Xususiy klinikada operatsiya qilingan qizaloq og‘ir ahvolda davlat shifoxonasiga ko‘chirildi
Jamiyat
−
23 avgust 2019
7163Ijtimoiy tarmoqlarda surxondaryolik uch yoshli Shahrizoda Mingqobilovaning onasi Gulnoza Nurmanova farzandini Toshkentdagi “Era med” xususiy klinikasida operatsiya qildirgach, ahvoli og‘irlashib qolgani xususidagi murojaati keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining topshirig‘iga binoan, ushbu muammo bo‘yicha bemorni davolash jarayoni yetakchi mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan. Ayni paytda bemor Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan poytaxtdagi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga olib kelingan hamda olimlar va malakali shifokorlar tomonidan konsilium o‘tkazilib, muolajalar davom ettirilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, 2016 yilda Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan Shahrizoda Mingqobilova tug‘ma yurak porogining og‘ir formasi bilan dunyoga kelgan. Bu kasallik oqibatida bolada jiddiy kislorod yetishmovchiligi kuzatilgan. Bu esa boshqa kasalliklarning ham avj olishiga sabab bo‘lgan. Xususan, bemorda tug‘ma yurak porogi murakkab turi bilan bir qatorda, xronik gipoksemiya, gipotrofiya, ensefalopatiya, gidrotsefaliya kabi murakkab kasalliklar ham bo‘lgan. Bemorning muntazam ravishda nafasi qisilib, yurak faoliyati bezovta qilib kelgan. Natijada u jismoniy rivojlanishdan orqada qolgan, vazn yetishmovchiligi, somatik holati noxush bo‘lgan. Shu sababli operatsiyani barvaqt o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan.
Shu tufayli bola o‘z turar joyida dispanser nazoratiga olinib, doimiy kardiolog nazoratida davolanib kelgan. Bundan tashqari, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va ambulator hamda statsionar sharoitda davolanib kelgan.
Bemorni yaqinlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi orqali “Era med” xususiy klinikasida davolatishga qaror qilgan. Bola shu yil 16 may kuni operatsiya qilingan. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan. Operatsiyadan keyingi erta davrda bemorda yurak, nafas yetishmovchiligi fonida buyrak yetishmovchiligi alomatlari qo‘shilgan, tanasida shishlar paydo bo‘lgan.
Buning natijasida nafas yetishmovchilik belgilari kuchayib, apnoe (nafas to‘xtashi) kuzatilgan. Nafas yo‘llarining tug‘ma nuqsoni tufayli traxeya intubatsiyasi o‘tkazishning iloji bo‘lmagan va shu sababli traxeostoma o‘rnatilgan. Natijada bolada bosh miyada gipoksiya belgilari kuchaygan. “Era med” klinikasining nevropatologi tomonidan tegishli davo muolajalari o‘tkazilgan.
Shu yil 8 iyuldan boshlab bemor Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolanishni davom ettirgan. Ayni paytda poytaxtdagi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bemorning hayoti uchun shifokorlar tunu kun kurashmoqda.