O‘zbekistonga Xitoydan saratonni qo‘zg‘atuvchi mandarin ko‘chatlari olib kelingan
Jamiyat
−
13 mart 2020
15309Xitoy davlatidan import qilingan yuklarni karantin ko‘rigidan o‘tkazish davomida fitosanitar sertifikati va karantin ruxsatnomasi bo‘lmagan jami 6 tup, umumiy og‘irligi 540 kilogramm miqdoridagi mandarin daraxti borligi aniqlandi. Bu haqda “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi QALAMPIR.UZ`ga ma’lum qildi.
Tadbir jarayonida mandarin daraxtidan namuna olinib, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi Markaziy karantin labaratoriyasiga yuborildi. Ekpertiza xulosasiga ko‘ra, o‘simlikning poya, barg hamda meva qismida “Ksentomonas kampestris sitri” (Xanthomonas campestris pv, citri (Hasse) Dye) – bakterial saraton kasallik qo‘zg‘atuvchisi belgilari mavjud ekan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi hududini o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 2 bob, 7 bandiga asosan, mahsulotda karantin ruxsatnomasi yo‘qligi va fitosanitar talablari bajarilmagani sababli daraxtlar yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.
Amaldagi qonunchilikka asosan, o‘simlik va daraxt ko‘chatlari, turli urug‘lik mahsulotlari, meva-sabzavotlarni xorijdan import qilayotgan tadbirkor yoki fermer maxsus karantin ruxsatnomasini olishi shart. Bu jarayonda tadbirkor mahsulotni import qilishidan avval O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga elektron tarzda ariza taqdim etadi va ushbu murojaat 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Karantin ruxsatnomasining amal qilish muddati – berilgan kunidan boshlab 30 kungacha (tadbirkor ariza berib ushbu muddatni uzaytirishi mumkin).
“Ushbu sa’y-harakatlarni amalga oshirishdan eng asosiy maqsad mamlakatimiz aholisi, ekin maydonlari hamda meva va sabzavotlarini zararli organizmlardan muhofaza qilishdir”, deyiladi “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi xabarida.
LiveBarchasi