Xorazmda xalqaro terrorchilik guruhi fosh qilindi

3-sahifa

image

Xorazm viloyati Xiva shahrida “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining mahalliy yoshlardan iborat yashirin guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, 2003 yilda tug‘ilgan fuqaro 2020 yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi” tashkiloti emissarlari ta’siriga tushib qolgan va ularning radikal g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashni boshlagan. 2021 yilning yanvar oyidan esa u Xiva shahridagi masjidlardan biriga ibodat qilish uchun kelgan yoshlar orasida “jihodchilar” g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullgan.

Oqibatda 7 kishidan iborat guruh shakllangan va ular 1980 hamda 1982 yillarda tug‘ilgan aka-ukaga tegishli mehmonxonada o‘zaro yig‘inlar o‘tkazib kelgan. E’tiborlisi, aka-ukaning 2005 yilda tug‘ilgan bir nafardan farzandlari ham guruh a’zosi sanaladi. Yig‘inlar vaqtida ular internet orqali yuklab olingan diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining, jumladan, Abu Saloh, Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiylarning “hijrat” va “jihod”ga chorlovchi audio-video ma’ruzalari hamda da’vatlarini tinglab, o‘zaro muhokama qilgan.

Shuningdek, ular Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilganda foydalanish uchun sportning qo‘l jangi turi bilan ham shug‘ullangan. Ta’kidlanishicha, noqonuniy guruhning 1998–2005 yillar oralig‘ida tug‘ilgan a’zolari orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining talabasi hamda Xiva shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2 nafari o‘quvchisi ham bor.

Qayd etilishicha, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida guruh a’zolarining ayrimlari noqonuniy boylik orttirish maqsadida giyohvand moddalar savdosi va o‘g‘irlik jinoyatlarini amalga oshirgani ham ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, ularning mobil telefon apparatlarida davlat qonunchiligida taqiqlangan audio-video ko‘rinishidagi diniy materiallar borligi aniqlangan. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

427

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing