarar sug‘urta kompaniyasi hisobidan qoplanadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 15 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisda ko‘rib chiqilgan “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasida belgilanmoqda.

Qonun loyihasida haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqqa ega yengil avtotransportda yo‘lovchi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishda yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan ham tashuvchi maqomi berilishi ko‘zda tutilgan.

“Bunda haydovchi o‘zi olib yuradigan yo‘lovchilarning oldidagi fuqarolik majburiyatini sug‘urtalashi kerak. Bu o‘zgartirish Prezidentimizning 2021 yil 7 maydagi 5108-sonli qarori 9-bandi ijrosiga qaratilgan. Tashuvchi, ya’ni taksichi, deylik, ma’lum bir haq evaziga 4 nafar yo‘lovchini manziliga yetkazib qo‘ymoqda. U yo‘lda ketayotganda yo‘l-transport hodisasiga uchrashi mumkin. O‘shanda tashuvchi o‘zi sug‘urta to‘lagan kompaniyaga murojaat qiladi va YTH vaqtida mashinasida bo‘lgan yo‘lovchilar sog‘lig‘iga, mol-mulkiga yetkazilgan zararni sug‘urta kompaniyasi to‘lab beradi”, deydi deputat Akshagul Tulegenova.

Majlisda deputat O‘ktam Islomov yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun fuqaroviy javobgarligini sug‘urtalash majburiy bo‘lishiga qarshi chiqqan. Unga ko‘ra, bu narsa ixtiyoriy bo‘lishi kerak. Chunki mashina YTHga uchragandan keyin o‘zi olib ketayotgan yuk yoki fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash tashuvchining majburiyati hisoblanadi. Agar bu narsa sug‘urta hisobidan qoplanishini xohlaydigan bo‘lsa, buni ixtiyoriy sug‘urtalashi va ana shu imkoniyatdan foydalanishi lozim.

“Lekin biz buni majburiy qilib, ularni bu ishga majburlashimiz noto‘g‘ri bo‘ladi”, degan deputat e’tiroz bildirib.

Deputat Doniyor G‘aniyev esa bu qaror to‘g‘ri ekanligini ta’kidladi. Chunki bu orqali taksi xizmatidan foydalanadigan millionlab fuqarolarning huquqlari himoya qilinishi mumkin.

“Ba’zida ko‘pchilikning manfaati uchun ozchilikka qandaydir majburiyat yuklashga to‘g‘ri keladi. Yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi 4 ming nafar yakka tartibdagi tadbirkorning fuqaroviy javobgarligini majburan sug‘urta qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin, lekin bu orqali taksi xizmatidan foydalanuvchi 400 ming yoki 4 million kishining huquqlarini himoya qilgan bo‘lamiz. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu qonuniy to‘g‘ri qaror, taksi xizmatidan foydalanadigan yurtdoshlarimiz huquqlari kafolatlanishi, tashuvchining ular oldidagi fuqaroviy javobgarligi majburan sug‘urtalanishi kerak”, deydi Doniyor G‘aniyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda kirakashlik qilib, oila tebratadiganlar oz emas. Ular faoliyatini yuritishi uchun shundoq ham davlatga pul to‘laydi. Shunday ekan taksichi topayotgan puli bilan mashinasini sug‘urta qilsinmi, bollarini boqsinmi, davlatga soliq to‘lasinmi yoki o‘z xohishi bilan mashinaga mingan yo‘lovchini sug‘urta qilsminmi?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

154

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing