Xo‘jandda ichida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan havo shari qulab tushdi (video)

3-sahifa

image

Kecha, 1 iyun kuni kechqurun Tojikistonning Xo‘jand shahrida kuchli shamol oqibatida havo shari boshqaruvni yo‘qotib, bir nechta uylarning tomiga quladi. Oqibatda uch kishi jarohatlandi. Bu haqda “Asia-plus” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa Xo‘janddagi Kamoli Xo‘jandiy nomidagi teatr yaqinida yuz bergan. Havo shari Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bayram mehmonlari ko‘nglini xushnud etish uchun O‘zbekistondan olib borilgan.

Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining shahar bo‘limiga ko‘ra, ushbu holat favqulodda vaziyat emas, balki baxtsiz hodisa hisoblanadi. Hodisadan so‘ng 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi va 40 yoshli Xo‘jand turg‘uni shahar 1-sonli shifoxonasiga olib borilgan. 

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston fuqarosi havo shari ko‘tarilayotgan vaqtda uning ichida bo‘lgan va sharni ushlab turgan zanjir uzilib ketganidan keyin yerga qulagan. Uzilib ketgan zanjir shar yaqinida bo‘lgan ayolni ham jarohatlagan. Hozirda u shahar shifoxonasining nevrologiya bo‘limida davolanmoqda. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, uning 10–11 yoshlar atrofidagi qizi ham voqea joyida bo‘lgan va yengil jarohatlar olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi istirohat bog‘ida attraksion zanjiri uzilib, qulab tushgandi va oqibatda 2 kishi jarohatlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

havo shari Xo'jand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing