Maktablarda majburiy mehnat davom etyapti. Navbatdagisi poytaxtda

Tahlil

image

Shikoyat muallifi Sohiba Salimovaning aytishiga qaraganda, u ushbu maktabda joriy yilning yanvar oyidan boshlab rus tili fanidan dars berib keladi. 

“Maktab hududiga yaqin joyda istiqomat qilaman. Farzandlarim shu maktabda o‘qiydi. Oilam bilan maktab yaqinida istiqomat qilaman. Ushbu maktabda o‘qituvchilar avvaldan majburiy mehnatga jalb etilayotganini ko‘p kuzatardim. Shuning uchun ham ushbu maktabda ishlagim kelmagandi. Taqdir taqazosi bilan shu maktabga o‘qtuvchi bo‘lib keldim. Bu maktabda o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabat yaxshi emas. Maktabda o‘qtuvchilarning hurmati ham, obro‘si ham yo‘q. Joriy yilning 1 iyun, shanba kuni, telefonimdagi maktab o‘qituvchilaridan iborat Telegram guruhiga “Ertaga maktabga tekshiruv keladi, ishchi kiyim olib obodonlashtirish ishlarini bajaramiz” degan ma’nodagi xabar keldi. 

Aytishim lozim, maktabimizning eski rahbari ishdan bo‘shatilib shanba kuni, 238-maktabdan yangi direktor tayinlandi. Shunga qaramay, bugun, 3 iyun kuni ertalab soat 7:30dan maktab hududida o‘qituvchilarning o‘t yulishi davom etmoqda. Bitiruvchi o‘quvchilar ko‘z o‘ngida bizning o‘t yulib o‘tirishimiz obro‘yimizni to‘kmaydimi?”, deydi kuyinib Sohiba Salimova QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda.

O‘qituvchining ma’lum qilishicha, Maktabda pul yig‘imlari ko‘p. Maktab hovlisini o‘t bosib ketgan. Shu uchun ham o‘qituvchilardan 10 ming so‘mdan pul yig‘ishgan. 

“Bundan tashqari, har doim hojatxonani tozalashga 10 ming so‘m pul, tekshiruv keldi unga pul, deb hamma narsaga pul yig‘ishadi. Maktab fondiga pul ajratiladimi-yo‘qmi bilmadimu, ta’mirni o‘zimizni yonimizdan qilamiz. Mana, mening sinf rahbarligim yo‘q bo‘lsa ham sinf xonasini ta’mirlatdim. Boshqa o‘qituvchilar ham shunday qiladi. O‘qituvchilar necha yildan buyon o‘z yonidan sinf xonasini ta’mirlatib keladi”, deb aytib o‘tdi u.

Mazkur holat yuzasidan, QALAMPIR.UZ muxbiri Uchtepa tumanida joylashgan 295-maktab direktori Nilufar Ismatullayeva bilan bog‘landi. Maktab direktorining so‘zlariga ko‘ra, mehnat ta’tiliga chiqmagan 10-15 nafar pedagog-xodimlar o‘z xohishi bilan obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. 

“O‘qituvchilarning o‘zi “bu bizning uyimiz, o‘zimiz yig‘ishtirib olamiz” degan so‘zlarni aytdi. Maktab hududidagi qurigan gullar va o‘tlar tozalandi, xolos. Maktabdan tashqarida ularni ishlatganimiz yo‘q. Buni qonunga xilof ish deb hisoblamayman. Maktab bu bizning uyimiz, yuzimiz. Undan keyin mardikor yollashga qo‘shimcha mablag‘imiz yo‘q. Qo‘shimcha mablag‘ni qayerdan olamiz? Men ham oylikka ishlaydigan odamman-ku. O‘qituvchilardan yig‘im-terim qilmadim, ulardan pul olmayman. Pul yig‘di-yig‘dilardan xabarim ham yo‘q. To‘g‘ri o‘qituvchilar bugun maktab hududini tozaladi. Buni yashirmayman. Menga tashqaridan kimdir kelib tozalab bermaydi”, deydi maktab direktori.

Ma’lumki, Vazirlar Maxkamasining 2018 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi karorida belgilangan majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berish aytilganiga qaramay, maktablarda bunday vaziyat hali-hamon davom etmoqda. To‘g‘ri, buni hamma o‘qituvchilar ham ommaviy axborot vositalari orqali aytolmaydi. Ammo ko‘za kunda emas, kunida sinadi. 

Shu o‘rinda e’tiboringizni mazkur muammolarga sababchi bo‘lgan bir jihatga qaratmoqchiman. 295-maktabning o‘qituvchilaridan tashkil topgan Telegram guruhiga kelgan xabar aslida kim yoki qaysi tashkilot tomonidan buyurilgan edi?


Maktab direktori bilan suhbatlasha turib, tanganing ikkinchi tomonini ham o‘ylab qoldik. Bu muammo nafaqat Uchtepadagi 295-maktabda, balki butun respublika maktablarida bor va uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan holat. Maktab direktorlari allaqachon dars berishni unutib qo‘ygan. Ular ozodalikka javob beradigan “zavxoz”ga aylangan, xolos. Tunov kuni gul olgani saharlab Chorsuga bordim. Mavsumiy gullar talash, narxi ham osmonda. Tumanimizdagi 10 ta maktab direktori kelib, “optom” gul xarid qilishayotgan ekan. Narx-navodan ularning ham fig‘oni falakka chiqdi. “Baraka topgur, har yili kelib o‘zingizdan olamiz, avgustda mustaqillik arafasida yana kelamiz, narxini biroz tushiring. Axir bu gullarni uyimga emas, shu davlatning maktabiga borib ekaman. Bersangiz maktabga beribsiz, savob bo‘ladi”, deyotgani qulog‘imga chalindi. Ko‘rinib turibdiki, davlat tomonidan yoki tuman moliya bo‘limida maktabga gul ekish, obodonlashtirish uchun pul ajratilmaydi. Ajratilsa ham direktorlargacha yetib kelmaydi. Bu nafaqat maktab direktorlarining, bog‘cha mudiralarining ham muammosi. Shunday voqealarga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lib turganimizdan keyin, qanday qilib ularni qoralashimiz, ta’lim sifati tushib ketyapti deyishimiz mumkin. 

Xo‘sh, yuqoridagi vaziyatda maktabni tozalashda qatnashgan va buni majburiy mehnat deb baholayotgan o‘qituvchilar haqmi yo o‘zi ishlayotgan maktabni obod qilishga bosh-qosh bo‘lgan direktor? Albatta, direktor haq emas. Ammo, u buni o‘zi o‘ylab topmagani aniq. Tuman yo shahar, boring ana respublika miqyosidagi qaysidir rahbarning qosh-qovog‘iga qarab ishlanayotgani bor gap. “O‘qituvchilar majburiy mehnat deb ustingdan yozishyaptimi, bo‘lmasa o‘sha o‘tni o‘zing yul”, degan gapni eshitgan direktorlar qanchadan-qancha.

Endi masalaning moliyaviy jihatlariga e’tibor qaratsak. Maktabning bog‘boni nima ish qilyapti, oylikni nega olyapti? Bog‘bonlar ham huquqini biladi. Ey, yo‘g‘-ey bog‘bon deylik. Butun boshli maktabda bor-yo‘g‘i bitta bog‘bon. U ham sariq chaqaga qancha ishlasin? Undan ko‘ra ko‘chaga chiqib mardikorchilik qilsa, oshig‘i olchi bo‘ladi. Direktorlarning so‘nggi chorasi esa “o‘lik xodim”. Buni ta’limning ichiga kirib ko‘rganlar yaxshi biladi. Direktorlar qonunni buzadi. To‘g‘rirog‘i shunga majbur qilinadi. “O‘lik xodim”lar olinib, darsi boshqalarga taqsimot qilinadi. Oylik esa arra qilinib, direktorga tekkan qismiga gul, maktabga kerakli asbob-anjomlar olinadi. Bo‘yoq, shlanka, salyarka degandek. Ko‘p maktablarda ahvol shu, bu direktorlikning yozilmagan qonuni. Homiylar-chi dersiz. Kechirasiz-u o‘zingiz qachon maktabga homiylik qilib qo‘ygandingizki, og‘iz to‘ldirib homiylar deysiz. Kim maktabga homiylik qilaman deb, sochini tarab turibdi?

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo qarshi hamda tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglarning o‘z kasbiga aloqasi bo‘lmagan turli ishlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘ymaymiz, deb har doim ta’kidlaydi. Amalda-chi? ularning mazkur xolatlardan habari yo‘q, deb aytolamizmi? 

Qachongacha maktab rahbarlari o‘z lavozimidan ayrilib qolishdan qo‘rqib, mavjud muammolarni o‘zicha hal qilishga urinadi. Deyarli bir asrdan buyon O‘zbekistonda foydalanilayotgan, eskirib bo‘lgan ta’lim tizimini ming chiranib yaxshilashga uringandan ko‘ra, butkul yangi tizim yaratish vaqti kelmadimikin? Zero xalqimizda eskini tuzatguncha esing ketadi degan naql bor.

Zarnigor Abdumalikova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

125

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing