Xo‘jali qirg‘ini yoxud Qorabog‘dan eshitilayotgan dahshat ovozi
Tahlil
−
27 fevral 2023
238881992 yilning 26 fevralida dunyo insoniyat tarixidagi eng dahshatli tonglardan biri bilan uyg‘ondi. Tarixga qora dog‘ bo‘lib kirgan qirg‘in Ozarbayjon Respublikasi Qorabog‘ viloyatining Xo‘jali shahrida sodir bo‘ldi. O‘sha oqshom arman kuchlari barchani erkak, ayol, keksa va bola demasdan, qirg‘in qildi.
Qatl uchun qadamlar
Aslida, Xo‘jali qirg‘inigacha bo‘lgan voqealar zanjiri 1980 yillarning ikkinchi yarmida SSSR parchalanishi bilan boshlangan. SSSRda hokimyat tepasiga Mixail Gorbachyov kelganidan so‘ng “Oshkoralik” va “Qayta qurish” siyosati e’lon qilindi. Ilgari sukut saqlangan, ammo butun Sovet Ittifoqida ma’lum bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar keng jamoatchilik oldida oshkor muhokama qilina boshladi. 1987 yili Qorabog‘ning mahalliy armani aholisi o‘zlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan norozilik bildirib chiqdi. Qorabog‘ va Yerevandagi millatchi kuchlar esa bu norozilikni o‘z manfaatlari yo‘liga burib yuborishi va Ozarbayjonga hududiy davo boshlashi muammoning asosiga aylandi.
1987 yil noyabrda SSSR prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Abel Aganbegyan Fransiyaga borib, Interkontinental mehmonxonasida bir guruh fransiyalik armanlar bilan suhbatlashdi. Suhbat jarayonida u Gorbachyov go‘yoki Qorabog‘ning Armaniston tarkibiga qo‘shib olinishiga rozi ekani haqida bayonot berdi. Fransiyaning kundalik kommunistik gazetasi “L’Humanité”da chop etilgan bu nutq dunyo ommaviy axborot vositalarida kun mavzusiga aylandi.
SSSR tarqalib ketishi arafasida G‘arb va Sharqning ayrim mamlakatlaridagi arman millatchi jamoalari “Krunk”, “Miasum” hamda Armanistonda faoliyat olib boruvchi “Qorabog‘” qo‘mitasiga berilayotgan moddiy va tashkiliy yordam kuchaytirildi. 1988 yilning 18 fevralida Gorbachyovning milliy masalani qayta ko‘rishni kun tartibiga qo‘yishi muammoni yanada chigallashtirdi. 1988 yil 20 fevralida Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasi ish boshladi. Deputatlarning 140 nafaridan 110 nafari armanilar edi. Ular kam sonli ozar deputatlarini zalga kiritmay Qorabog‘ni Armanistonga topshirish to‘g‘risidagi murojatnoma tayyorlashdi. Armaniston tomoni esa bu murojatni qabul qildi.
Xo‘jali qirg‘ini yoxud Qorabog‘dan eshitilayotgan dahshat ovozi
Bu o‘zgarishlardan so‘ng Qorabog‘ avtonom ma’muriyati mustaqillik referendumini o‘tkazishga qaror qildi. Ozarbayjonlar ishtirok etmagan referendumda “Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi” e’lon qilindi. Tanglik eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ziddiyat muqarrar bo‘ldi. Ozarbayjon SSR KGBsining raisi Ziyo Yusufzodaning bir maktubidan ma’lum bo‘lishicha, Armaniston tarafidan Sumgaitining o‘zigagina 18330 kishi, ya’ni 3030 oila qochib o‘tdi. Qochqinlar soni kun sayin ortib, oqibatda bir necha yuz ming kishini tashkil etdi.
1991 yil 8 dekabrda SSSR xalqaro huquq sub’ekti sifatida tugatilgach, “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi” atalmish xalqaro hujjat e’lon qilindi va mazkur hujjatni ittifoqdosh 11 respublika, jumladan, Ozarbayjon va Armaniston ham imzoladi. Hujjatning 5-moddasida “Tomonlar bir-birining hududiy yaxlitligini tan oladi va hurmat qiladi” deyilgan edi. Ammo ruslar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan arman kuchlari Qorabog‘ hududini bosib ola boshladi.
Va Xo‘jali qirg‘ini...
Maydoni 936 kvadrat kilometr bo‘lgan Xo‘jali o‘zining joylashuviga ko‘ra Qorabog‘ning eng muhim nuqtalaridan biri bo‘lgan. 2605 xonadon joydashgan Xo‘jali 7 mingga yaqin aholiga ega shahar edi. Biroq mojarolar tufayli aholi soni 3 mingga kamaydi. Mintaqadagi yagona aeroport shu yerda bo‘lgani uchun u strategik ahamiyatga ega edi.
Arman kuchlari 1991 yilning oxirgi kunlarida harakatga kirishdi. Ular Xo‘jali va uning atrofidagi qishloqlarga olib boruvchi yo‘llarni egallab oldilar. 1992 yil 25 fevral oqshomida MDHning 366-motoo‘qchi polki kuchlaridan yordam olgan arman qo‘shinlari hujumga kirishdi. Armaniston kuchlari va ruslarning texnik vositalaridan foydalanib, shahar artilleriya va tanklardan o‘qqa tutildi, 26 fevral ertalabgacha davom etgan qirg‘in 613 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Arman askarlari tomonidan tunda sodir etilgan jinoyat 26 fevral sanasi bilan insoniyat tarixida qora dog‘ sifatida qoldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 63 nafari bolalar, 106 nafari ayollar va 70 nafari keksalardir. 487 kishi og‘ir jarohatlar bilan tirik qolgan. 1275 kishi arman kuchlari tomonidan asirga olingan. Asirga olingan 150 kishi, jumladan 68 ayol va 26 bola haqida ma’lumot yo‘q. Yanada achinarlisi marhumlarda o‘ta og‘ir qiynoq izlari mavjud edi, ya’ni 56 kishi tiriklayin yoqib yuborilgan, bosh terisi shilingan, ko‘zlari o‘yib olingan, homilador ayollarning esa qorni yorilgan. Bu qirg‘inda 8 oila butunlay yo‘q qilinib, 130 bola otasi yoxud onasidan, 25 bola esa ham ota, ham onasidan ayrilgan.
Qochish orqali o‘zini qutqarmoqchi bo‘lgan aholining bir qismi oldindan qo‘yilgan pistirmalarda o‘ldirildi. Rossiya inson huquqlarini himoya qilish “Memorial” markazining ma’lumotiga ko‘ra, to‘rt kun mobaynida Xo‘jalidan Agdamga 200 nafar kishining jasadi keltirilgan, o‘nlab murdalar ustidan tahqirlash faktlari qayd etilgan. Agdamda 181 jasad (130 nafar erkak va 51 nafar ayol, shu jumladan, 13 nafar bola) sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ekspertiza davomida 151 nafar kishining o‘limiga o‘qdan yaralanish, 20 kishining o‘limiga oskolka jarohati, 10 kishining o‘limiga qattiq buyum bilan zarba berish sabab bo‘lgani aniqlangan. Huquqiy himoya markazi tomonidan tirik odamlarning terisini shilish faktlari qayd etilgan.
Ushbu qonli hodisaga guvoh bo‘lgan, oilasidan faqat go‘dak qizi va to‘rt yoshli o‘g‘linigina qutqarib qolgan yosh ona ko‘zida yosh bilan Xo‘jalining qalbni larzaga keltiradigan tarixini shunday hikoya qiladi:
“Odamlardan, hatto, ov miltig‘ini ham tortib olishdi. Bizda o‘zimizni himoya qilish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q edi. Faqat turmush o‘rtog‘im qurolini berkitishga muvaffaq bo‘ldi. Olov ichida yonayotgan shahardan Xo‘jalining eng chekka qismiga arang yetib oldik. Keyin ta’qib etayotgan jangarilar bizga qarata o‘q uzayotganlarini ko‘rdik. Ular bizni yo o‘ldirmoqchi yoki asirga olmoqchi edilar. Erim to‘xtab ularga qarata o‘q uzdi. U “qochinglar, sizni ushlab olishlariga yo‘l bermang!”, deya qichqirardi. Oilamizning ayrim a’zolari o‘q tegib yerga yuztuban yiqilishdi. U jangarilar bilan ayovsiz jang qilardi. Men ikkita bolam bilan yalangoyoq, bosh kiyimsiz yugurib, qorong‘ida shoh-shabbalar orasiga yashirindim. Erimdan uzoqlashib borganim sari uning “qochinglar, yashirininglar, qo‘lga tushmanglar!” degan hayqiriqlari elas-elas eshitilardi. Biz qochib qutuldik, u esa qurbon bo‘ldi…”
Genotsid va dunyo
1994 yil fevralda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi tomonidan Xo‘jali voqealari genotsid deb e’lon qilinishi o‘ziga xos ahamiyatga ega edi. O‘sha paytdan boshlab Xo‘jali fojiasi insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat sifatida keng miqyosda eslanadigan bo‘ldi. Ozarbayjon milliy lideri Haydar Aliyevning 1998 yilda imzolagan “Ozarbayjonliklarga qarshi genotsid to‘g‘risi”dagi Farmonida ozar fuqarolarining ommaviy qirg‘in etilishi genotsid xususiyatiga egaligi va ozarbayjonliklarning etnik tozalash siyosati hisoblanishi ochiq aytildi. Farmonga ko‘ra, yuz yildan ortiq davom etgan genotsid qurbonlari xotirasi uchun 31 mart sanasi “Ozarbayjonliklarning genotsidi kuni” deb e’lon qilindi.
Mojaroning dastlabki yillarida arman qurolli bandalari tomonidan Tog‘li Qorabog‘ning ozarlar yashaydigan Kyarkijahon, Meshali, Gushchular, Garadagli, Ag‘daban va boshqa qishloqlarida amalga oshirilgan xunrezliklar va nihoyat, Xo‘jalidagi genotsid bir umrga “jafokash” armanlar vijdonidagi qora dog‘ bo‘lib qolishiga shubha yo‘q.
Bugungi kunda Xo‘jali genotsidini Ozarbayjondan tashqari, Pokiston hamda Sudan, parlament darajasida Meksika, Kolumbiya, Chexiya, Bosniya va Gersegovina, Jibuti, Peru, Gonduras, Panama, Iordaniya, Ruminiya va Shotlandiya tan olgan. AQSHning 22 shtati Xo‘jali genotsidini tan olish haqidagi hujjatni qabul qilgan.
Bosqindagi Qorabog‘ endi ozod
2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.
2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
Bahromjon Xudoyberdiyev
LiveBarchasi