Xorazmshohlar saltanati qulashi yoxud Jaloliddin Manguberdining qotili kim edi? (3-qism)

Tahlil

image

Kuni kecha e’lon qilingan “Mo‘g‘ullarning Xorazmga bosqini sababchisi kim yoxud Chingizxonning Xudoga nolasi”, nomli tarixiy maqolamizda mo‘g‘ullarning Xorazmshohlar davlatiga qilgan bosqinchilik yurishi haqida ma’lumot bergan edik. Galdagi tarixiy faktlarga asoslangan maqolamizda sulton Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashi haqida so‘z yuritamiz.  
 
Chingizxon o‘z sarkardalariga Xorazmshoh Muhammadni tiriklayin qo‘lga olishni buyurgan edi. Sulton Aloviddin 1220 yilning dekabr oyida vafot etgach, oradan bir muncha vaqt o‘tib, Jaloliddin Manguberdi otasining jasadini Ardahn qal’asiga olib borib, dafn etadi. Bundan xabar topgan mo‘g‘ullar tezda Ardahnga hujum qilishadi. Qal’a zabt etilganidan so‘ng, o‘z vaqtida sultonni tiriklayin qo‘lga tushira olmagan mo‘g‘ullar uning jasadini kavlab olib, Chingizxonning o‘g‘li O‘qtoyga yuborishgan. O‘qtoy esa uning murdasini yoqib yuborishni hamda kulini ko‘kka sovurishni buyuradi. 

Urganch qamali

Chingizxon Movarounnahrning asosiy qismi Sirdaryo havzasi, Zarafshon, Qashqadaryo, Buxoro vohasi, Shosh va Farg‘ona vodiysini egallab olgach, o‘zining asosiy e’tiborini xorazmshohlar davlatining markazi hisoblangan Xorazm o‘lkasiga qaratadi. Bu yurishga o‘g‘illari Jo‘chi, Chig‘atoy, O‘qtoyni mas’ul qiladi. Chingizxon, ayniqsa, sharqning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan, Urganch (Gurganj) istilosiga katta ahamiyat qaratadi.

Urganchga mo‘g‘ullarning katta qo‘shini bostirib kelayotganini eshitgan shahzodalar O‘zloqshoh va Oqshohlar shaharni tashlab qochadilar. Ammo, ular Niso shahri yaqinida dushmanga asir tushib, ikkisi ham qatl etiladi. Mo‘g‘ullar qatl qilingan shahzodalarning kallalarini nayzaga o‘tkazib, ma’lum vaqt Xurosonda namoyishkorona ko‘tarib yurishadi.   

Shahzodalar Urganchni tashlab ketishgach, shahar himoyasini qo‘rqoq va amalparast Xumortakin o‘z qo‘liga oladi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mo‘g‘ullarning 50 ming kishilik lashkari Urganchni qamal qiladi. 1221 yilning boshidan boshlangan Urganch qamali deyarli 7 oy davom etadi. Urganch aholisi mo‘g‘ullarga qarshi mardonavor kurashadilar. Jang vaqtida o‘z zamonasining buyuk allomasi bo‘lgan. 76 yoshli Shayx Najmiddin Kubroning ko‘rsatgan jasorati tillarda doston bo‘ladi. Chingizxon Najmiddin Kubroni yaxshi bilar edi. U Urganchga hujum qilishdan oldin shayxga xabar yuborib, shunday deydi: 

“Maslahatim shuki, siz u yerdan tashqariga chiqsangiz darveshlaringizga ziyon-zahmat yetkazilmagay”. 

Najimiddin Kubro Chingizxonga shunday javob qiladi: 

“Mana, yetmish yildirki, Xorazm xalqi bilan yashab kelmoqdaman. Bugungi kunda qazoyi balo jazosini yubordi. Ularning kallasida muruvvat degan narsa bo‘lmaydiki, orasidan qochib o‘zimni bir chekkaga olsam. Balki, ular bilan birga beg‘amona yag‘moga duchor bo‘lganim tuzukroq bo‘lar. Balolarga ham ular bilan yor bo‘lsam”. 

Mirzo Ulug‘bek Shayx Najimiddin Kubroning javoblarini sharhlab shunday yozadi:

“Yetmish yildirki, Xorazmda xushhol yashayman. Taqdir muruvvati shuni taqozo qiladiki, kelgan baloga tan bergum goho. Qonimni shu yerda to‘kadigan bo‘lishsa, Tangri farmonidan qochmagum. Qiyna olovi yongan ekan, Uruganchda ho‘lu quruq yondi. Shoh lashkari o‘qu tig‘ bilan band, dononing nodon holi bilan ishi yo‘q. Uning boshini kesmasang yaxshi bo‘lardi, degan pandni mo‘g‘ulning eshitgisi yo‘q. Qazo tig‘i taqdir tufayli o‘tkirlashgan ekan, keksa-yu yoshning boshi kesildi”.

Dahshatli qirg‘in yetti oy davom etadi. Qo‘lida qurol ushlashga majoli qolmagan Shayx Najmiddin Kubro shahar himoyachilariga qarata “Yo Vatan, yo sharafli o‘lim”, deb xitob qiladi. Jarohatlangan Shayx o‘limi oldidan tug‘ tutgan mo‘g‘ul askariga tashlanib, uni tortib olgan va bir qo‘lida tug‘ni mahkam tutgancha jon beradi. Urganch taslim bo‘lgach, shahar yondiriladi, hamda barcha tirik jon qilichdan o‘tkaziladi. Tarixchi Juvaynining ma’lumotlariga ko‘ra, 100 ming nafar hunarmand, kosib, rassomlar asirga olinib, Mo‘g‘ulistonga jo‘natilgan ekan. Yozma manbalarda yozilishicha, mo‘g‘ullar asir olingan ayollarni yalang‘och qilib, ikki guruhga bo‘lib urushtirishgan. So‘ngra, mo‘g‘ul askarlari o‘ziga yoqqan ayolni tanlab maishat qilgan ekan. 

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Chingizxon o‘z xizmatkorlaridan “Xorazmshoh Muhammadning xazinasida bo‘lgan arab va hind mamlakatlaridan keltirilgan qimmatbaho toshlar topildimi”, deb so‘raydi. Bu toshlar asosan uchta bo‘lib, biri “Badaxshon” ikkinchisi “ Shu’layi jahon” va uchinchisi “Gang” deb atalgan. Urganchning xazinaboni bu qimmatbaho gavhartoshlarni vazirlardan biri yutib yuborganini aytadi. Shunda, Chingizxon asirlikda ushlab turilgan o‘n uch nafar vazirni hovliga olib chiqib, yerga bosib, qorinlarini baliqdek yorishni buyuradi. 

Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida ushbu holat shunday yoritilgan:

“Mo‘g‘ullar barcha vazirlarning qornini yorib, ichak-chavoqlari titkilayotgan bir paytda, navkarlardan biri qichqirib o‘rnidan turadi. Topdim! Mana, bebaho gavhartosh! Darhaqiqat Al-Mulk degan tijorat vazirining qornidan o‘rik danagi kattaligida “Shu’layi jahon” bilan “Gang” gavharlari topiladi. 

Urganch shahri bosib olinganda har bir mo‘g‘ul jangchisiga 24 tadan asir bo‘lib berilgan ekan. Mo‘g‘ullar shaharning kulini ko‘kka sovurish bilan bir qatorda, sharni butkul yo‘q qilish uchun Amudaryodagi suv to‘g‘onini buzib, suvni Urganchga burib yuboradilar. 

Sulton Jaloliddin Manguberdining jasorati

Urganchni tark etgan Jaloliddin va Temur Malik tezda Niso shahriga yetib kelishgach, bu yerda mo‘g‘ullarning 700 kishilik kichik lashkari bilan to‘qnashadilar. Kuchlar teng bo‘lmasa-da, Jaloliddin dushmanni mag‘lub etadi. So‘ngra, Nisodan Nishopurga va u yerdan G‘azna tomon ot choptiradi. Jaloliddin G‘azna shahriga yetmasdan yaqin oradagi Hirot hokimi hamda qaynotasi bo‘lmish Amin Malik bilan uchrashadi. Ular bilan birgalikda Qandahor qal’asini qamal qilayotgan mo‘g‘ullar ustiga yurish qiladilar. Jaloliddin bu kurashda harbiy ilm tarixida ilk bora “piyoda yoyandozlar”ni mo‘g‘ullarning otliq askarlariga qarshi qo‘yadi. Inglizlar keyinchalik bu harbiy usulga yuqori baho berib, o‘zlarining “Kress” yonidagi mashhur janglarda undan foydalanishadi. Uch kunlik jangdan so‘ng mo‘g‘ullar mag‘lub etiladi. Shundan so‘ng, Jaloliddin G‘azna tomon yo‘l oladi. U 1221 yilning fevral oyida G‘azna shahriga yetib keladi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, G‘azna xalqi sulton Jaloliddinni katta tantana bilan kutib olgan ekan. Jaloliddin Nishopur, Niso va G‘azna atrofida mo‘g‘ullarni mag‘lubiyatga uchratganini eshitgan Chingizxon bundan tashvishga tusha boshlaydi. 

Jaloliddin Manguberdi G‘aznaga yetib kelganda, Xorazmshohning tarqalib ketgan qo‘shini uning atrofiga to‘plana boshlaydi. G‘aznada Jaloliddinning xizmatiga Sayfiddin O‘g‘roq Al-Xalajiy, Balx hokimi A’zam Malik, afg‘on qabilalari sardori Muzaffar Malik va qarluqlar rahbari Al-Hasan qarluq o‘z qo‘shinlari bilan qo‘shiladilar. Tarixiy manbalarga ko‘ra, jamlangan lashkarning jami soni  90-130 ming kishi atrofida bo‘lgan. Sulton bu qo‘shin bilan Voliyon qal’asi atrofidagi mo‘g‘ullarning Bekchak va Timqur boshliq qo‘shinni yakson qiladi.

Chingizxon bu shum xabarni eshitib, o‘zining eng ishongan lashkarboshisi Qayqur no‘yon (Shiki Xutuxu) boshchiligida 30 ming kishilik qo‘shin yuboradi. Jaloliddin Manguberdi va Shiki Xutuxu o‘rtadagi to‘qnashuv 1221 yilning yozida Parvon dashtida bo‘lib o‘tadi. Bu jangda sulton Jaloliddin mo‘g‘ullarga qarshi yangi taktik usulni qo‘llaydi. Sulton o‘z lashkariga otdan tushib, ot jilovini bellariga bog‘lashni va kamon bilan dushmanga qarshi jang qilishni buyuradi. Tun qorong‘usiga qadar davom etgan olishuvda ikki tomonning birortasiga zafar kulib boqmaydi. Ertasi kuni Qayqur no‘yon harbiy hiyla ishlatmoqchi bo‘ladi. U dushmanni yangi kuchlar kelib qo‘shildi, deb ishontirish maqsadida kigiz va choponlar orasiga xashak tiqib, “sun’iy askarlar” yasab ularni otlar ustiga o‘tqazib qo‘yadi. Bu hiyla Jaloliddin qo‘shinini dastlab vahimaga soladi. Hatto, ba’zi sarkardalar chekinishni maslahat beradilar. Ammo, sulton og‘irlik va bosiqlik bilan avvalgi kundagi taktika asosida otdan tushib kurashishga buyruq beradi. Mo‘g‘ullarning bir necha hujumlari qaytarilgach, Jaloliddinning buyrug‘i asosida qo‘shin chalingan karnay sadolari ostida otlarga minib, dushmanga hamla qiladi. Jangda sulton Jaloliddinning qo‘li baland keladi. Shiki Xutuxu tirik qolgan odamlari bilan Chingizxon huzuriga borib, Jaloliddin Manguberdining qanday jang qilganini so‘zlab beradi. G‘azablangan mo‘g‘ul xoqoni o‘zining barcha qo‘shinini to‘plab, shaxsan o‘zi sultonning ustiga bostirib boradi. 

Qo‘shinidagi parokandalik 

Parvon dashtidagi g‘alabadan so‘ng, o‘ljani taqsimlash vaqtida sarkardalar o‘rtasida o‘zaro nizo kelib chiqadi. O‘lja olingan bir arab ot uchun Xorazmshohning mo‘tabar amirlaridan Sayfiddin O‘g‘roq va Hazora maligi Amin Malik janjallashib qoladilar. Qizishib ketgan Amin Malik tortishuv vaqtida O‘g‘roqning boshiga qamchi bilan tushiradi. Sulton Jaloliddin yuzaga kelgan bu nizoni bartaraf qilolmaydi. Xafa bo‘lgan Sayfiddin O‘g‘roq 30 ming askari bilan ketib qoladi. Qabali turkam va xalaj sipohlari ham sultondan yuz o‘giradilar. Natijada, Jaloliddinning qo‘shini kuchsizlanib qoladi. Bu vaqtda Chingizxon katta qo‘shin bilan ikki o‘rtadagi masofani juda tez fursatda bosib o‘tib, G‘aznaga yetib keladi va Jaloliddinni ta’qib qila boshlaydi. Chingizxonning ulkan qo‘shiniga qarshi tura olmasligini bilgan sulton Sind (Hind) daryosi tomon chekinadi. Mo‘g‘ul xoqoni Sind daryosiga yaqinlashganida Jaloliddinni keyingi kun daryoni kechib o‘tmoqchi ekanligini eshitib, Chingizxon shu kechaning o‘zida sultonning yo‘lini to‘sadi. U Jaloliddin qo‘shinining orqa qismiga yetib olib, uni tor-mor qiladi. Mo‘g‘ul qo‘shinlari tezda sulton lashkarini qurshab oladi. 

Mirzo Ulug‘bek o‘zining “To‘rt ulus tarixi” kitobida shunday yozadi:

“Sulton Jaloliddin Sulton Muhammad Xorazmshoh o‘zini suv va olov o‘rtasida ko‘rdi. Bir tarafda keskir qilichlar olov sochardi, boshqa tarafda esa qonxo‘r daryo turardi. Hech bir tomondan chiqib ketishning iloji yo‘q edi. Noiloj jangga kirishdi. Bahodirlik otini jang maydoniga solib, tatar kofirlarni ko‘pini halokat tuprog‘iga qordi va hech bir kulfatsiz jang qildiki, agar Rustam dostoni tirik bo‘lganda, unga bo‘lgan muhabbat yopig‘ini o‘z yelkasiga solgan bo‘lardi”.

Chingizxon o‘z qo‘shiniga Jaloliddinni tiriklayin qo‘lga olishni buyuradi. Sulton o‘zining 700 nafar jangchisi bilan mo‘g‘ullarning ilg‘or qismini yengadi. Ammo, Chingizxonning qo‘shini behisob edi. Shunda sulton Jaloliddin vaziyatning g‘oyat og‘ir va mushkulligini hisobga olib, rafiqasi, onasi va farzandlarini dushman qo‘liga asir tushmasligi uchun ularni Sind daryosiga cho‘ktiradi. Chunki o‘sha kuni mo‘g‘ullar Jaloliddinning 7 yoshli o‘g‘lini asir olib, uning yuragini tiriklayin sug‘urib olgan edilar. Shundan so‘ng, sulton oti bilan suvga sakrab, daryoning narigi qirg‘og‘i – Hindiston tomonga suzib o‘tadi.

Tarixchilardan Juvayniy, Rashididdin va boshqalarning yozishlariga qaraganda, Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolgan Chingizxon o‘z o‘g‘illariga qarata “Otaning faqat shunday o‘g‘li bo‘lishi lozim. U olovli jang maydonidan o‘zini qutqarib, halokatli girdobdan najot qirg‘og‘iga chiqdimi, undan hali ulug‘ ishlar va qiyomatli isyonlar keladi!”, deydi va uning orqasidan ta’qib etishni taqiqlaydi. 

Jaloliddin Hindistonda 1223 yilning oxirlarigacha bo‘ladi. U yerda    qo‘shin to‘plab, xorazmshohlarning azaliy mulki bo‘lgan Iroq va Eronni o‘z izmiga kiritish, mo‘g‘ullarga qarshi kurashni davom ettirish maqsadida 1224 yilda yo‘lga otlanadi. Sulton Jaloliddin mo‘g‘ullarga qarshi birgalikda kurash olib borish maqsadida Bag‘dod xalifasi Az-Zohir so‘ngra, Al-Muntasir va boshqa Islom sultonlariga murojaat qiladi. Lekin Jaloliddinning hokimiyati kuchayib ketishidan cho‘chigan ko‘pchilik musulmon hokim, hukmdorlar u bilan ittifoq tuzishni xohlamaydilar. 1230 yil 10 avgust kuni Ko‘niya sultoni, Xims hokimi, Halab hokimi, Mayafariqin hokimi va Baynas hokimlarining birlashgan ittifoqi Jaloliddinni mag‘lub etadi. Keyinchalik sulton Mayafariqin (hozirgi Turkiyaning Silvan viloyati) yaqinida Aynaddar qishlog‘iga keladi. Ushbu tog‘lik qishloqda u kurdlar qo‘liga tushib qoladi. Jaloliddin o‘zini “sulton” deb tanishtirgandan so‘ng, uni kurdlar o‘ldirishga jazm etmaydilar. Kurdlar rahbari xonadonidan joy olgan, horib-tolgan Jaloliddinni boshqa bir kurd o‘lgan inisining xunini olish maqsadida chodirga kirib o‘ldiradi. 

Bu voqea taxminan 1231 yil avgust oyining 17-20 sanalari oralig‘ida ro‘y beradi. Ertasi kuni sultonning buyumlarni sotib yurgan kurd xususida Mayafariqin hukmdori Al-Malik Al-Muzaffarga xabar berishganda, u qishloqqa o‘z sarkardasi Shahobiddin G‘oziyni yuboradi. Shahobiddin G‘oziy sulton jasadini olib, qishloq erkaklarining barini o‘ldiradi va qishloqqa o‘t qo‘yib yuboradi. Muarrix An-Nasaviy buni eshitib shaxsan o‘zi Mayafariqinga keladi. Jaloliddinning tog‘asi, vazir O‘turxon jiyanining jasadini tanib, qattiq iztirobga tushadi. 

Jaloliddin Manguberdining murdasi o‘sha qilshloqning o‘ziga dafn etiladi. Mo‘g‘ullar bu yerga kelib, sultonning jasadini toptamasliklari uchun qabr tuproq bilan tekislab yuborilgan.

Sardor Ali Nurmatov
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

580

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing