Xorijda xor bo‘lmang, xonimlar!
Tahlil
−
23 may 2019
7107Nasiba Tosheva Navoiy shahrida tug‘ilgan, “Yangiobod” mahallasida istiqomat qilardi. Bir necha yil avval u eronlik yigitga turmushga chiqdi. Tijorat ishlari bilan O‘zbekistonga kelib, vaqtincha Navoiy viloyatida yashagan xorijlik kuyov to‘ydan keyin bir yil o‘tgach, Nasibani o‘z yurtiga olib ketdi.
Hoyu havasga berilib, chet ellik yigitga turmushga chiqqan qizning ko‘rguliklari ana shundan keyin boshlandi. Rafiqasini aylanma yo‘llar orqali xorijga olib ketgan “ishbilarmon” kuyov Suriyaga o‘tib, Nasibani jangarilar to‘dasiga sotib yuboradi. Achinarlisi, o‘z hayotini izdan chiqargan Nasiba Rossiyada ishlab yurgan singlisi Nafisani ham Suriyaga chaqirib oladi.
— Yuqoridagi holat bo‘yicha ikki yil avval Navoiy shahar ichki ishlar bo‘limi bizga ma’lumot bergandi, — deydi “Yangiobod” mahallasi faoli Gulhayo Qurbonova. —Mahallamizdan yana bir qiz Rossiyaga ishlagani ketib, o‘sha yoqda turmushga chiqib, qolib ketdi. Uning bugungi taqdiridan bexabarmiz. Hozir ham xorijga kelin bo‘lish istagidagi qizlar uchrab turadi, ammo har ne bo‘lsa-da, umr savdosi masalasida kalta o‘ylamaslik kerak. Buni ularga tushuntiryapmiz. Biroq hech kimning konstitutsion huquqini cheklay olmaymiz. Qiz bola palaxmon toshi, taqdir qayerga otsa, borgan joyida toshdek qotsinu baxtli bo‘lsin. Xalqimiz azaldan quda-andachilik masalasida so‘rab-surishtirib, kimligini bilib, ish tutishni afzal ko‘rgani bejiz emas. Afsuski, hozirgi ayrim ota-onalar xorijlik kuyovning kimligi, qayerdan kelganini so‘rab ham o‘tirishmayapti.
Tilini bilmaydi, ammo nikohdan o‘tadi
— 2018 yilda sakkiz nafar qizning chet ellik fuqarolar bilan nikohini rasmiylashtirdik, — deydi Navoiy shahar FHDYO bo‘limi mudirasi Dilobar Turopova. — Joriy yilning shu davriga qadar oltita shunday holat qayd etildi. Navoiy shahri sanoat hududi bo‘lgani, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida turli mamlakatlardan kelgan xodimlar ishlayotgani boismi, chet ellik fuqarolar bilan turmush qurish maqsadida murojaat qilayotgan qizlar tez-tez uchrab turibdi. Ajablanarlisi, ajnabiy bilan nikohdan o‘tishga kelgan qizlarning aksariyati bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining tilini bilmaydi, imo-ishora bilan muloqot qilishadi. “Tilini bilmasang, bu bilan qanday yashaysan?” deya so‘rasak: “Kel”, “ket” deganini tushunsam bo‘ldi”, deya javob berishadi. Xo‘sh, bugun eli boshqa, tili boshqa odam unga «kel», deyapti, lekin ertaga uni o‘z yurtiga olib ketgach, “ket”, desa-chi? Axir, rafiqasini o‘z yurtiga olib ketishdan bosh tortgan, uni tashlab, qochib ketgan xorijlik kuyovlar qancha deysiz?!
Darhaqiqat, o‘tgan yili Karmana tumanida Janubiy Koreya fuqarosiga turmushga chiqqan o‘zbek qizi hayotida shunday voqea kuzatildi. Nikohdan o‘tib, bir yil O‘zbekistonda yashagan koreys kuyov ish bahona o‘z yurtiga ketdiyu ortga qaytmadi. Bu yerda qonuniy rasmiylashtirilgan nikohni ham, homilador ayoli dunyoga keltirgan bolasini ham tan olmadi. Aldangan ayol esa chaqalog‘iga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish uchun ancha qiynaldi. Chunki bu jarayonda otaning pasporti kerak bo‘ladi. Endi esa “yolg‘iz ona” maqomini olgan ayol bolasi bilan ijarama-ijara sarson yuribdi.
Apostil qo‘yilgan ma’lumotnoma soxta bo‘lib chiqdi
Davlatimiz qonunlariga ko‘ra, xorijlik fuqaro o‘zbekistonlik qiz bilan turmush qursa, nikohni rasmiylashtirish paytida u o‘zining vakolatli organi tomonidan berilgan ma’lumotlarning apostil qilingan shaklini taqdim etishi talab qilinadi. Ushbu ma’lumotnomada nikohlanuvchi shaxsning nikohda turish-turmasligi, ajrashgan bo‘lsa, bu haqdagi guvohnomasi ko‘rsatilishi shart. Afsuski, chet ellik ayrim fuqarolar yurtimizga soxta apostil muhri urilgan hujjatlar bilan ham kelmoqda.
— Yaqinda bir qiz 50 yoshdagi Janubiy Koreya fuqarosi bilan nikohdan o‘tish uchun keldi, — so‘zida davom etadi Dilobar Turopova. — Kuyovning qo‘lida apostil qo‘yilgan ma’lumotnoma bo‘lib, unda bo‘ydoqligi qayd etilgan, avval uylanib, ajrashgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q edi. Kuyovning yoshiga qarab, shu paytgacha oila qurmaganiga shubhalandik. Kelin bola til bilmasligi bois bu haqda undan so‘rab ham ko‘rmagan ekan. Kuyovdan oilasi, xotini, bolalari qayerda ekanini so‘radik. U oilasi Koreyada yashashini aytdi. Bu javobdan so‘ng bizning mamlakatda bir nikohlilikka amal qilinishi, boshqa shaxs bilan nikohda turgan fuqaroni yana bir shaxs bilan nikohdan o‘tkazish mumkin emasligini tushuntirdik. Qonunni buzish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishini aytganimizda “kuyov bola” qo‘rqib ketdi. Qiz esa haqiqat ochilganiga quvonish o‘rniga, badavlat xaridoridan ayrilganidan ranjidi. Qizlarimizning filmlardagi chiroyli hayotga havas qilib, oxirini o‘ylamay, boylik ilinjida yuqoridagi kabi otasi tengi odamga turmushga chiqishga rozi bo‘layotgani achinarli holdir.
“O‘zga yurtda o‘z yurtingni eslab tur...”
Endi tili chiqqan qizaloqdan “kelajakda kim bo‘lasan?”, deya so‘raganmisiz? Bunday savolga ularning aksariyati “kelin bo‘laman” deb javob beradi. Ularning o‘zaro o‘yinlarida ham milliy urf-odatlarimiz, ya’ni boshiga ro‘mol tashlab, egilib kelinsalom qilish, choy uzatish holatlarini ko‘p kuzatganmiz. Yurtdan kechib, yurt oshib, baxt izlab ketayotgan qizlar bolaligida bunday o‘yinlarni o‘ynaganmikan? Axir, chimildiqsiz to‘ydan keyin olis ellarga ketayotgan kelinlarga kelinsalom qilmoq qayda deysiz?
To‘g‘ri, har bir fuqaroning taqdirini kim bilan bog‘lashi o‘z qo‘lida, chet elga turmushga chiqishni taqiqlovchi qonun yo‘q. Ammo hayotning hech qayerda bitilmagan oltin qoidalari ham bor. Eng avvalo, inson hamisha kindik qoni to‘kilgan makonga talpinadi. Shu tuyg‘uni his qilmay, xorijlik juft tanlayotganlarni ko‘rib, mashhur hofizning: “O‘zga yurtda o‘z yurtingni eslab turgin, Menga emas, o‘z yurtingga bo‘l xaridor” degan xonishi esga tushadi.
“Erdan chiqsang ham eldan chiqma”
Bu naql quloqqa biroz g‘aliz eshitilsa-da, rost gap. Zotan, donishmand xalqning hech bir hikmati shunchaki aytilmagan. Oila qurmoq bor ekan, afsuski, ajralish, chala taqdirlik ham bor. Bugun yurtimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar barobarida turmushidan ajralgan xotin-qizlarni va ularning farzandlarini himoyalash borasida ham aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Uy-joy kodeksining 32-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, uy egasining doimiy birga yashaydigan kelinlari, hatto kuyovlari ham mulk borasida qo‘shimcha huquqlarga ega bo‘lgani turmushi buzilgan ayollarning boshpanasiz qolish holatlarini kamaytirish omili bo‘ladi, albatta. Xorijga kelin bo‘layotgan qizlar esa ertaga begona yurtda turmushi buzilsa, ko‘chada qolishi tayin. Bunga ko‘plab misollarni keltirish mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda boyvachchadek ko‘ringan ayrim xorijlik kuyovlar o‘z yurtida muqim turarjoyiga ham ega bo‘lmaydi. Bu yerdan olib ketayotgan ayoli unga umr yo‘ldosh emas, sholi va garmdori plantatsiyalarida og‘ir ishlarni bajarib, ro‘zg‘orini tebratish uchun kerak bo‘layotgani ham achchiq haqiqat.
Loqayd qarash yaramaydi
Mazkur maqolani yozish chog‘ida Navoiy shahrida ayni masalada vaziyat qanday ekanini bilish maqsadida shahar xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qildik. “Shahrimizda xorijga turmushga chiqqan qizlar yo‘q”, — dedi biz bilan suhbatda qo‘mita mutaxassisi Shahnoza Xoliqova. Unga mahallalarda bunday holat uchrayotganini aytganimizda esa: “Unda «ZAGS”dan so‘rang, bu bilan biz shug‘ullanmaymiz”, degan javobni oldik.
Shuningdek, bu masala “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi shahar bo‘limining ham ishi emas ekan. Modomiki, bu mamlakat xotin-qizlarining taqdiri, oilalar mustahkamligi uchun javobgar mutasaddilarning ishi bo‘lmasa, kimning ishi?! Bu bilan faqat FHDYO organlari shug‘ullanishi kerakmi? Axir, bu vaziyat bitta shaxs yoki bitta oilaga emas, jamiyatga tegishli masala-ku? Demak, loqaydlikka chek qo‘yish zarur. Agar mas’ul tashkilotlar o‘z vazifalarini sidqidildan bajarsa, mahalla faollari targ‘ibotni kuchaytirsa, yuqoridagi kabi salbiy holatlarning oldini olgan bo‘lar edik.
Xolbibi SAFAROVA
LiveBarchasi