Xomanaiy o‘z xavfsizligini o‘ta maxfiy bo‘linmaga topshirgan – OAV

Olam

image

Eronning Oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘z xavfsizligini hatto Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) ham bilmaydigan maxsus, yuqori maxfiy bo‘linmaga ishonib topshirgan. Bu haqda eronlik rasmiylarga tayanib, “The Telegraph” nashri xabar berdi.

“Xomanaiy Isroil razvedkasi rejim saflariga chuqur kirib olgan, deb hisoblaydi. Shu sababli bu bo‘linma shunchalik maxfiy saqlanganki, hattoki IIQKning yuqori martabali vakillari ham uning mavjudligidan bexabar bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, nashr manbalaridan biri Xomanaiyning hayoti xavf ostida ekanini aytgan.

“U o‘limdan yashirinmaydi, yer ostidagi bunkerda o‘tirgani yo‘q. Ammo hayoti xavf ostida va uning xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan shunday bo‘linma borki, hech kim bu haqda bilmasligi kerak”, degan manbalardan biri.

86 yoshli Xomanaiy avval Tehronning 11-okrugida joylashgan “Yetakchilik uyi” kompleksida yashab, ishlagan. Ammo yaqinda e’lon qilingan videolar uning yashash joyini o‘zgartirganidan darak bermoqda. Endi u chiqishlarida orqa fonda ko‘pincha inqilob yetakchisi Oyatulloh Ruhulloh Xumayniyning portreti ilingan jigarrang parda fonida ko‘rinmoqda. Bu esa uning avvalgi brifinglaridan sezilarli darajada farqlanadi. 

Video tahliliga ko‘ra, bu chiqishlar IIQKning Tehron markazidagi media markazida suratga olingan bo‘lib, bu esa Xomanaiy yaqin atrofda yashayotganini yoki hattoki shu binoning ostida yashayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

“Eron rahbariyati Moskvaga qochishga tayyorlanayotgani haqida xabarlar bo‘lganiga qaramay, Xomanaiy Eronni tark etmoqchi ekaniga hech qanday dalil yo‘q. Uning Suriya sobiq yetakchisi va Eronning yaqin ittifoqchisi Bashar Asad kabi o‘tgan yil dekabrda hukumat qulashi ortidan Rossiyaga qochganidan so‘ng, bu yo‘lni tanlashi kutilmayapti”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, nashr manbasi Xomanaiyning Eronda ekani va u hech qayerga ketmasligini bildirgan.

“U Eronda, hech qayerga ketmaydi. U Asad kabi qochmaydi. Bu xorijiy tajovuz paytida xalqning ma’naviy ruhiyati uning omon qolishiga bog‘liq”, deydi manba.

Nashrning yozishicha, so‘nggi vaqtlarda Tehronda sodir bo‘lgan mashina portlashlari va Xomanaiyga yaqin ko‘plab shaxslarning halok bo‘lishi fonida, u shaharda oddiy avtomobil orqali harakatlanayotgani ham ehtimoldan yiroq.

“Xomanaiyni eng ko‘p larzaga solgan voqealardan biri 2020 yilda Eronning yetakchi yadro olimi Mohsen Faxrizodaning masofadan boshqariladigan robot-qotil yordamida o‘ldirilgani bo‘lgan. Ammo u yaqin do‘sti va ittifoqchisi bo‘lgan “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrullohning o‘limi kabi hech bir voqeadan bunchalik larzaga tushmagan”, deb yozadi nashr.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yili Isroil Bayrutdagi ko‘p qavatli binoning ostida joylashgan yerosti shtab-kvartirasiga bomba tashlab, Hasan Nasrullohni o‘ldirgan edi. Xomanaiyni bu o‘lim nafaqat do‘stining yo‘qolishi, balki Isroil razvedkasining ma’lumot manbasi ham bezovta qilgan. Chunki Nasrullohning joylashuvi haqidagi ma’lumot “Hizbulloh”dan emas, balki bevosita Tehrondan chiqqani taxmin qilinmoqda. Bunday nozik tafsilotlar faqat eng yuqori darajadagi ma’lumotga ega odamdan sizib chiqishi mumkin edi.

“Isroil Xomanaiyning harakatlari haqida ma’lumot to‘plashga yillar sarflagani aniq. Har qancha elektron qurilmalardan qochmasin, Xomanaiy atrofigidagilar bundan foydalangan. Telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron xatlar va shifrlangan trafik Isroil razvedka tahlilchilari tomonidan doimiy kuzatuvda bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

Nashrga ko‘ra, sun’iy intellekt tizimlari bu ma’lumotlarni tahlil qilib, Xomanaiyning taxminiy joylashuvi va harakatlaridagi mantiqni aniqlaydi. Keyin esa yo‘q qilish operatsiyasi turli shakllarda bo‘lishi mumkin: dron hujumi, ko‘chada suiqasd yoki havo zarbasi. Hatto AQSH 2011 yilda Usoma bin Lodenni yo‘q qilganidek, vertolyot orqali maxsus kuchlarni safarbar qilish ehtimoli ham istisno qilinmaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 iyun kuni Eronning “Iran International” nashri manbalariga tayanib, Oliy rahbar Ali Xomanaiy 13 iyun ertalabki Isroil zarbalaridan bir necha soat o‘tib, Tehronning shimoli-sharqidagi Lavizan tumanida joylashgan bunkerdan boshpana topganini xabar qilgandi.

Shuningdek, 15 iyun kuni “The Wall Street Journal” nashri Isroil rasmiylariga tayanib, mamlakat Eronning yadroviy dasturiga barham berish maqsadida har qanday nishonni, jumladan, Oliy rahbar Xomanaiyni ham nishonga olish ehtimolini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi. Nashr manbalariga ko‘ra, Isroil zarbalari nafaqat yadroviy infratuzilmaga, balki Eronning siyosiy va harbiy barqarorligini izdan chiqarishga qaratilgan.

Shuningdek, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 16 iyun kuni Amerikaning ABC News telekanaliga bergan intervyusida Xomanaiy o‘ldirilsa, bu Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirmasligini, balki bu mojaroga barham berishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing