Xo‘jakenttepa yodgorligi hududida “dacha” qurilayotgani bo‘yicha hujjatlar prokuraturaga yuborildi
Jamiyat
−
14 iyul 2022
8732Bo‘stonliq tumani “Xo‘jakenttepa shahristoni” arxeologiya yodgorligi hududida noqonuniy qurilish ishlari olib borilayotgani, bu yerda dacha qurilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda video tarqalgan edi. Madaniy meros agentligi ushbu murojaat yuzasidan izoh berdi.
Qayd etilishicha, Bo‘stonliq tumani “Xo‘jakent” MFYda joylashgan “Xo‘jakenttepa shahristoni” arxeologiya yodgorligi IX-XII asrlarga oid bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-sonli qarori bilan milliy ro‘yxatdan joy olgan.
Shuningdek mazkur ob’ekt moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ekti sifatida davlat kadastriga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Joriy yilning 1 aprel sanasida Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasi vakillari tomonidan mazkur arxeologiya yodgorligi hududida tegishli ruxsatnomasiz qurilish ishlari amalga oshirilayotgani va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 martdagi 265-sonli qarorning 5-ilovasi talablari buzilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan boshqarma mutaxassislari tomonidan shu kunning o‘zida dalolatnoma rasmiylashtirilib, tadbirkorga qurilish ishlarini to‘xtatish haqida ko‘rsatma va ogohlantirish xatlari berilgan.
Shuningdek, to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga taqdim etilgan. Bugungi kunda Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan tergovoldi harakatlari amalga oshirilmoqda.
LiveBarchasi