Kim Chen In KXDR dengiz flotini yadroviy kuchlar tarkibiga kiritmoqchi
Olam
−
29 avgust 2023
3551Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat xalq armiyasining Harbiy-dengiz kuchlari yadroviy to‘xtatuvchi kuchlarning ajralmas qismiga aylanishini ma’lum qildi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kim Chen In va uning qizi dengiz floti kuni munosabati bilan qo‘mondonlikka tashrif buyurgan.
“Bundan buyon Harbiy-dengiz kuchlari strategik vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan davlatning yadroviy to‘xtatuvchi kuchlarining ajralmas qismiga aylanadi”, deydi Shimoliy Koreya yetakchisi.
Uning ma’lum qilishicha, barcha turdagi qo‘shinlarning bir qismi taktik yadro qurolidan kengaytirilgan foydalanish siyosatiga muvofiq yangi qurollar oladi.
Shuningdek, u harbiy-dengiz flotini urushga shay holatda bo‘lishi uchun Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasining yagona yetakchilik tizimini tasdiqlashga chaqirgan.
Shimoliy Koreya yetakchisining fikricha, Koreya yarim oroli atrofidagi suvlar hozirda dunyodagi eng yirik harbiy texnika konsentratsiyasi va yadro urushi xavfi bo‘lgan eng beqaror akvatoriyaga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, 21 avgust kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya xalq armiyasi dengiz floti kemasiga o‘tirib, dengizdan uchiriladigan strategik qanotli raketani uchirish mashqlarini ko‘zdan kechirgandi.
LiveBarchasi