Xitoydagi kimyo zavodida katta portlash sodir bo‘ldi (video)

Olam

image

Bugun, 27 may kuni Xitoyning sharqiy qismida joylashgan Shandun viloyatidagi kimyo zavodida katta portlash yuz berdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, portlash Veyfan shahrida joylashgan Shandong Youdao Chemical kompaniyasining sexida tushdan oldin sodir bo‘lgan. Hodisa joyiga 200 dan ortiq favqulodda vaziyat xodimlari yetib borgan.

Portlash oqibatida osmonga qalin tutun ko‘tarilgan, ammo jabrlanganlar yoki qurbonlar haqida hozircha aniq ma’lumot berilmagan.

Ushbu halokat Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida zaharli gaz ta’siri xavfi bo‘yicha muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mahalliy hukumat vakillari tezkorlik bilan yong‘inni o‘chirish, portlash oqibatlarini bartaraf etish va jabrlanganlar sonini aniqlash bo‘yicha favqulodda xizmatlarga topshiriq bergan.

Ayrim mahalliy ommaviy axborot vositalari portlash oqibatida derazalar romlari bilan birga sinib ketgani, portlash kuchi ba’zi aholi yashash joylaridagi buyumlarni ko‘chaga chiqarib yuborganini xabar qilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha milliy vazirlik bergan bayonotga ko‘ra, hodisa joyiga 55 ta maxsus texnika va 232 nafar favqulodda holat xodimi yuborilgan. Ta’kidlanishicha, Veyfan Ekologik muhit byurosi portlash yuz bergan hududda ekologik testlar o‘tkazish uchun o‘z xodimlarini safarbar qilgan. Shuningdek, byuro yaqin-atrofdagi aholiga niqob taqib yurishni maslahat bergan.

Sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng Shandong Youdao Chemical kompaniyasining aksiyalari bugun tushdan keyin deyarli 4 foizga tushib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, 26 aprel kuni Eronning Bandar-Abbos shahri yaqinidagi Shahid-Rajai dengiz porti hududida kuchli portlash sodir bo‘lgan edi. Bir necha konteyner portlashi oqibatida 40 kishi halok bo‘lgan, 1000 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Ayrim OAV portlash kimyoviy moddalar va raketa yoqilg‘isiga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish oqibatida sodir bo‘lgani haqida yozdi. Biroq rasmiy Tehron buni rad etdi.

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing