Xitoydan kelganlar qayerga joylashtirildi? Sharoit qanday? (fotoreportaj)
Jamiyat
−
07 fevral 2020
10771Avval xabar qilganimizdek, Xitoydan uchta charter reys orqali Toshkentga olib kelingan fuqarolar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra,14 kun davomi (kasallikning yashirin davri)da tibbiy kuzatuvga olish maqsadida maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi.
Ushbu muassasalarga joylashgan fuqarolar bu yerdagi yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun. Misol uchun “Bo‘ston” sanatoriysiga joriy yil 4 fevral kuni Xitoyning Pekin shahridan olib kelingan 250 nafar fuqaro joylashtirildi. Mazkur tadbirlarga tegishli tartibda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan sohaning yetakchi va tajribali mutaxassislari jalb etildi.
Ma’lumki, “Bo‘ston” sanatoriysi mamlakatdagi dam oluvchilar uchun barcha qulaylikka ega va yetarli shart-sharoitlar bilan ta’minlangan sihatgohlardan biri hisoblanadi.
“Xitoydagi nufuzli universitetda o‘qiyman. Koronavirus epidemiyasi tufayli, ochig‘i, boshida judayam xavotirlandim. Shunday qiyin paytda Prezident tashabbusi bilan charter reysi tashkil etilganligini eshitib, rosti, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Biz joylashgan muassasada barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan, o‘rin-joylar, oziq-ovqatlar, zarur dori-darmonlar, diagnostika, dezinfeksiya, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta’minlangan. Kelgan fuqarolarning kiyimlarini sifatli yuvish uchun kirxona, tibbiy anjomlarni sterilizatsiyadan o‘tkazish uchun alohida punkt va avtotransportlar uchun dezinfeksiya maydoni va dezinfeksion vositalar zaxirasi yaratilgan”, deydi navoiylik Mehriddin Zoirov.
Tibbiy kuzatuvdagi fuqarolarning termometriyadan o‘tkazish, niqoblarni o‘z vaqtida almashtirish va xonalarni shamollatish hamda namli tozalash ishlarini o‘tkazilishi malakali epidemiologlar tomonidan nazoratga olingan. Yuqumli kasalliklar shifokorlari tomonidan ikki mahal tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda.
“Epidemik vaziyat beqaror hududdan yurtimizga olib kelishgani uchun Prezidentimizga, barcha tashkilotchilarga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Ayni paytda sog‘ligimizda hech qanday muammo yo‘q, axir sanatoriyda dam olyapmiz. Bu yerda bo‘sh vaqtimizni samarali o‘tkazish uchun kutubxona tashkil etildi. Sport bilan shug‘ullanishlari uchun ham barcha sharoit yaratildi. Shuningdek, dezinfektor mutaxassislar tomonidan kuniga ikki mahal yotoqxonalar, vannaxonalar va oshxona zararsizlantirilmoqda. Oshxonada ishlatilgan idish-tovoqlarni zararsizlantirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda”, deydi poytaxtlik Farruh Ismatullayev.
Qayd etilishicha, ayni paytda koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar vaqtincha to‘xtatilgan. Koronavirus infeksiyasi qayd etilgan davlatlardan kelayotgan yo‘lovchilar 12 ta aeroport, 5 ta temir yo‘l hamda davlat chegaralarini kesib o‘tish joylaridagi 53 ta Sanitariya karantin punktlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yo‘lovchilarning vaqtincha turar joy markazlari yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining bosh ofisiga +998 (71) 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, Toshkent davlat stomatologiya instituti ma’muriyati binosida (eski ToshMI) call – markaz tashkil etilib, unda Xitoydan olib kelingan o‘zbekistonliklar o‘z oila a’zolari, yaqinlari bilan 30 ga yaqin video konferensiya aloqalari yordamida to‘g‘ridan – to‘g‘ri muloqot qilishlari mumkin.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15