Xo‘jaobod tumaniga hokim tayinlandi
Jamiyat
−
07 fevral
6495Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumaniga Akmaljon Aliyevich Mirzaolimov hokim vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda bugun, 7 fevral kuni viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Akmaljon Mirzaolimov ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Xo‘jaobod tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari o‘laroq faoliyat yuritib kelayotgan edi.
U 2022 yilning fevralidan beri tumanga hokimlik qilib kelayotgan O‘tkirbek Shukurovning o‘rnini egalladi.
Ma’lumot uchun, Akmaljon Mirzaolimov 1979 yilda Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan. 2005 yilda Andijon qishloq xo‘jalik institutining iqtisodiyot yo‘nalishini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida fermer xo‘jaliklarida hisobchi, tijorat banki mutaxassisi, g‘aznachilik bo‘linmasi inspektori, viloyat hokimligi bosh mutaxassisi, iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i va MFYda hokim yordamchisi kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 fevral kuni Ergashali Abdujalilov Oltinko‘l tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.