Xorijiy va nodavlat OTMlarga davlat buyurtmasi shakllantirish tartibi belgilandi

Jamiyat

image

Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish, uni moliyalashtirish, talabgorning kadrlar buyurtmachisi tizimida ishlashini tashkil etish tartibi nazarda tutilgan.

Kadrlar buyurtmachilari o‘zlarining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda har yili 15 yanvarga qadar o‘z tizimlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha buyurtmalarni ta’lim tashkilotlari va yo‘nalishlari kesimida shakllantiradi hamda 20 yanvarga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga taqdim etadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi shakllantirilgan davlat buyurtmasi parametrlarini 30 mayga qadar o‘rganib chiqish va kelgusida tasdiqlanishi uchun Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga kiritadi. Ta’lim tashkiloti kirish imtihonlari natijalari e’lon qilingandan keyin 20 kun muddatda tasdiqlangan davlat buyurtmasi doirasida kadrlar tayyorlash uchun kadrlar buyurtmachilariga talabgorlarni saralash va shartnoma tuzish haqida yozma xabar beradi.

Ta’lim tashkiloti kadrlar buyurtmachilari tomonidan taqdim etilgan buyurtma doirasida kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plaganlarga o‘qishni tamomlagandan so‘ng kadrlar buyurtmachisi tizimida 5 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida ishlab berish sharti bilan o‘qitish xarajatlarini qoplab beradi. Talabgorlarni o‘qitish xarajatlari uchun mablag‘lar kadrlar buyurtmachilariga har yili respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari doirasida ajratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

41

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing