Xorazmshohlar davlatining qulashi yoxud Chingizxon diplomatik hiylasi (1-qism)
Tahlil
−
17 iyul 2021
58557“Shuhratparastlik odamning ongini zaiflashtiradi va u o‘ziga yaqinlashib kelayotgan xatarni sezmaydi”.
Faylasuf Ezop
XIII asr boshlarida ko‘chmanchi mo‘g‘ul qabilalarini Chingizxon o‘z qo‘l ostida birlashtirib, mo‘g‘ul imperiyasiga asos soldi. Bu vaqtda, Movarounnahr zaminida XI asrda vujudga kelgan Xorazmshohlar davlati ham kundan-kunga kengayib, qudrati ortib bormoqda edi. Chingizxon 1215 yilda Xitoyni bosib olgach, mo‘g‘ul imperiyasining g‘arbiy chegarasi Xorazmshohlar saltanati bilan tutashadi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, ikki o‘rtada chiqqan nizo qonli to‘qnashuvga, oxir-oqibat Xorazmshohlar davlatining qulashiga sabab bo‘ldi. Bugungi maqolamizda Chingizxon va sulton Aloviddin o‘rtasidagi o‘zaro nizoning paydo bo‘lishi hamda mo‘g‘ullarning bosqinchilik yurishi haqida so‘z boradi.
Tug‘ilgan chaqaloq haqida aytilgan bashorat
XII asrning oxiri XIII asr boshlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotning quyi bosqichida turgan ko‘chmanchi mo‘g‘ul qabilalari katta va qudratli davlatni barpo etish uchun o‘zaro kurash olib borishayotgan edi.
Chingizxonning asl ismi Temuchin bo‘lib, u 1155 yilda tug‘ilgan. Otasining ismi Yasugay Bahodir, onasining ismi esa O‘lun xotun edi. Chingizxon onadan tug‘ilgan vaqtida o‘ng qo‘lining mushtumida bir kaft qotib qolgan qon bor edi. Kohinlar, “bu bola vaqt o‘tishi bilan zamon ahlini qatl etib, ko‘plab podshohlarni oyoqosti qiladi. Xudodan boshqa hamma uning qo‘l ostida xor bo‘ladi”, deb bashorat qilishadi. Yasugay Bahodir bu o‘g‘liga Temuchin deb ism qo‘yadi.
Chingizxon ulkan saltanatga asos solishi
Temuchin 13 yoshida otasidan ayriladi. Shu vaqtda otasiga tobe bo‘lgan barcha mo‘g‘ul qabilalari unga itoat etmasdan tashlab ketadilar. Faqatgina, katta bobosidan qolgan qabilalar Temuchinga sodiq qolishadi. U bir necha bor qabilaviy urushlarda o‘limdan qoladi. Tarixiy kitoblarda ma’lumot berilishicha, Temuchin dastlabki yurishlarida atigi 13 000 kishilik qo‘shin to‘play olgan ekan. Birin ketin naymanlar, keroitlar, totorlar, o‘ngg‘utlar, uyg‘urlar va boshqa qabilalarni o‘ziga tobe qilgan Temuchin, 1205 yilda butun Mo‘g‘uliston hududining yagona hukmdoriga aylanadi. U o‘zining hukmronligini qonuniylashtirish maqsadida 1206 yil Onan daryosining yuqori qismida qurultoy chaqiradi. Bu qurultoyda Temuchinga Chingizxon laqabi beriladi.
Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida shunday yoziladi:
“Bir kohin qurultoyga yig‘ilgan qabila sardorlari huzuriga kirib, “kecha Tangri menga xabar berdiki, jahonga yangi nasoq qilurman, jahon mulkini Temuchinga bergum. Unga Chingizxon nomini beramiz. Olam podshohlarini unga tobe qilurmiz. Qo‘r tuzgan vaqtingdan boshlab, shuni bilki, tangri senga adolat qilib, ko‘pchilik mulklarni senga berdi. Endi sen yalovingni baland ko‘tarib, odil qadam tashla. Zolimlardan mazlumlar dodini qutqaz. Kelib chiqishing gado bo‘lsa ham jahonni nopoklardan tozala, fosiqlarni yo‘qot. Aysh ahli kosasiga tuproq tashla, xashakka tortinmay g‘azab o‘tini qo‘y. Sarkashlarning boshini ko‘m, podsholar boshi oyog‘ing tuprog‘i bo‘lur. Xudo joyingni podsholar tojida belgilaydi. Tangri nomidan aytaman senga bu rozni, Haq amridan chiqmagin, seni Chingizxon deb atayman. Endi Temuchin emassan”. Bu gapni eshitgan qabila sardorlari shu zahoti egilib yer o‘pdilar.
Chingizxon laqabi turli yozma manbalarda turlicha talqin qilinadi. Xususan, Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida Chingizxonning ma’nosi “shohlarning shohi” deb keltiriladi. Tarixchi Rustam Shamsutdinovning “Vatan tarixi” kitobida esa “toza”, “quvvatli”, “kuchlilar xoqoni” degan ma’nosini anglatishi yozilgan.
Shu tariqa Chingizxon Manjuriyadan Irtish daryosigacha, Boykaldan To‘ng‘utgacha bo‘lgan hududlarda ko‘chib yuruvchi ko‘p sonli jangari qabilalarning yagona hukmdoriga aylanadi. Shundan so‘ng, Chingizxon qo‘shni davlatlarga qo‘rquv va dahshat sola boshladi. Mo‘g‘ul imperiyasining asosiy kuchi Chingizxon yurgizgan qattiqqo‘l va huquqiy jihatdan asoslangan siyosat tashkil etgan.
Chingizxon 1211-1215 yillarda Chin yurtiga qarshi bir necha bor bosqinchilik hujumlarini uyushtiradi. 1215 yil mo‘g‘ul lashkari Shimoliy Xitoyning markazi hisoblangan Chjundu (Pekin) shahrini egallab oladi. Chingizxon Yapon va Sariq dengizlaridan Irtish daryosigacha, Sibir yerlaridan Xitoygacha bo‘lgan ulkan hududlarni qo‘lga kiritadi. Shunda mo‘g‘ul imperiyasining g‘arbiy chegaralari Markaziy Osiyoda kun sayin kengayib borayotgan Xorazmshohlar davlati bilan tutashadi.
Xorazmshohlar davlati
1200 yil 3 avgust kuni Sulton Takashning o‘g‘li Aloviddin Muhammad Xorazmshohlar taxtiga chiqadi. Aloviddin Muhammad (1200-1220) yillarda hukmronlik qilib, o‘zining 20 yillik hukmronlik davrini faqat urushlar, jang-u jadallar bilan o‘tkazadi. Sulton Aloviddin 1202 yilda Marvni, Nishopur va Saraxsni egallab, 1204 yilning yanvar oyida Hirotni qo‘lga kiritadi. 1206 yilda o‘zining asosiy raqibi bo‘lgan qudratli g‘urlar davlatiga qaqshatqich zarba berib, Balx va Termizni egallaydi. 1207 yil Buxoroga qo‘shin tortib uni o‘z davlati tarkibiga qo‘shib oladi. Keyinchalik sulton Aloviddin 1211 yil qoraxitoylarga qarshi yurish qilib, ularni tor-mor etadi va Yettisuvgacha bo‘lgan hududlarni Xorazm davlati tarkibiga qo‘shadi.
Ba’zi tarixiy manbalarda, “sulton Aloviddin mamlakatda faqat rasmiy hukmdor edi, xolos. Davlatni sultonning onasi – qipchoq qabilasidan bo‘lgan Turkon Xotun boshqargan. Asosan turklardan tarkib topgan qo‘shin ham sultonga emas, aynan qirolichaga bo‘ysunardi. Davlat boshqaruvidagi sarkardalar va saroy amaldorlarining aksar qismi qipchoqlar bo‘lgan. Qipchoq malikasining qo‘lidagi muhrda “Umidin faqat Allohdan” degan yozuv bo‘lib, bu muhr, hatto Xorazimshoh Muhammad muhridan qudratli bo‘lgan. Turkon Xotun chet ellik elchilarni shaxsan o‘zi qabul qilib, mamlakatning diplomatik munosabatlarni hal etar edi”, degan ma’lumotlar uchraydi.
Xorazmshoh qo‘shinlari 1215-1217 yillarda Kermon, Belujiston, Makrom, Iroq, Mozandaron, Arron, Ozor yurti, Shivon va boshqa hududlarni egallaydi. Xorazmshoh davlatining sarhadlari Iroqdan Hindistongacha va Orol dengizidan to Hind okeanigacha cho‘zilib ketadi.
Biroq, bu g‘alabalaridan sulton Aloviddin kibrga beriladi. U qoraxitoylarni mag‘lubiyatga uchratgach, o‘zini dunyodagi eng qudratli, yengilmas podshoh, deb e’lon qiladi. Shu munosabat bilan o‘zini “Sulton Sanjar” va “Iskandari soniy” (ikkinchi Iskandar) deb atay boshlaydi.
Sulton Aloviddinning Bag‘dod sari yurish qilishi
O‘z kuchi va qudratiga ortiqcha ishonib yuborgan, o‘zini yengilmas, deb hisoblovchi sulton Aloviddin Bag‘dodni qo‘lga kiritishni istab qoladi. Buning uchun rejalar tuzib, xalifalik tomon qo‘shin tortish harakatlarini boshlab yuboradi. Kibrga berilgan Xorazmshoh Muhammad xalifalikni o‘ziga tobe qilib, o‘z nomini xalifalik markazida xutbaga qo‘shib o‘qitishga azmu qaror qilgan edi.
Mixail Ivanin o‘zining “Ikki buyuk sarkarda” kitobida sulton Aloviddinning Bag‘dod xalifaligi tomon yurishning sabablarni boshqacharoq keltirib o‘tadi.
“Xorazmshoh Muhammad G‘azna shahrini egallab olganida, hujjatlar saqlanadigan omborxondan Bag‘dod xalifasi An-Nosirning G‘azna va G‘ur hukmdorlarini sulton Aloviddinga qarshi gij-gijlovchi yozishmalari topib olinadi. Bundan g‘azablangan Xorazmshoh Muhammad xalifadan o‘zining sultonlik unvonini tasdiqlashini, uning ismini xutbaga qo‘shib o‘qishini va uning odamini Bag‘dod hokimi qilib tayinlashini talab qiladi. Ammo, xalifa bu shartlarga rad javobini beradi. Shunda sulton Aloviddin xalifa An-Nosirni jazolash uchun Bag‘dod sari qo‘shin tortgan”.
Xorazmshoh Muhammad Bag‘dodni egallab, Gurjistonni so‘ngra Vizantiya, Shom va Misrni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan edi. Biroq, xalqimizda “orzuga ayb yo‘q”, degan naql bor. Xorazmshoh ham Bag‘dod yurishiga zo‘r tayyorgarlik ko‘radi. Sulton Aloviddin 1217 yilning kech kuzida g‘arb tomon yurish qiladi. Ba’zi tarixchilarning ma’lumot berishicha, bu qo‘shinning soni 600 ming, Al-Nasaviyning ta’kidlashicha, 400 ming kishidan iborat bo‘lgan. Ammo, toleyi kulib boqmasa, yo‘l yo‘q ekan. Qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlaridan kibrga berilgan Xorazmshohga zafar nasib etmaydi. Uning lashkari Xulvon yaqinidagi Asobod dovoniga yaqinlashganida, kutilmaganda qor yog‘ib, uch kecha-yu, uch kunduz tinmaydi. Kun sovib, o‘lim keltiruvchi sovuq boshlanadi. Bu izg‘irinda Xorazm qo‘shini tutdek to‘kila boshlaydi. Oppoq qor usti o‘liklar bilan qoplanadi. Tuyalar, otlar qirilib ketadi. Ilojsiz qolgan Xorazmshoh ortga qaytishdan o‘zga chora topa olmaydi.
Chingizxonning Xorazmshoh davlati bilan munosabatlari
Tarixiy manbalarga qaraganda, Chingizxon Xitoyni bosib olishidan avval Xorazmshoh Aloviddinning ham shunday niyati bo‘lgan. Sulton Xorazmshohning kotibi (dobiri) bo‘lgan Imod Al-Mulk Tojiddin Jomiyning “Tarixi Jurjoniya” asarida aytishicha, 1214 yoki 1215 yilda Aloviddin Muhammad savdogarlardan Xitoyning g‘aroyib boyliklari haqida eshitib, uni bosib olishni rejalashtirgan. Chingizxon Xitoyni bosib olganini eshitgan Xorazmshoh bu xabar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini bilib kelish uchun Chingizxonning huzuriga o‘zining mashhur elchisi Sayid Bahovuddin Roziyni yuboradi. Ana shu davrdan e’tiboran mo‘g‘ul xoqoni va Xorazmshoh sultoni o‘rtasida ilk diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yiladi. Har ikki davlat o‘rtasida elchilik munosabatlari o‘rnatiladi. Ammo, har ikki taraf ham elchilardan ayg‘oqchilik maqsadida foydalangan.
1216 yilda Chingizxon Xorazmshoh Muhammad elchi qilib yuborgan Bahoviddin Roziyni izzat-ikrom, hurmat va tavoze bilan kutib oladi. Elchilar Xorazmga qaytayotganda, mo‘g‘ul xoqoni sulton Aloviddin uchun juda noyob sovg‘a-salomlar berib, elchiga “men – Mashriq hukmdori, sen –Mag‘ribning hukmdori. Kel, oramizda do‘stlik va tinchlik haqida qat’iy ahdnoma bo‘lsin! Ikkala davlatning savdogarlari bordi-keldi qilishsin. Mening yerlarimdagi noyob va oddiy mol-buyumlar sen tomonga, sening mollaring men tomonga kelib tursin”, deb yozilgan maktubni berib yuboradi.
O‘z navbatida Chingizxon ham javob tarzida o‘z savdo karvonlarini elchilar bilan Xorazmshoh davlatiga yuborgan. Bu savdo karvoniga elchi Mahmud Yalovich Al-Xorazmiy, Aliakbar Xo‘ja Al-Buxoriy va Yusuf Kenka Al-O‘troriylar boshchilik qilgan.
Mahmud Yalovich asli xorazmlik bo‘lgan. Ammo, u o‘z ona Vataniga xiyonat qilib, mo‘g‘ullarga sotilib ketgan edi. Tarixchi Shahobiddin An-Nasaviyning bergan ma’lumotlarga qaraganda, Chingizxon Xorazmshoh Muhammad uchun turkiy odatga ko‘ra, tuya o‘rkachi barobar keladigan quyma oltin yuborgan. Bundan tashqari savdo karvonida qimmatbaho toshlar, nusub al-xutuvv (morj tishlar), qop-qop mushk (xushbo‘y moddalar), yoqut va tarqu deb ataladigan oq tuya yungidan to‘qilgan kiyimlar bo‘lgan. Sulton Aloviddin Chingizxon yuborgan elchilarni 1218 yilning bahorida qabul qiladi. Shunda elchilar Xorazmshohga mo‘g‘ul xoqonining maktubini topshiradilar. Bu xatni Bosh vazir Nizom Ul-Mulk elchilarni qabul qilish marosimida o‘qib eshittiradi. Chingizxon yo‘llagan nomasida shunday deyilgan edi.
“Senga o‘z salomimni yo‘llayman. Men sening mamlakatingni kengligini va qudratini yaxshi bilaman. Sen ko‘plab xalqlar ustidan hukmronlik qilasan, shuning uchun sen bilan tinchlikda yashashni istardim. Men seni o‘zimning eng suyukli o‘g‘lim, deb hisoblaguchiman. Mening Xitoyni zabt etganim va undan shimolda yashovchi hamma xalqlarni bo‘ysundirganim senga ma’lum. Shuni bilginki, mening saltanatim chumoli uyasidek jangchilar uyasi hamda kumush kondir va menda birovning mulkiga egalik qilish ehtiyoji yo‘q. O‘ylaymanki, fuqarolarimizning savdo munosabatlarini rivojlantirishdan ikkimiz ham manfaatdor bo‘lamiz”.
Chingizxon sulton Muhammad bilan ilk munosabatlarni o‘rnatishdanoq diplomatik mahoratini ishga solib, uni “o‘g‘lim” deb ustunlikga erishmoqchi bo‘lgan. Albatta “o‘g‘lim” degan so‘z o‘zini “Aleksandr Soniy” (Ikkinchi Aleksandr) “Sulton Sanjar Monand” (Yaratganning yerdagi soyasi) deb atovchi Xorazmshohga yoqmaydi. Sulton Aloviddin bo‘lsa bunga qanday javob qaytarishni bilmay qoladi. Shunda Xorazmshoh Muhammad qulay fursat poylab, yurt xoini Mahmud Yalovichni o‘z huzuriga chaqiradi.
Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarayi turk” asarida shunday yoziladi.
“Sening xoning Xitoy yurtini olgani rostmu, deb bir qimmatbaho durni sulton Aloviddin bozusindin chiqarib, Mahmud Yalovichga berdi”. Bu bilan Xorazmshoh Muhammad, Mahmud Yalovichni xorazmlik bo‘lgani uchun uni Chingizxon huzuridagi o‘zining ayg‘oqchisiga aylantirmoqchi edi. U Yalovichdan Chingizxon lashkari va davlati haqida bor ma’lumotlarni aytishini talab qiladi. Shunda xoin Yalovich ayyorlik ishlatib, shunday deydi.
“Tavba qildim, ulug‘ sulton! Meni avf et! Olampanoh, sening oftob yang‘lig‘ qudratli lashkaring oldida Chingizxonning qo‘shini bir xira shamdur. Oftob-olamtob chiqqach, yuz ming sham nuri ham bir pul bo‘ladi. Sham tunda lozim, oftob hamma vaqt... Ulug‘ sulton! Men beimon emasman! Aslim ulug‘ va muqaddas xorazmlik. Sening qudrating oldida bosh egurman. Mol-mulkim Chingizxon tasarrufida bo‘lgani uchun uning xizmatidaman. Dilimda ona tuproq manfaati hukmron. Yana bir karra ona tuproq manfaati haqqi, qasam ichib aytadurmenki, meni g‘azabingga duchor etma, men faqat Yalovichmen... Elchiga o‘lim yo‘q”, deb Xorazmshohga bosh egadi.
Bundan o‘zicha xursand bo‘lgan sulton Aloviddin Chingizxon bilan shartnoma tuzishga rozilik berib, elchilarga qimmatbaho to‘n kiygizib, ortiga jo‘natib yuboradi.
Mahmud Yalovich Chingizxon huzuriga borganida Xorazmshoh bilan bo‘lgan voqeani aytib beradi. Mo‘g‘ul xoqoni esa bundan juda xursand bo‘ladi va Yalovichga Xorazmshoh Muhammad bergan qimmatbaho sovg‘alardan ham ko‘proq boylik berib, unga minnatdorlik bildiradi. Chingizxon sulton Aloviddin ustidan diplomatik g‘alabaga erishgan edi.
O‘z rejalari amalga oshganini bilgan Chingizxon fursatni boy bermasdan, o‘z minnatdorligini izhor etish va ikki buyuk davlat o‘rtasida tuziladigan shartnomani tezlashtirish maqsadida zudlik bilan Xorazmga juda katta savdo karvonini jo‘natadi. Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida yozilishicha, bu karvonda to‘rt yuz nafar musulmon savdogarlar bo‘lgan. Elchilar orqali Chingizxon sulton Aloviddinga maktub ham yuboradi. Ushbu xat “To‘rt ulus tarixi” kitobida keltiriladi:
“Ul tarafdan bozorgonlar bu diyorga kelishdi. Ularga qay tarzda e’zoz-ikrom ko‘rsatilganini o‘zlari aytishlari mumkin. Ular nimani mushohada qilgan bo‘lsalar, barchasini bayon qilsalar kerak. Bu tomondan ham bir musulmon jamoasi turli mol-u gazlama, mushk-u chiniy, zar-u nuqra, javohirlar bilan ul diyor sari yo‘naldilar. Bu ahd-u paymonada osmon-u zamin egasi ro‘yi zamin mamlakatlarini bizga va senga tortiq qilgan. Xudo bandalari borib kelishib, obodonchilik bilan mashg‘ul bo‘lmoqlari lozim. Biz-u sening, ular davri sultonlarining saxovatidan xursand va bahravor bo‘lurlarki, zamon mardumi bizu sening duoyi jonimizni qilib yashaydilar”.
Ammo, yo‘lga chiqqan savdo karvoni Urganchga yetib bora olmaydi. Uni O‘tror shahar hokimi Inalxon buyrug‘i bilan ushlab qoladilar. Yozma manbalarning guvohlik berishicha, Inalxon oltmish yoshga borgan, cho‘qqi soqol, baland bo‘yli, ortiq va chayir odam bo‘lgan. U Turkon Xotunga qarindosh bo‘lganidan G‘oyirxon laqabini olgan. Savdo karvonidagi jamoa a’zolaridan biri hind bo‘lib, ilgari juda mashhur bo‘lgan ekan. U Inalxonning oldindan tanishi bo‘lgan. Shu bois ilgaridagi odat bo‘yicha hindi lohchada shahar hokimiga Inolchuq deb murojaat qilgan. Bu so‘z shahar hokimi Inalxonga qattiq botgan. Shu boisdan Inalxon elchilar va barcha karvon a’zolarini qirg‘in qilishga buyruq beradi. Mirzo Ulug‘bek bu ishlarni “dev ko‘rsa ham lol qolar edi”, deb ta’riflagan. Faqat birgina tuyakash tasodifan tirik qolib, bo‘lgan voqeani Chingizxonga so‘zlab beradi.
Sardor Ali Nurmatov
LiveBarchasi