Badavlat rossiyaliklar oyog‘ini qo‘liga olib, safarbarlikdan qochishni boshladi – OAV

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiyada safarbarlik e’lon qilingandan so‘ng, shaxsiy samolyotlarda parvozlarga talab keskin oshdi. Bu haqda “The Guardian” nashri yozmoqda.

Nashrga ko‘ra, “Your Charter” direktori Yevgeniy Bikov safarbarlik e’lon qilingandan keyin parvozlar uchun arizalar soni bir necha barobar ortganini aytgan.

“Odatda kuniga 50 ta murojaat qabul qilsak, hozir besh mingga yaqin. Vaziyat mutlaqo aqldan ozar darajada”, deydi u.

Bunday reyslar uchun asosiy yo‘nalishlar Armaniston, Turkiya va Ozarbayjon – rossiyaliklar vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlardir.

Bikovning so‘zlariga ko‘ra, uning kompaniyasi talabni qondirish va narxlarni pasaytirish uchun kattaroq samolyotlardan foydalanishni boshlagan. Biroq bu yetarli emasligini ta’kidlagan. 

"Biz hamma uchun joy topa olmaymiz", deydi u.

Nashrning yozishicha, xususiy samolyotdagi o‘rindiq narxi hozirda 1,3-1,5 million rublni tashkil etadi, sakkiz o‘rinli samolyot ijarasi esa besh milliondan deyarli to‘qqiz milliongacha baholanyapti.

“Kommersant” gazetasiga ko‘ra, Rossiyaning IT-kompaniyalari o‘z xodimlarini mamlakatdan evakuatsiya qilish uchun charter reyslarini to‘liq sotib olishni boshlagan. Nashrning  ta’kidlashicha, sanoat xodimlarining ommaviy ravishda chiqib ketishi ularning aksariyatida safarbarlikdan himoyani kafolatlaydigan mutaxassisliklar yo‘qligi bilan bog‘liq.

Shuningdek, urush boshlanganidan keyin mamlakatda yashovchi millionerlarning 15 foizi Rossiyani tark etgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Qayd etilishicha, Rossiya Davlat Dumasi deputatining tez-tez G‘arbga qarshi va vatanparvarlik ruhidagi bayonotlar bilan chiqadigan o‘g‘li Rossiyadan uchib ketgan. Deputat o‘g‘lini mamlakatdan chiqib ketayotganiga ishonch hosil qilish uchun uni aeroportgacha kuzatib borgan. Deputatning o‘g‘li Turkiyaga ketayotib, shaxsiy Snapchat guruhida shunday deb yozgan: “Ajoyib qochish!”.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Rossiyada safarbarlik boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

Hukumat portalida 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar birinchi navbatda safarbar qilinishi aytilgan. Safarbarlik ortidan rossiyaliklar ommaviy ravishda vatanini tashlab, xorijiy davlatlarga chiqib ketishni boshladi.

Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik doirasida 300 ming kishini armiyaga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

313

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing