Xitoylik amaldorlarga chet elda aktivlarga ega bo‘lish taqiqlandi

Olam

image

Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) oila a’zolari xorijda yirik mol-mulkka ega bo‘lgan yuqori martabali amaldorlarning lavozimi ko‘tarilishini to‘xtatib qo‘yadi. Bu haqda “The Wall Street Journal” bu masaladan xabardor odamlarga tayanib, xabar berdi.

WSJ suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, XKP Markaziy Qo‘mitasi tashkiliy bo‘limining ichki yo‘riqnomasi mart oyida e’lon qilingan. Unga ko‘ra, vazirlik darajasidagi mansabdor shaxslarining turmush o‘rtoqlari va farzandlariga xorijda ro‘yxatdan o‘tgan har qanday ko‘chmas mulk yoki korxonalardagi ulushlarga bevosita yoki bilvosita egalik qilish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, nashrga ko‘ra, yuqori martabali amaldorlar va ularning yaqin oila a’zolari ham o‘qish yoki ishlash kabi qonuniy sabablarga ega bo‘lmasa, xorijiy moliya institutlarida hisob ochish taqiqlanadi.

Nashrning qayd etishicha, ayrim yuqori martabali amaldorlarning oila a’zolari allaqachon o‘z ixtiyorida bo‘lgan xorijiy kompaniyalar aksiyalarini sotib yuborishgan.

Shu yilning yanvar oyida XXR raisi Si Szinpin: “Yetakchi kadrlar, ayniqsa, yuqori lavozimdagilar oilaviy tartib-intizom va odob-axloq qoidalariga e’tibor qaratishlari kerak. Ular o‘rnak bo‘lishlari, mas’uliyatli bo‘lishlari, biznesni halollik bilan olib borishlari kerak”, degandi.

Qayd etish kerakki, Xitoy rahbariyatining bu kabi cheklovlari ehtimoliy sanksiyalar ta’sirini kamaytirish uchun joriy etilgani bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

99

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing