Xitoydagi namoyishlarga qarshi yangi choralar ko‘rilmoqda
Olam
−
30 noyabr 2022 5530 2 daqiqa
Xitoy hukumati koronavirusga qarshi qo‘shimcha emlashni amalga oshirishga qaror qildi. Bu haqda Euronews nashri xabar berdi.
Hukumat buni kasallikning yana avj olgani bilan bog‘lamoqda. Qaror Pekinning COVID-19’ga qarshi kurashdagi qat’iy siyosatining asosiy tamoyiliga aylangan cheklovlarga qarshi namoyishlar fonida qabul qilindi.
“Biz hech qanday qarshi ko‘rsatmaga ega bo‘lmagan va emlash mezonlariga javob beradigan odamlarni, ayniqsa keksalarni imkon qadar tezroq COVID-19’ga qarshi emlashni taklif qilamiz. Boshqa hamma imkon qadar tezroq qayta emlanishlari kerak”, deydi Favqulodda vaziyatlarda sog‘liqni saqlash departamenti direktori Guo Yanhong.
Shuningdek, kuchaytirilgan politsiya patrullari Shanxayning namoyishlar bo‘lib o‘tgan hududlarida tozalash ishlari olib bormoqda va tartib o‘rnatmoqda. Shu bilan birga, Gonkongdagi namoyishchilar mamlakatning boshqa shaharlaridagi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Hukumatga qarshi kampaniyaga aylangan norozilik harakatlari butun mamlakat bo‘ylab tarqalgach, Xitoy hukumati koronavirusga qarshi kurash choralari yumshatilganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoydagi norozilik namoyishlari Shinjon–Uyg‘ur muxtor viloyatining Urumchi shahridagi turar-joy binosida sodir bo‘lgan yong‘indan keyin boshlangan edi. 24 noyabr oqshomida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida o‘n kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz kishi jarohatlangan. Guvohlarning qayd etishicha, cheklov choralari tufayli xonadonlarning eshiklari to‘sib qo‘yilganligi oqibatida odamlar yong‘indan qochib qutula olmagan. Xitoy hukumati esa bu ma’lumotni rad etadi.
Alibek Beyjanov
Live
Barchasi